TORCH infeksiyasi

ona va bola salomatligiga jiddiy xavf soladi

Yaqin dugonam bir xonadonga kelin bo‘lib tushdi. Oradan bir yil o‘tib, kelin kelgan xonadonda chaqaloq yig‘isi eshitildi.

Yangi mehmon tashrifidan mamnun bo‘lgan uy egalari sevinchdan boshi ko‘kka yetib, kelin va chaqaloqni duo qilishdi.

Go‘dagi bor uyning shukuhi o‘zgacha bo‘lar ekan. Oradan ko‘p o‘tmay, kelin navbatdagi yangi mehmon tashrifini intiqlik bilan kuta boshladi. Afsuski, dugonamning homilasi oy kuni to‘lish arafasida to‘satdan nobud bo‘ldi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan dugonam ketma-ket uchinchi marotaba homilador bo‘ldi. Ming afsuski, uchinchi go‘dak ham dunyo yuzini ko‘rishga sanoqli kunlar qolganida ona qornida nobud bo‘ldi. Bunday holat oilani sergak torttirdi.

Kelin va o‘g‘il tibbiy tekshiruvdan o‘tishdi. Er-xotinning tahlil natijalariga ko‘ra ularda TORCH infeksiyasi mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Bunga qarshi davo choralarini qo‘llashdi. Hozir dugonam yana bir chaqaloqni dunyoga keltirgan. Sog‘lig‘idan ham shikoyati yo‘q. Vaholanki, bu tekshiruvni oldinroq o‘tkazsa, ketma-ket yo‘qotishlar va ma’naviy zo‘riqishlar bo‘lmasmidi?!

Ba’zan “falonchining homilasi nobud bo‘libdi”, yoki “bolasi nimjon tug‘ilibdi”, degan so‘zlarni eshitib qolamiz. “TORCH infeksiyasi” kabi iboralar ham kundalik hayotimizda tez-tez quloqqa chalinib turadi. Aslida bu qanday xavfki, homilaga o‘z ta’sirini ko‘rsatsa? Mavzuga biroz oydinlik kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Epedemiologiya va mikrobiologiya yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutining laboratoriya mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Abduvosid Valiyevga murojaat qildik:

– Hayotimizda ko‘p bora eshitib, uning salbiy ta’siri turmushimizda ayon bo‘lib borayotgan TORCH infeksiyasi 10ga yaqin mikroorganizmlarning yig‘indisidir. Ham bakteriya, ham viruslar TORCH infeksiyasi tashkil etadi. TORCH (TORCH) so‘zi toksoplazmoz (toxoplasmosis), qizilcha (Rubella), sitomegalovirus (cytomegalovirus) va gerpes (herpes) atamalarining bosh harflaridan olingan.

Shuni alohida aytish lozimki, bu infeksiyalar tibbiyot sohasi uchun yangilik emas. Bu virus va bakteriyalar azaldan odam organizmida ma’lum bo‘lgan. Lekin oxirgi 20-25 yillar ichida ushbu infeksiyalarning homilaga ta’siri va bepushtlikka bevosita aloqasi borligi xususida ilmiy izlanishlar qilindi va bu hali ham davom etmoqda. Bu infeksiyalar muayyan organizmda yashaydi va inson immun tizimi pasaygan sari ular faollashadi. Ular bir necha turdan iborat bo‘lib, bir-biridan farqi ayrimlarining bo‘linib ko‘payish xususiyatiga egaligidadir. Viruslar esa – hujayra ichida ko‘payadi. Bu infeksiyalar nimasi bilan xavfli? Masalan, toksoplazmozni oladigan bo‘lsak, bu keng tarqalgan yuqumli kasallik turi hisoblanadi. Ushbu infeksiyaning asosiy tashuvchisi va yuqtiruvchisi mushuklardir. Ularning axlatlaridagi infeksiya bir qancha oy mobaynida tirik holda saqlanib turadi. Shunday yashovchanligi sababli u qushlar va boshqa uy hayvonlariga ham yuqadi. Inson organizmiga ko‘pincha yaxshi qaynatilmagan yoki qovurilmagan go‘sht mahsulotlari orqali toksaplazma kirib oladi.

Yana o‘qing:  Xastalik belgilari hushyorlikka chorlaydi

Toksoplazma mushak to‘qimalarida nofaol holatda uzoq vaqt saqlanib turishi mumkin. Lekin toksoplazmani yuqtirib olgan inson boshqalar uchun birmuncha zararsizdir, bu kasallik faqat qon orqaligina yuqadi, xolos. Surunkali toksoplazmoz asab tizimini ishdan chiqaradi. Ko‘pincha mushaklar va ko‘zlar zararlanadi. Qondagi bu virus homilaga ham o‘tishi va uning rivojlanishi uchun katta xavf tug‘diradi. Biroq, homiladorlikkacha bo‘lgan davrdagi zararlanish homila uchun xavfli emas, to‘qimaga o‘rnashib olgan infeksiya homila uchun aytarli xavf tug‘dirolmaydi. Eng xavflisi, homiladorlik vaqtida yuqtirib olingan toksoplazmozdir. Chunki, u qon orqali homilaga o‘tishi va asosan homiladorlikning 12 haftalikkacha bo‘lgan davrida inson embrioni hayotiga tahdid soladi.

“Bolalikdan nogironlar tug‘ilishining oldini olish uchun tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash” bo‘yicha “Ona va bola skriningi” davlat dasturining 1998-2012 yillardagi ijrosi bo‘yicha yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va homilador ayollarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash maqsadida bugungi kunda respublikamizda Skrining markazlari faoliyat olib bormoqda.

Qizilcha (rubella) infeksiyasining asosiy manbai kasallangan odam bo‘lib, virus havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Asosiy alomatlari teridagi dog‘simon toshmalardir, ular terining yuza qismida birdaniga paydo bo‘ladi. Ikki-uch kundan so‘ng yo‘qola boshlaydi, umumiy holat yaxshilanadi, tana harorati 38 S0 darajadan oshmaydi. Bu kasallikning inkubatsion davri o‘n kundan uch haftagacha davom etadi, asosiy xavf kasallik yuqishining yettinchi kunidan boshlab paydo bo‘ladi. Bu virus ham homila to‘qimalariga jiddiy ta’sir qilib, homiladorlikning ilk uch oyida u homilaning asab tizimini, ko‘zlarini va yuragini ishdan chiqarishi mumkin. Mazkur zararlanishlar juda jiddiy bo‘lgani uchun agar homilador ayol homiladorlikning ilk uch oyida qizilcha bilan zararlangani taqdirda homilani oldirib tashlash tavciya etiladi. Ikkinchi va uchinchi uch oylikdagi zararlanish homila uchun unchalik xavf tug‘dirmasa ham, go‘dakning ona qornida rivojlanishini sekinlashtirishi mumkin.

Homiladorlikning so‘nggi oylarida bo‘lajak ona bu virusni yuqtirib olsa bola ushbu kasallik bilan kasallangan holda tug‘ilishi ehtimoli bor. Inson organizmi shunday yaratilganki, turli kasalliklarga qarshi antitanachalar ishlab chiqarish xususiyatiga ega. Kasalliklarning vujudga kirgan-kirmaganligi asosan ana shu antitanachalarning bor-yo‘qligiga qarab aniqlanadi. Agar homilador ayol qizilcha bilan og‘rigan odam bilan muloqotda bo‘lgan bo‘lsa, u holda, albatta, zaruriy tahlillarni amalga oshirish, ya’ni qonda qizilchaga qarshi antitanachalarning paydo bo‘lgan-bo‘lmaganligini aniqlash lozim.

Yana o‘qing:  Beshik sonning tug‘ma chiqishi kasalligini rivojlantiradimi?

Homiladorlikning ilk uch oyida zararlanish alomatlari aniqlansa, bolani oldirib tashlash tavsiya qilinadi. Bo‘lajak ona undan avvalroq virusni yuqtirib olgan bo‘lsa homilani oldirib tashlashga zarurat yo‘q. Sitomegalovirus Sitomegalovirus insonning butun umri davomida vujudda saqlanib turishi mumkin. Bu virusni yuqtirib olgan kishilarning ba’zilaridagina u o‘zini sezdirishi mumkin (ko‘pchilikda bu infeksiya gripp yoki O‘RVI(o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) alomatlarini namoyon qiladi). Sitomegalovirus inson vujudiga kirib olgach immun tizimining kuchsizlanishini kutadi. Qachonki, bu tizim kuchsizlanganida, u o‘z ta’sirini boshlaydi. U homilaga qon orqali o‘tadi. Agar ona homiladorlikning ilk uch oyida mazkur kasallikni yuqtirsa, homilaning rivojlanishida jiddiy o‘zgarishlar yuzaga kelishi mumkin.

1998-2012 yillarda 4 mln. 53 ming nafardan ziyod yangi tug‘ilgan chaqaloqlar tug‘ma gipotireoz va fenilketonuriya kasalliklariga neonatal skrining tekshiruvlaridan o‘tkazildi. 1999 yilda neonatal skrining tekshiruvi bilan qamrab olish 1,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2012 yilda bu ko‘rsatkich 89,3 foizga yetkazildi.

Gerpes havo-tomchi yo‘li orqali va jinsiy yo‘llar orqali yuqishi bilan birga u homila uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi va homilaning rivojlanmay qolishiga yoki bola tushishiga sabab bo‘ladi. Ushbu infeksiyada ham yuqoridagi holatlar kabi birinchi marta zararlanish vaqtida xavf juda jiddiy, homiladorlikkacha yoki homiladorlikning ikkinchi va uchinchi oyida zararlanish xavfi kam.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bu infeksiyalar inson organizmida bir umrga yashashi mumkin. Virusli TORCH infeksiyalarini virusga qarshi preparat bilan, bakterik xususiyatga ega TORCH infeksiyalarni bakterial preparatlar bilan davolash lozim. Har yili ushbu bakteriyaga qarshi davolash usullari tekshirib turiladi. Yildan-yilga davo choralari ham o‘zgarishi mumkin. TORCH infeksiyasini aniqlash uchun homiladorlik davrida ham tekshiruvdan o‘tish mumkin. Bordiyu ayolning homiladorlik davrida organizmda infeksiya aniqlansa, bu davrga mo‘ljallangan maxsus preparatlar bo‘lmasada, immunitetni mustahkamlovchi, tiklovchi vositalardan foydalansa bo‘ladi. Agar bu infeksiya er va xotinda ham mavjud bo‘lsa, ular birgalikda davolanishlari zarur.

Sababi gerpesning 1-2 turi va sitomegalavirus infeksiyasi ko‘pincha spermatozoid(urug‘ hujayrasiga) o‘rnashib olib, shu yo‘l orqali tuxumdonga tushib, homilaga o‘tadi. Kelgusida bu virus homilaga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi: tug‘ma nuqson, bosh miya gidrotsefaliyasi, ichki a’zolarning turli nuqsonlari, bola nimjon tug‘ilishi va hokazo xastaliklarni keltirib chiqaradi. Demakki, erkaklar ham bu darddan mustasno emas. Bunga jiddiy e’tibor berib, shifokor nazoratida bo‘lish qat’iy talab etiladi. Bo‘lajak ota-ona farzand ko‘rish taraddudidan oldin tibbiy tekshiruvga jiddiy e’tibor berib, bir nechta tekshiruvlardan tashqari TORCH infeksiyasi tahlilidan o‘tishlari zarur. Ba’zi homilador ayollar birinchi farzandim sog‘lom tug‘ilgan, deya navbatdagi homiladorlikka uncha e’tibor berishmaydi. Vaholanki, har bir yuqumli infeksiyalarning yashirin davri turlicha bo‘lib, bemor buni darhol payqay olmaydi.

Yana o‘qing:  Qovoq urug‘i parazitlarni tushiradimi?

Ota-onalar tashqi ko‘rinishidan sog‘lom ko‘rinsada, ammo TORCH infeksiyalarning homilaga ta’siri jiddiy bo‘ladi. Ba’zida bu infeksiyalarni xalq tabobati usuli bilan davolash mumkinmi, deya bemorlar so‘rashadi. Tabib o‘z kasbini mukammal bilsa va bu sohada faoliyat yuritishi uchun maxsus litsenziyasi bo‘lib, qo‘llaniladigan giyohlar dorishunoslar tomonidan maxsus tekshiruvdan o‘tgan bo‘lsa, ular ham organizmga samarali ta’sir ko‘rsatadi.

Hukumatimizning tibbiyot sohasiga katta e’tibor qaratayotgani bois respublikamizning chekka qishloq vrachlik punktlari ham eng so‘nggi rusumdagi zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Jumladan, bu yerda TORCH infeksiyasini ham aniqlay olish imkoni bor. Agar mutaxassis bu borada tajribali bo‘lsa buni aniqlash qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bu dardga yo‘liqmasligi uchun avvalo odam immun tizimini mustahkamlash kerak. Zero, barcha yuqumli kasalliklar ana shu mustahkam qalqonning kuchsizlanishini kutib turadi. Sog‘lom turmush tarziga rioya etish, orastalikka e’tibor berishi kerak. Ovqatlanish tartibiga qat’iy amal qilib, go‘shtli taomlarni iste’mol qilayotganda uning yaxshi pishirilganiga ahamiyat bering. Shuningdek, oilada er va xotinning orasidagi sadoqat ruhiy poklikka olib kelsa, jisman salomatlikni ham ta’minlaydi. Bu ham asosiy omillardan biridir.

Unutmang, azizlar! Zararli odatlar: ichkilikbozlik, kashandalik, giyohvand moddalarni iste’mol qilish inson sog‘lig‘iga putur yetkazadi. Sog‘lom hayot kechirish uchun bu kabi salbiy odatlardan xalos bo‘lish, shuningdek, to‘yimli va sifatli ovqatlanishga, meva-sabzavotlar, ko‘katlar, sut, baliq hamda go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilishga e’tibor qarating. Toza havoda tez-tez sayr etish, sport bilan shug‘ullanish kundalik odatingizga aylansin.

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: