ZIKA ISITMASI QANDAY KASALLIK?

Uning oldini olish mumkinmi?

Zika isitmasi – virus qo‘zg‘atadigan, asosan maymunlarda uchraydigan, ba’zida odamlarga chivinlarning ma’lum bir turi chaqishi orqali yuqadigan, isitma va intoksikatsiya (organizmning umumiy zaharlanishi) bilan kechadigan, yengil shaklda o‘tadigan o‘tkir zooantroponoz endemik yuqumli kasallikdir.

Bu xastalik virusi ilk bor 1948 yilda Uganda davlati hududida joylashgan o‘rmonlarda uchraydigan makaka – rezus maymunlaridan ajratilgan. Virus Zika o‘rmoni hududida ajratib olingani bois “Zika virusi” deb, ushbu virus qo‘zg‘atadigan kasallikka esa “Zika isitmasi” deb nom berilgan.

Ushbu kasallik virusi Flavivirus avlodi va Flaviviridae oilasiga mansub bo‘lib, odamlardan virus birinchi marta 1968 yil Nigeriyada ajratib olingan. Virusning tashuvchisi Aedes chivinlari (asosan, Aedes albopictus chivini) hisoblanib, ular Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida joylashgan o‘rmonlarda ko‘proq uchraydi.

Zika isitmasi to‘g‘ridan – to‘g‘ri odamdan odamga, maymundan odamlarga yuqishi isbotlanmagan. Bugungi kunda kasallik odamlarga ham, maymunlarga ham faqat chivinlar chaqishi natijasida, ya’ni transmissiv yo‘l bilan yuqishi aniqlangan. Ushbu chivin sariq isitma, Denge, Chikungunya, G‘arbiy Nil, ot ensefaliti, Chache va Sent – Luis vodiysi isitmalari viruslarini ham tashuvchisidir.

2007 yilda Tinch okeani Yap oroli (Mikroneziya federativ shtati)da yashayotgan aholining 70 foizi Zika isitmasiga chalinib (5000 nafarga yaqin odam kasallangan), ularning barchasi tuzalib ketgan.

2013 yilda Fransiya Polineziyasida kasallikning ommaviy tusda qayd etilishi kuzatilib, 20 000 nafarga yaqin odam kasallikka chalingan, 2014 yilning fevral oyiga kelib esa bemorlar soni 28 000 nafarga yetgan.

2015 yilning aprelidan boshlab Zika isitmasi Janubiy Amerika davlatlaridan Braziliya, Chili, Kolumbiya, Salvador, Gvatemala, Meksika, Paragvay va Venisuelada keng tarqalgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra 2016 yilning 1 fevral holatida mazkur kasallik qayd etilgan mamlakatlar soni 27 taga yetgan.

Bugungi kunda Braziliyaning 18 ta shtatida 1, 5 mln. nafardan ortiq odamlarga Zika isitmasi virusi yuqqanligi aniqlangan. Bu isitma asosan Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarining endemik hududlarida ommaviy tusda qayd etilmoqda. 2016 yilning yanvar oyida ushbu kasallik AQSH, Daniya va Shvetsiya davlatlariga chetdan kirib kelish holatlari kuzatilgan.

Yana o‘qing:  QABZIYAT VA ICHAK DISKINEZIYASIDA PARHEZ

Zika isitmasi dunyoning boshqa davlatlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi hududiga ham endemik hududlardan kirib kelish xavfi mavjud.

Kasallikning yashirin davri 3 kundan 12 kungacha davom etadi. Kasallik ko‘proq (70, 0 foizgacha) klinik belgilarsiz va kamroq hollarda (30, 0 foizgacha) klinik belgilar bilan kechadi. Kasallik bosh og‘rig‘i, bo‘g‘inlarda, ko‘z chuquri sohasida og‘riq, holsizlik, dastlab yuzda, keyinchalik butun badanda makulyoz yoki populyoz toshmalar toshishi bilan kechadi. Yana bemorda tana haroratining ko‘tarilishi, sovuqqotib qaltirash, shuningdek, kuchli yorug‘likdan bezovta bo‘lishi, kon’yunktivit (ko‘z shilliq qavatining yallig‘lanishi), ba’zi holatlarda ko‘ngil aynishi, qusish, me’dada og‘riq bilan kuzatiladi. Kasallik homiladorlarda homilaning rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi.

Agar homilador ayol homiladorlikning birinchi 3 oyligida Zika isitmasiga chalinsa, ularda homilaning nuqsonli rivojlanishiga, chaqaloqlarda esa mikrotsefaliya (miyaning rivojlanmay qolishi) kuzatilishi mumkin.

Bemordan olingan epidanamnez va klinik ma’lumotlar hamda laboratoriya tekshiruv natijalariga (immunoferment analiz, polimeraza zanjirli reaksiyasi) asoslanib, bemorga yakuniy tashxis qo‘yiladi. Tashxis qo‘yishda bemorning Zika isitmasi bo‘yicha endemik hududlarda bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumot ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Kasallikning maxsus davolash usullari mavjud emas. Davolash xastalik belgilarini bartaraf etishga qaratiladi. Bemorga isitmani tushiradigan, og‘riqni qoldiradigan, teridagi qichishishni kamaytiradigan dorilar, shuningdek, ko‘proq suyuqliklar tayinlanadi. Kasallik asosan yengil, o‘rta og‘irlikda kechadi va shu sababli bemorlar to‘liq tuzalib ketadi. O‘lim holati deyarli kuzatilmaydi.

Zika isitmasining maxsus immunoprofilaktikasi ishlab chiqilmagan. Chivin chaqishidan asraydigan kiyimlarni kiyish, eshik – derazalarga to‘rlar o‘rnatish, chivinlarni ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish, eng asosiysi, chivinlarga qarshi dezinfeksiya tadbirlarini samarali o‘tkazish, shuningdek, aholi o‘rtasida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini muntazam olib borish, kasallikning profilaktikasida muhim o‘rin tutadi.

Husan SAPAROV,

Respublika DSENM o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: