Qandala qanday zararkunanda?

(Boshi. Davomi bu yerda)

 

To‘shak qandalasi inson sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi o‘ziga xos hasharot hisoblanadi. Agarda suvarak, chumoli va kuya ozuqa zaxiralari va kiyimlarni zararlash orqali odamlarga ziyon yetkazadigan bo‘lsa, to‘shak qandalalari insonlar sog‘lig‘iga tajovuz qiladi. Shuning uchun bu hasharotlar ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar, turar joylar va dala hovlilarda paydo bo‘lgandan so‘ng ko‘p o‘tmay ularning faolligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Bugungi kungacha to‘shak qandalalarining chaqishi orqali odamlarning bakterial yoki virusli infeksiyalar bilan zararlanish holatlari kuzatilmagan.

Xalq orasida taxtakana deb ataladigan bu zararkunandalarning tabiiy populyasiyalari, ko‘pgina kasalliklarning tarqatuvchilari bo‘lishiga qaramasdan bu virus va mikroorganizmlarning birortasi ham insonlarni chaqqanda ular organizmiga o‘tib qolishi qayd etilmagan. Bu albatta, qiziqarli holat hisoblanadi.

Olimlarning olib borgan tadqiqotlari natijasida to‘shak qandalalari organizmida odamlar salomatligi uchun xavfli bo‘lgan ko‘pgina kasalliklarning qo‘zg‘atuvchilari bo‘lishi aniqlangan. Jumladan, ich terlama, brutsellyoz (oqsim), kuydirgi, leyshmanioz, o‘lat, tulyaremiya, Ku isitmasi va boshqa qo‘zg‘atuvchilar to‘shak qandalalari organizmida bo‘ladi. Ammo, olimlarni hayratda qoldirgan narsa bu qo‘zg‘atuvchilar to‘shak qandalalarining chiqindilari va ularning ichki a’zolaridan topilgan. Ularning birontasiga ham chaqish sabab bo‘lmaydi. Evolyusion nuqtai nazardan bu ektoparazitlar uchun nihoyatda qulay xo‘jayin (odam) qanchalik kam xavf-xatarga duch keladigan bo‘lsa to‘shak qandalalari uchun asosiy ozuqa manbasini saqlab qolish imkoniyati shuncha yuqori bo‘ladi.

Statistika bo‘yicha to‘shak qandalalarining chaqishi 80 foiz odamlarda allergiyaga sababchi bo‘ladi. Allergik holat papula va keng doiradagi qizarish, qichishish, og‘riq, kamdan-kam hollarda anafilaktik shokka olib kelishi mumkin.

Chaqqan joylarni qashish natijasida yallig‘lanish, teri qoplamining jarohatlanishi, yiringlash holatlari kuzatiladi. Mana shunday mikrojarohatlar tufayli odam organizmiga turli kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar o‘tib qoladi. Bu yerda akademik K. Skryabinning “Parazitlar – infeksiyaga yo‘l ochadi” degan fikri yana bir bor isbotlandi.

Mitti zararkunandalarning chaqishi bolalarda temir yetishmovchiligi kamqonligini keltirib chiqaradi. Bu juda kam uchraydigan holat hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta parazit chaqadigan bo‘lsa bu holat ko‘zga yaqqol tashlanishi mumkin. Chunki bunda ular so‘radigan qon miqdori ko‘proq bo‘ladi. Ushbu jonzotlar so‘laklarining ta’siri qon tarkibida ayrim o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra to‘shak qandalalari chaqqan odamlarning 70 foizi chaqishni his qilmaydi. Aynan shuning uchun ham ular aholi yashash punktlari va shaharlarni faol tarzda zabt etib bormoqda. Ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarda odamlar hattoki, ularni tunda hasharotlar chaqishi va qonini so‘rishi haqida gumon ham qilishmaydi.

To‘shak qandalalarining chaqishi o‘ziga xos belgiga ega. Ular to‘rt-beshta qizil dog‘ holida qator bo‘lib terida joylashadi. Barcha qon so‘ruvchi hasharotlar ichida faqatgina to‘shak qandalalari to‘yinish uchun bir necha yaralardan ketma-ket qon so‘radi. Mitti parazit mikroorganizmlarning nafaqat mana shu belgilarini inobatga olish kerak, balki ularning tashqi tuzilishi ham o‘ziga xos – spetsifik hisoblanadi.

Yana o‘qing:  MARJON TISHLAR JILOSI

 

To‘shak qandalalari qanday ko‘rinishga ega va ular xonadondagi boshqa hasharotlardan nimasi bilan farq qiladi?

Taxtakana yassi, keng tanaga ega. Agar ular och holatda bo‘lganida yuqoridan qaralsa deyarli yumaloq ko‘rinadi. Qanotlari bo‘lmaganligi sababli, uning tanasida har doim qorin sohasi oralig‘ida tortilgan joylar yaxshi ko‘rinib turadi. Och holatda bo‘lsa, u yorqin yoki deyarli qizg‘ish rangda ko‘rinadi. Qon bilan to‘yinganda esa qorayib boradi. Ba’zan batamom qora rangga kirib qoladi.

Bundan tashqari, qonga to‘yingan to‘shak qandalalarining tanasi me’dasi hisobiga uzayadi va eniga yiriklashadi. Bu holatda suvaraklarning qanotsiz g‘umbaklariga o‘xshab qoladi. Ularning tana o‘lchami 4 mm. dan 8 mm. gacha bo‘lgan oraliqda o‘zgarib turadi. Erkak va urg‘ochi hasharotlar o‘lchamlari o‘rtasida deyarli farq bo‘lmaydi. Yassi tanasi esa himoya nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega. Chunki odamlarning karavotda u yondan bu yonga ag‘darilganda yotishida ularni ezib yuborishdan himoya qiladi. Ammo qonga to‘yingan to‘shak qandalalari ancha zaif bo‘lib qoladi. Ularning ezilishi natijasida ko‘rpa-to‘shak va choyshablarda xunuk, qoramtir dog‘lar paydo bo‘ladi. Bu dog‘lar parazitlarning xonadonda paydo bo‘lganini bildiradi.

Eslatma uchun: To‘shak qandalalari yoshidan qat’i nazar bir martada o‘z tanasidan ikki barobar ko‘p hajmda qon so‘radi. Shuning uchun ham ularning g‘umbaklari aql bovar qilmaydigan darajada tez o‘sadi. Voyaga yetgan urg‘ochilarining esa deyarli har kuni yirik hajmdagi tuxumlarni qo‘yishi albatta, ajablanarli hol emas.

Ularning g‘umbaklari tashqi ko‘rinishidan voyaga yetgan hasharotlarni eslatadi. Eng erta yoshdagi lichinkalari och holatda bo‘ladigan bo‘lsa, umuman shaffof (tiniq) ko‘rinadi. Biroq, ular to‘yingandan so‘ng qon tomchilari me’dasida yaxshi ko‘zga tashlanadi.

To‘shak qandalalarining tuxumlari kuchli kichiklashtirilgan guruch donini eslatadi. Ularni boshqa uy hasharotlaridan farq qilish qiyin emas.

Suvaraklar qorinchasining orqa tomonida kalta mo‘ylovchalarga o‘xshash ikkita o‘ziga xos o‘simtasi bo‘ladi. To‘shak qandalalarida bunday o‘siqlar bo‘lmaydi. Uning ustiga voyaga yetgan suvaraklar to‘shak qandalalariga nisbatan yirik bo‘ladi. Ularda qanotlar va biroz cho‘zinchoq qorincha mavjud.

 

(Davomi bor)

 

Erkinjon ShAKARBOYEV,

O‘zR FA Zoologiya instituti ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari,

biologiya fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: