Bahorning shirin tashvishlari

“Ilik uzildi” ning oldini qanday olish mumkin?

 

Ko‘klamda asta-sekin borliq uyg‘ona boshlaydi. Ha, demay yurtimizga Navro‘z tashrif buyuradi. Yer qiziy boshlashi bilan qurtu qumursqaga ham jon kiradi. Mudroq dalalarda, ariqlar bo‘yida, dalayu dashtda, tog‘larda yalpiz, jag‘-jag‘, ismaloq, otquloq, beda, qizil va dumba sho‘ra, hilol, mator (mador), momaqaymoq kabi ko‘plab darmonbaxsh ko‘katlar bo‘y cho‘zadi.

Shuningdek, qo‘ziqorin terish fasli ham yaqinlashib qoldi. Ammo, bahorning tansiq taomlari bo‘lmish ko‘k somsa, chuchvarayu xonim, varaqi tayyorlashga hozirlik ko‘rayotgan uy bekalari albatta, har bir giyohning biokimyoviy tarkibi bilan tanish bo‘lsalar foydadan xoli bo‘lmaydi.

Zero, me’da-ichak tizimida yallig‘lanish va yarasi mavjud bemorlarga yalpiz va ko‘k piyozni iste’mol qilish mumkin emas. Jag‘-jag‘ o‘simligi tarkibida esa K vitamini ko‘p bo‘lganligi sababli u qonni yanada quyultirib yuboradi. Qoni quyuq insonlarda tromb (qon laxtasining tomirlarda tiqilib qolishi xavfi) hosil bo‘lishini kuchaytirib yuboradi. Otquloq, ismaloq, shovul kabi shifobaxsh giyohlarning ham yangi unib chiqqan yashil maysalari shifobaxsh, turli darmondorilar hamda mikro va makroelementlarga boy. Biroq, ularning ham biroz vaqt o‘tgach poya va barglari qota boshlasa biling-ki, ushbu ko‘katlar tarkibida shovul kislotasi ko‘payib ketadi. Bu esa buyrak – tosh xastaligiga duchor bo‘lgan xastalar sog‘lig‘i uchun xatarli.

Bahor faslining yana injiqliklaridan biri goh havoning isib, goh sovushi va yana uning o‘zgarishi natijasida magnit bo‘ronlarining inson organizmiga salbiy ta’sir etishidir. Ayniqsa, bu faslda xiltlar qo‘zg‘aladi. Qishdan toliqib chiqqan odam organizmi “ilik uzildi” davrida darmondorilarga ko‘p ehtiyoj sezadi. Ko‘klamning o‘zgaruvchan ob – havosi ta’sirida o‘zini lanj va behol sezgan, shuningdek, boshi og‘rib, qon bosimi tushib yo ko‘tarilib turuvchi bemorlarga huda – behudaga sun’iy, kimyoviy dori vositalarini iste’mol qilmasdan o‘zlarining ichki ovozlariga ham quloq tutishlarini tavsiya etamiz. Ya’ni, organizmning o‘zi unga nima kerak ekanligini sizga u yoki bu narsani ko‘ngil tusashi kabi belgi bilan bildiradi.

Magnit bo‘ronlari ko‘tarilganida (bu haqida Gidrometerologiya markazi oldindan xabar beradi) odamning boshi og‘rib, ko‘ngli ayniydi. Ba’zan bemorning uyqusi keladi. Shunday paytda oziq-ovqat do‘konlarida sotiladigan jigarrang olma sirkasidan oyoq panjalaridan to tizzalargacha surtib, ularni yaxshilab uqalash lozim. Chunki ushbu muolaja sababli oyoqlardagi qon tomirlar kengayadi va qon yaxshi aylanadi. Qoni quyuq bemorlar bunday ob-havoda aziyat chekishadi. Shuning uchun ular qonni suyultirish chora-tadbirlarini ko‘rishlari lozim. Xom va sarxil meva-sabzavotlarni ko‘p iste’mol qilish va poliz mahsulotlarini tanovul etish ham qonni suyultiradi. Ko‘p go‘sht yeyish qonni quyultirib yuboradi. Agar organizm shuni talab etsa, unda albatta, bu mahsulotni sirka sepilgan piyoz bilan iste’mol qiling va ko‘k choy iching. Shunda go‘shtning zararli ta’siri kesiladi. Uyg‘ur pazandachiligida badhazm, go‘shtli va xamirli ovqatlar tanovul etilganda uzum g‘o‘rasidan tayyorlangan sirka ishlatiladi.

Yana o‘qing:  Qiymali qozon kabob

Yana qonni tabiiy meva sharbatlari, o‘simlik yog‘i solingan qizil lavlagi salati, quruq mevalardan tayyorlangan kompotlar ham suyultiradi. Bahorda kunlar isib, quyosh charaqlagan kunlarda zuluk qo‘ydirish (giriudoterapiya), xijoma qildirish (qon oldirish) organizmda qonning yangilanib, insonning yosharishiga turtki bo‘luvchi omillardan biridir. Umuman olganda qon quyulishi va qabziyat (ich qotish) avvalo, noto‘g‘ri ovqatlanish hamda kamharakatlik sababli yuzaga keladi. Qabziyatning salbiy ta’siri sababli bavosil (gemoroy) xastaligi rivojlanadi. Sog‘lom odamning ichi har kuni va ravon keladi. Axlatining ranggi esa qizg‘ish, shafaq rangida bo‘ladi. Nosog‘lom odamda esa buning aksi kuzatiladi. Ich qotishi natijasida organizm zaharlanadi. Bemorning boshi og‘riydi. Ba’zan uning ko‘ngli behuzur bo‘ladi. U esa sababi qabziyatdan ekanligini anglamaydi va bosh og‘rig‘iga qarshi dori vositalarini ichadi. Bu sun’iy dorilar esa yurak va buyraklarga zarar yetkazadi.

Shunday paytda xasta odam dag‘al tolali ya’ni, tarkibida kletchatka mo‘l bo‘lgan qora, kepakli non, qizil lavlagili salat, bug‘da pishirilgan qand lavlagi iste’mol qilishi kerak. Arpabodiyon urug‘i solib ivitilgan turshak ham ichni yurishtiradi. Meteroizm (ichaklarda yel to‘planishi)ning oldini olish uchun doimo arpabodiyon urug‘idan damlama ichish zarur. Buning uchun bir choy qoshiq urug‘ni yarim litrlik choynakka solib, choy o‘rnida damlanadi. Keyin damlamaning usti qalinroq sochiq bilan o‘rab qo‘yiladi. Uni kechqurun damlab qo‘yib, ertalab och qoringa ko‘ngil tusagunicha ichish lozim. Shifobaxsh arpabodiyon urug‘i, shuningdek, ona sutini ham ko‘paytiradi va go‘dakning ichi dam bo‘lishining oldini oladi.

Qabziyatda xalq tabobatida tabiiy surgi va dorilar qo‘llaniladi. Makkai sano o‘simligi (dorixonalarda sotiladi), xona xaroratida turgan qatiq yoki tvorog zardobini och qoringa ichish, shaftolining yerga to‘kilgan gullaridan chuchvara tayyorlab, iste’mol qilish ham ichni suradi. Nahorda gazsiz mineral suv ichish, ichni tozalaydi. Har qanday surgi vositasidan foydalanishdan uch kun avval, go‘shtli, quyuq va badhazm taomlar tanovul etilmaydi. Uning o‘rniga yengil hazm bo‘luvchi, parhez, yorma donli mahsulotlar (grechixa), suli (perlovka), yasmiq (chechevitsa)dan parhezli ovqatlar uyda boqilgan tovuq va kurka go‘shtidan sho‘rva tayyorlab iching. Shuningdek, sarxil meva – sabzavotlardan salatlar iste’mol qiling. Surgi nafaqat ichaklardagi xiltlarni tozalaydi, balki u qonning tarkibini ham yaxshilaydi. Yuzdagi dog‘larni yo‘qotadi hamda terini yoshartiradi.

Yana o‘qing:  BIRYANI

XX asr oxiri va XXI asrda insoniyatning oyog‘i yerdan uzilib qoldi. Atrofimiz to‘la sun’iy mahsulotlar. Biz ota-onalarimiz iste’mol qilgan tabiiy tut mayiz, qovun qoqi va turli mevalar qoqisi, shuningdek, qand lavlagi, uzum hamda tut shinnisi o‘rniga turli sun’iy bo‘yoqlar solingan konfetlar va ichimliklarni xush ko‘ramiz. Yilda bir marta mazza qilib issiq tuproq, shag‘al, qum yoki tog‘u toshlarda oyoq yalang yurganimizni eslay olamizmi, aziz yurtdoshlar?! Holbuki, qishloqlarda o‘sgan tengdoshlarim tizza bo‘yi bilqillagan, mayin tuproq kechib dalaga borganlarini yodga olsalar kerak. Qadim Sharqning mashhur allomasi, tabobat ilmi sultoni Abu Ali ibn Sino davrida erkaklarda prostatit xastaligi uchramagan ekan. Chunki, hamma kuchli jins vakillari ot, xachir, eshak minishgan. Odamlar ko‘proq piyoda yurishgan. “Hayot – harakatdan iborat”, deyishadi donishmandlar. Zero, Ibn Sino bobomiz ham shogirdlariga qarata: “Men o‘zimdan so‘ng to‘rtta tabibni qoldirayapman”, deydi. “Bular quyosh, toza havo, suv va badan tarbiyadir”.

Ko‘klam faslida organizmdagi vitaminlar va makro hamda mikroelimentlar zaxirasi kamayganda azaldan ota-bobolarimiz, momolarimiz yorma va undirilgan bug‘doydan halim, sumalak kabi taomlar tayyorlashgan.

Turli xil donlardan shifobaxsh va to‘yimli go‘jalar pishirishgan. Dasturxonlarga turli bahoriy ko‘klardan taomlar tortilgan. Uyg‘onish faslida hamma jonli mavjudot harakatga tushib qoldi. Siz ham o‘z salomatligingizni asrash uchun intiling. Zero, harakat tufayli qoningiz yurishadi, umringiz uzayadi, sog‘lig‘ingiz tiklanadi.

Badqovoq va doimo hayotdan noliydigan, noshukur odamlardan uzoqroq yuring. Chunki ular sizning hayotiy quvvatingizni “so‘rib oladi”. Oqibatda siz o‘zingizni behol sezasiz. Unday insonlar suhbatidan ko‘ra ochiq havoda sayr qiling. Mazmunli va yaxshi kitob o‘qing. Kitob magazinlarini aylaning. Yoki o‘zingiz sevgan biror mashg‘ulot bilan shug‘ullaning. Yaqin jonu jigarlaringiz diydoriga oshiqing. Umuman olganda hayotdan zavq olib yashang. “Ilik uzildi” davrida iligingiz to‘q bo‘lishini istasangiz baliq, bedana tuxumi, sut va qatiq mahsulotlarini iste’mol qilishni ham kanda qilmang. Ziyoratgohlar, qir-adirlar, tog‘lar bag‘rida ulkan hayotiy quvvat mujassam. To‘rt mucham sog‘lom bo‘lsin, desangiz sayohatga chiqing.

 

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: