Qandli diabet va xalq tabobati

Qandli diabet xastaligi organizmda uglevodlar va suv almashinuvi buzilishi natijasida kelib chiqadi. Bunga sabab esa me’da osti bezi faoliyatining buzilishidir.

Bu bez insulin nomli gormon ishlab chiqaradi. Me’da osti bezining Langergans orolchalaridagi insulin ishlab chiqaruvchi V (betta) hujayralarining yetishmasligi yoki ularning yo‘qligi qandli diabetni keltirib chiqaradi. Xastalikka irsiy moyillik mavjud.

1869 yilda olim P.Langergans me’da osti bezini ancha mukammal o‘rgandi.

Organizmda insulin yetishmaganda jigar va mushaklarda uglevod glikogenga aylanmaydi. Natijada to‘qimalarda uglevodning oksidlanishi va undan quvvat ishlab chiqarilishi buziladi. Bemorlar quvvatsizlik, tez charchash, ozib ketish va chanqash, shuningdek, ko‘p peshob ajratishdan terisi qurib, qichishidan shikoyat qilishadi. Qandli diabet ikki xil bo‘ladi: insulinga bog‘liq (1-tur) va insulinga bog‘liq bo‘lmagan (2-tur) qandli diabet. Insulinga bog‘liq bo‘lgan qandli diabet bilan 40 yoshgacha bo‘lgan bemorlar og‘riydi. Ikkinchi tur qandli diabet insulinga bog‘liq bo‘lmaydi. Bu turdagi qandli diabet bilan asosan 40 yoshdan oshgan va keksa bemorlar aziyat chekishadi. Qandli diabetni davolashda parhez katta ahamiyatga ega va albatta qondagi qand miqdorini glyukomer tibbiy asbobi bilan o‘lchab turish kerak.

Hozirgi davrda zamonaviy tibbiyotda qandli diabet xastaligiga asosan insulin davo hisoblanadi. Vaholanki, tabiatda odam tanasiga ijobiy ta’sir qiluvchi shifobaxsh o‘simliklar borligi ham ma’lum. Masalan, sachratqi, qoqi, loviya qo‘zog‘i va hakozo. Bu dardni davolashda ba’zi o‘simliklar organizmda moddalar almashinuviga ijobiy ta’sir etib, tanadagi zaharli modda (toksin)larning chiqib ketishiga yordam beradi. Shuningdek, xalq tabobatida tuya suti qadimdan qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun shifobaxsh, tansiq ne’mat sifatida tavsiya etib kelingan. Sababi uning tarkibida juda ko‘p miqdorda insulinga o‘xshash protein mavjud. Shveysariyada tuya sutidan shokolad tayyorlanadi. Ammo bu shokolad sho‘r ta’mli bo‘ladi. Arabistonda undan kakao, Hindistonda esa muzqaymoq tayyorlashadi. Tuya suti tarkibida V1, V2 vitaminlari, temir , fosfor, oltingugurt, kalsiy moddalari mo‘l. Ayniqsa, S va D vitaminlari tuya sutida sigir sutiga nisbatan uch barobar ko‘p. Sut shakari – kazein va laktoza moddalari esa aksincha tuya sutida kam miqdorda bo‘ladi. Agar bemorning immuniteti (organizmning kasalliklarga chidamliligi) past bo‘lsa har kuni 0,5 litrdan yangi sog‘ilgan tuya sutini och qoringa ichib yursin. Keyin 4 soat o‘tgach ovqatlansa bir oy yoki 40 kun o‘tgach o‘zida ijobiy o‘zgarishlarni his etadi. Tuya sutini iste’mol qilgan davrda bemor achchiq, sho‘r, dudlangan va turli konserva mahsulotlari, shuningdek, spirtli ichimliklarni ichish, sigaret chekishdan tiyilishi kerak. Chunki, parhez tutish tuya sutining shifobaxsh ta’sirini oshiradi. Dastlab bu sutni iste’mol qilganda bemorning ichini surishi mumkin. Yana qusish ehtimoli ham bor. Bu holatda ham bemor sut ichishni to‘xtatmasligi kerak. Organizm bu vaqtda tanadagi ortiqcha xilt (shlak)lar, toksin (zahar)lardan tozalanayotgan bo‘ladi. Shunda ham ich ketishi to‘xtamasa tuya sutidan tayyorlangan qatiq ichish kerak.

Yana o‘qing:  Onalik baxti ostonasida

Quyida biz qandli diabetni xalq tabobati usullarida davolash uchun ayrim tavsiyalarni beramiz:

1. Uch dona oq loviyani qaynab sovigan 0,5 stakan suvga tunda ivitib qo‘yasiz. Ertalab loviyani yeb, suvini ichasiz.

2. Besh dona na’matak mevasini olib, uni yog‘och yoki mis havonchada yanchasiz, kukun holiga kelgach, ustiga issiq suv solasiz. So‘ngra besh daqiqa na’matakni past olovda mildiratib qaynatasiz. Keyin ushbu shifobaxsh qaynatmani 4 soat davomida tindirib qo‘yasiz. Tayyor bo‘lgan qaynatma dokada suzib olinadi. Ovqatlanishdan 30 daqiqa oldin kunda to‘rt mahal bir osh qoshiqdan qaynatma ichiladi. Na’matak takibida S vitamini ko‘p. Bu esa qon tomirlar devorini mustahkamlashda yordam beradi. Davo samarali bo‘lishi uchun shifobaxsh qaynatmani bemor bir oy iste’mol qilishi zarur.

3. Yangi so‘yilgan tovuq yoki xo‘rozning o‘ti ham qondagi qand miqdorini pasaytiradi. Eng muhimi, parranda yosh va sog‘lom bo‘lishi zarur. O‘t pufagini chaynamasdan yutasiz. Agar siz parranadaning xom o‘t pufagi va jigarini birgalikda yutsangiz bu sizning jigar faoliyatingizni ham yaxshilaydi. Bu anchayin yoqimsiz muolaja. Oyda bir marta shunday muolajani amalga oshirsangiz samarasi tezda ko‘zga tashlanadi.

4. Oq qayin g‘uddalari (bahorda terib olinadi va dorixonalarda sotiladi)dan tayyorlangan tindirmani kunda uch mahal 1/3 stakandan ichish darkor. Buning uchun uch osh qoshiq oq qayin g‘uddasining ustiga ikki stakan qaynoq suv solinadi. Keyin 6 soat davomida tindirib qo‘yiladi. Keyin suzib olinadi.

5. Kuzda achitilgan karam tayyorlab qo‘ying. Faqat uni sirli kastryulka yoki yog‘och bochkada saqlash zarur. Shunda tuzlama tarkibidagi foydali vitaminlar, mikro va makroelementlar parchalanib ketmaydi. Qishda har kuni yarim stakandan achitilgan karam suvini ichishingiz shart.

6. Piyoz suvi ham qandli diabetni davolashda yaxshi samara beradi. Buning uchun katta bir bosh achchiq piyozni xalqasimon to‘g‘raysiz. So‘ngra bir litrli bankaga solib, ustidan qaynagan sovuq suv solasiz. Yelim qopqoq bilan bankaning og‘zini yoping. Suv banka qopqog‘iga tegmasligiga e’tibor bering. Bir kecha-kunduz iliq joyda suvni tindirib qo‘yasiz. Keyin tindirib olingan piyozli suvni har kuni och qoringa 50 grammdan ichasiz.

7. 40 gramm yong‘oqning ichki qismidagi pardasini olasiz. Uning ustiga 0,5 litr qaynoq suv solasiz va past olovda bir soat davomida mildiratib qaynatasiz. So‘ngra 15 ml.dan kunda uch mahal ichiladi.

Yana o‘qing:  OIV va OITS haqida yana nimalarni bilasiz?

8. Yong‘oq daraxtining barglaridan choy damlab iching.

9. Nahorda och qoringa po‘stlog‘i bilan gaz pechida dimlab pishirilgan o‘rtacha kattalikdagi piyoz iste’mol qiling. Dimlab pishirilgan piyoz shirin ta’mli va yumshoq bo‘ladi. Bir oy davomida shu muolajani qo‘llasangiz qonda qand miqdori asta-sekin pasayadi. Shuningdek, ortiqcha vazndan ham qutilasiz.

10. Emalli idishga 100 gramm sulini yuvib solamiz. Uning ustiga 3 stakan qaynoq suv quyiladi. Keyin 15 daqiqa davomida suv hammomida sulini aralashtirib turamiz. Buning uchun boshqa sirli idishga 4-6 qavatli paxta tolali mato solinadi. Ustidan issiqroq suv quyiladi. So‘ngra shisha idish ham issiq suvda chayiladi. Shu idishga birinchi emalli idishdagi suli solinadi. Keyin ikkinchi idishda past olovda qizdiriladi. Undan so‘ng tayyor bo‘lgan suli damlamasini 45 daqiqa xona haroratida tindirib qo‘yamiz va suzib olamiz. Yana bu damlamaning ustiga uch stakan qaynagan suv solinadi. Suv sovugach aralashma shisha idishga solinadi. Og‘zi mahkam yelim qopqoq bilan yopilib muzlatgichda saqlanadi. Ovqatlanishdan oldin kunda 4 mahal 0,5 stakandan iliq holda ichiladi.

11. Qandli diabetning oldini olish uchun quyidagi muolajani tavsiya etamiz. Bir hovuch bug‘doy yuviladi va ustidan 1 litr qaynoq suv solinadi. Kechasi bilan tindirib qo‘yiladi. Kun davomida ushbu tindirma och qoringa iliq holda yarim piyoladan ichiladi. Muolaja 3 kun davom etadi.

12. Ikki osh qoshiq zig‘ir urug‘i havonchada yanchiladi. Undan maydalangan zig‘irning ustiga 0,5 litr qaynoq suv quyiladi. Besh daqiqa davomida sirli idishda qopqog‘i yopiq holda qaynatiladi. Olovdan olingach, qaynatma qopqog‘i ochilmasdan sovitiladi.

Chunki, sovitilayotgan payti idish qopqog‘i ochilsa qaynatma yuzasida parda hosil bo‘ladi. Zig‘ir urug‘i sovugach, idish tubiga cho‘kadi. Qaynatma iliq holda och qoringa nonushtadan yarim soat oldin ichiladi. Zig‘irning urug‘ qobig‘i ich qotishi (qabziyat)da foydali. Qaynatma bir kunda bir mahal ichiladi. Muolajadan ikki oy o‘tgach, me’da osti bezi faoliyati bir oz yaxshilanadi. Chunki, zig‘ir urug‘idan tayyorlangan damlama organizmda moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Ayniqsa, bu qaynatma sog‘lig‘i zaif kishilar va keksalar uchun foydali. Insulinga qaram bo‘lgan 1-tur qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar vrach tavsiyasi bilan haftada bir marta insulin miqdorini kamaytirishlari mumkin. Parhezga ham katta e’tibor berish zarur.

Yana o‘qing:  Maktabim

Me’da osti bezi faoliyati yaxshilanganda bemor o‘zini juda och qolganini his etadi va yuzi qizaradi. Xasta kishi och qoldimi, albatta, tezgina nimadir yeb olishi kerak. Zig‘ir urug‘idan tayyorlangan qaynatmani yarim yil davomida iste’mol qilinadi. Me’da osti bezi faoliyati asta-sekin tiklangach shifokor lozim topsa insulinni bekor qiladi. Shundan keyin ham zig‘ir urug‘idan tayyorlangan damlama haftada 4 marta bir yil davomida iste’mol qilinadi.

13. Ushbu tindirma sezilarli darajada qondagi qand miqdorini kamaytiradi. Buning uchun 1 kg limon, 300 gramm sarimsoqpiyoz va petrushka zarur bo‘ladi. Limon urug‘idan tozalanadi. Barcha masalliq go‘shtqiymalagichdan o‘tkaziladi. Tayyor bo‘lgan aralashma ikki hafta davomida shisha idishda og‘zi yopiq holda qorong‘u va sovuqroq joyda saqlanadi. Keyin esa muzlatgichga olib qo‘yasiz. Ovqatlanishdan yarim soat oldin bir choy qoshiqdan iste’mol qilinadi.

14. Yernok (topinambur) – tananing umumiy quvvatini oshiruvchi xususiyatga ega. Bu shifobaxsh dorivor vosita muntazam iste’mol qilinsa, a’zolarga tuz yig‘ilishi, infarkt va insultning oldini oladi.

Topinambur qandli diabet, podagra, me’da-ichak tizimi kasalliklari, kamqonlik, ateroskleroz, buyrak va peshob yo‘llarida tosh hosil bo‘lishi, semizlik, asab kasalliklarining oldini olishda juda qo‘l keladi. Yernok bargi, kartoshkasi sarxil yoki quritilgan holda ishlatiladi. Uning 50 gramm kartoshkasini ovqatlanishdan oldin och qoringa kunda 3 mahal iste’mol qilish zarur. Yosh va sarxil bargidan salat tayyorlansa, nafaqat qondagi qand miqdorini kamaytiradi, balki gipertoniya, me’da osti bezining boshqa xastaliklarini davolashda ham shifobaxshdir. Kartoshkasidan siqib olingan sharbatini ham bir kunda bir necha marta ichish mumkin. Uning quritilgan ildizmevasi kukunidan olib 3 osh qoshiq yoki sarxilidan uch dona olib 1-2 litr suvga solasiz. Quritilgan kartoshkasini bir soat, yangisini esa 10-15 daqiqa davomida qaynatasiz. Iliq holda och qoringa kun davomida bir litr ichasiz. Bir haftada 2-3 marotaba ushbu muolajani takrorlaysiz. Bu qaynatma me’da osti bezi ish faoliyatini yaxshilaydi. Qondagi gemoglabin miqdorini ham oshiradi. Qon bosimini tushiradi va qand miqdorini pasaytiradi. Yernokning bargi va yosh novdasidan, shuningdek, 3-5 dona qorag‘at (smorodina) bargi va yosh novdalari, olcha, yalpiz barglarini qo‘shib ustiga 1 litr qaynab turgan suv quyiladi va 10-15 daqiqa o‘rab qo‘yiladi. Kun davomida ushbu qaynatma ichiladi. Bundan tashqari yernok qovurib, qaynatilib va dimlab, shuningdek, bug‘lab ham pishiriladi. Undan salat ham tayyorlash mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda “Tabiatning o‘zi tabib”.

Gulchehra ShIRINOVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: