O‘zidan asorati xavfli yoki glaukoma qanday dard?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra yer yuzida ko‘zi ojiz bemorlar 65 million nafar bo‘lib, ulardan 19-20 foizini glaukoma bilan xastalanganlar tashkil etadi. Kasallikni erta aniqlash, uni to‘g‘ri davolash va oldini olish choralari oftolmologiyaning hamon dolzarb mavzusi bo‘lib kelmoqda. Odam ko‘z kasalliklari bilan xastalanmasligi uchun nima qilishi lozim? Ko‘zni asrab-avaylash bilan bog‘liq qanday maslahatlarga muhtojsiz? Biz shu haqida tibbiy ma’lumotga ega bo‘lish uchun Toshkent shahri, Uchtepa tumanida faoliyat yuritayotgan tajribali oftolmolog, tibbiyot fanlari nomzodi Ravshan MIRXOLIQOV bilan suhbatlashdik:

 

Glaukoma kasalligi haqida to‘xtalib o‘tsangiz. Ushbu dardning kelib chiqishning asosiy sabablari nimalarga bog‘liq?

Bu dard surunkali rivojlanib boruvchi ko‘z kasalligi hisoblanadi. Xastalik asosan ko‘z ichi bosimining ko‘tarilishi bilan kechadi. Glaukomaning kelib chiqishi rivojlanishi bo‘yicha ko‘zdagi suyuqlik almashinib turishining buzilishi, ko‘ruv asab tolasi va ko‘z to‘qimalarida oziqlanishning buzilishi sababli bemorning ko‘rish qobiliyati pasayishidir. Kasallik o‘z vaqtida davolanmasa, ko‘rish qobiliyatining tiklab bo‘lmaydigan darajada pasayishi, hattoki, ko‘rlikka olib kelishi kuzatiladi. Jahon miqyosida tiklab bo‘lmaydigan ko‘rlikning yetakchi sabablaridan biri ham ushbu xastalik hisoblanadi.

Insonlarda glaukoma kasalligining kelib chiqish sabablari hanuzgacha aniqlanmagan. Hozirgi kunda bu ko‘z xastaligining paydo bo‘lib, rivojlanishiga olib keladigan bir qator omillar aniqlangan. Xastalikka asosiy moyillik omillaridan biri – bu insonning yoshidir.

Glaukoma ko‘proq 35-40 yoshdan oshgandan keyin uchraydi va yosh oshgan sari kasallikka moyillik kuchayadi. Dardning kelib chiqish omillaridan yana biri, bu yaqin qarindoshlarda glaukomaning mavjudligidir. Yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, arterial giper va gipotenziya, vegetativ tomirlar distoniyasi, migren (shaqiqa) – boshning yarmi og‘rishi va shu kabi kasalliklar ham glaukomaning kelib chiqishi va rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ko‘zning normal faoliyati uchun uning ichki bosimi me’yorida – doimo bir xil bo‘lishi lozim. Sog‘lom kishilarda ko‘z ichki bosimi 15 mm. simob ustunidan 25 mm. simob ustunigacha teng bo‘ladi. Aytish lozimki, ko‘z ichki bosimi har bir odamda o‘ziga xos bo‘lib, 1,2 mm. simob ustunigacha o‘zgarib turishi mumkin. Yosh ulg‘ayishi bilan bunday bosimning oshishi 1-1,5 mm. simob ustunigacha ko‘tariladi. Ayollarda esa erkaklarga nisbatan bu ko‘rsatgich oshiqroq bo‘lishi mumkin. Glaukoma kasalligi yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda, bolalarda, o‘smirlarda, keyinchalik barcha yoshlarda uchrashi mumkin. Tug‘ma va bolalar glaukomasi bilan oftolmolog-pediatr shug‘ullanadi.

Glaukomaning asosiy belgilaridan biri, ko‘z ichki bosimining oshishidir. Ko‘z ichki bosimini oshib, ko‘rish maydonining torayishi, ko‘ruv asab tolasidagi o‘zgarishlar ko‘rish qobiliyatini pasayishiga olib keladi.

Xastalik yana qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?

Yana o‘qing:  Toshkentda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakolatxonasi ochiladi

Afsuski, xastalikning boshlanishi va uning davom etishi ko‘pchilik hollarda sezilarsiz bo‘lib, bemorni hech nima bezovta qilmaydi. Bu bosqichda faqat oftolmologlar kasallikning boshlang‘ich alomatlarini ko‘zni chuqur tekshirib, uning ichki bosimini o‘lchash yo‘li bilan aniqlashi mumkin. Vaqt o‘tishi bilan kasallikning ayrim belgilari paydo bo‘lib, ular bemorni bezovta qila boshlaydi. Bunda ko‘rish maydonida ayrim nuqsonlar paydo bo‘ladi. Ya’ni, u atrof-muhitdagi bir ob’yektga qaraganda, tasvirning ayrim qismlari tushib qolishi va ularning ko‘rinmay qolishini kuzatish mumkin. Vaqt o‘tishi bilan nuqsonlar ko‘payib boradi va atrof-muhitning yanada ko‘p qismi ko‘rinmaydi. Bu holat odamga nafaqat salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki turli holatlarda xavf ham tug‘diradi. Natijada, glaukoma kasalligi to‘liq ko‘rlikka olib kelishi mumkin.

Kasallikni muvaffaqiyatli davolash mezonlari qanday?

Xastalik o‘z vaqtida davolab borilmasa, uning belgilari og‘irlashib oqibatda ko‘rlikka olib keladi. Erta olib borilgan davo choralari glaukoma kasalligini to‘xtatishga va bemorning mehnat qobiliyatini hamda uning to‘laqonli hayot kechirishi uchun yordam beradi. Bunga shifokor-oftolmolog tavsiyalarining qat’iy bajarilishi va davolanishni uzviy ta’minlash asosida erishish mumkin. Glaukomani davolash uchun asosiy uchta usul mavjud: dori-darmon vositalari (ko‘z uchun tomchi dorilar) lazer va jarrohlik amaliyoti bilan davolash. Bunda shifokor har bir bemorni individual holatdan kelib chiqqan holda, qator omillarga tayanib, davolashning eng optimal yo‘llarini va dori vositalarni tanlab berishi mumkin. Eng yaxshi natijalarga erishish uchun mutaxassis tavsiyalarini aniq bajarish zarur.

Ko‘z ichki bosimini pasaytiruvchi tomchilarni buyurish glaukomani davolashining boshlang‘ich usulidir. Agar ko‘z shifokori maxsus tomchi dorilarni ko‘zga tomizishni buyurgan bo‘lsa, ularni doimiy ravishda to‘xtatmay uzluksiz tomizib turish zarur. Ko‘zga o‘zboshimchalik bilan dori tomizish yoki tomizmaslik ko‘rish qobiliyatini tiklanmaydigan yomonlashuviga olib kelishi mumkin. Unutmaslik kerakki, hech bir alternativ dori-darmonsiz davolanish, shuningdek, parhez tutish, badantarbiya mashg‘ulotlari va oziq-ovqatga qo‘shimchalar kiritish, oftolmolog tomonidan belgilangan davo muolajalari o‘rnini bosa olmaydi.

Agar dori vositalari yordamida kerakli samaraga erishilmasa, lazer bilan davolanish tavsiya etiladi. Lazer bilan davolash ambulatoriya sharoitida olib boriladi va amaliyot jarayoni bir necha daqiqani tashkil etadi. Ayrim holatlarda bunday davolash usuli yaxshi samara bermasligi mumkin. Yuqoridagi davolash usullari yordam bermaganda va kasallikning avj olishini to‘xtatish maqsadida jarrohlik amaliyoti tavsiya etiladi. Bugunga qadar xastalikni to‘liq davolash usuli ma’lum emas. Kasallik belgilari rivojlanishini to‘xtatish muvaffaqiyatli davolash hisoblanadi.

 

Yana o‘qing:  Anor ekish va parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar

Salomatlik uchun bu muhim:

 

Glaukomaning erta bosqichlarida bu dard insonning odatdagi turmush tarzini chegaralab qo‘ymasligi mumkin. Biroq, bemorlar quyidagi tavsiyalarga qat’iy rioya qilishlari zarur.

  • Ishlash yoki o‘qish jarayonida chiroq odamning chap tomonida joylashgan bo‘lib, yorug‘lik yetarli darajada bo‘lishi kerak. Har bir soat ichida 10-15 daqiqa tanaffus qilish kerak.
  • Ko‘zlar uchun tavsiya etiladigan maxsus mashqlar juda muhim bo‘lib, ayniqsa, devor yuzasida faraz etilgan xayoliy doira ichida ko‘zlarni oldin bir tomonga va qarama-qarshi tomonga harakatlantirish zarur.
  • O‘zingizni umumiy holatingizni diqqat bilan kuzating. Yurak va o‘pka kasalligining xuruji, qandli diabet, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, jigar xastaliklari ko‘zga salbiy ta’sir etishi mumkin.
  • Bemor bo‘yni yoki gavdasi egilgan holatda uzoq muddat harkatsiz turishi yoki o‘tirishi tavsiya etilmaydi.
  • Salbiy odatlar ya’ni, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, kashandalik, giyohvandlik nafaqat umr zavoli balki glaukoma rivojlanishiga zamin yaratishi mumkinligini ham unutmang.
  • Quyosh yorug‘ligida undan saqlaydigan qora ko‘zoynaksiz uzoq muddat yurish maqsadga muvofiq emas.
  • Tunda tinch uxlash juda muhim. Yotishdan oldin xona shamollatilishi, kechqurun toza havoda sayr qilish tavsiya etiladi.
  • Glaukomada parhez tutish shart emas. Ammo ratsional ovqatlanish kerak. Tarkibida beta-karotin, A vitamini (sabzi, chernika, petrushka va h. k.) bo‘lgan mahsulotlarni shuningdek, V guruh vitaminlari tarkibida mo‘l bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol etish tavsiya etiladi.
  • Har bir xasta kishi oftolmolog ko‘rigidan 3 va 6 olti oyda bir marta o‘tishi lozim.

 

Maryam QODIROVA suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: