Patronaj hamshirasi xonadonda

Uning vazifasi nimadan iborat?

Farzand – oila quvonchi, ona – xonadon farishtasi. Ularning salomatligi ko‘nglimizning xotirjamligi, halovatidir. Azaldan xalqimiz bolaning dunyoga kelishi, uning parvarishi va ta’lim-tarbiyasiga katta e’tibor qaratgan.

O‘zaro mehr-oqibat tuyg‘ularini shakllantirish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, el ishiga kamarbasta, vatanparvar, jismonan chiniqqan va ma’nan yetuk avlodni kamol toptirish umumxalq harakatiga aylangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining salomatligini ta’minlash va fuqarolarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining 50 foizini oilaviy poliklinikalar hamda qishloq vrachlik punktlari tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda ushbu sohaning birlamchi bo‘g‘ini bo‘lgan oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlarida faoliyat yuritayotgan hamshiralarning, ya’ni, oila hamshiralarining xizmati tahsinga loyiq.

Oilaviy poliklinika va QVPlar aholi orasida keng miqyosda profilaktik ishlarni olib boradi, shuningdek, aholi o‘rtasida epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni ham o‘tkazadi. Ushbu hududdagi fuqarolarning salomatliga javobgar sanaladi. Yana aholi orasida erta kasallanishni aniqlash, uning ro‘yxatini tashkillashtirish, fuqarolar salomatligi holati ko‘rsatkichlarini tahlil qilish, ishlab chiqarish korxonalari va turli muassasalarda vaqtinchalik ishlay olmaydigan fuqarolarning xastaliklari sabablarini o‘rganish kabi vazifalarni ham bajaradigan muassasadir. Poliklinika faoliyati hududiy uchastka tamoyiliga asoslangan bo‘lib, shu hududda yashovchi fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatadi. Poliklinika va unda faoliyat yuritayotgan tibbiy xodimlar shtatlarini rejalashtirishda aholining soniga asoslanish lozim. Zamonaviy poliklinika keng qamrovli faoliyatga ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasidir.

Umumiy amaliyot hamshirasi – oila hamshirasi ham hisoblanadi. U kasb-hunar kolejida olgan amaliy va nazariy bilimlariga tayangan holda bemor va uning oila a’zolari bilan ishonchli muloqot o‘rnatishi, yangi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni qo‘llay bilishi, shuningdek, muolajalarni malakali bajara olishi kerak.

Yana zarur hollarda bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishi lozim. Umumiy amaliyot hamshirasi aholi orasiga, mahallaga va oilaga kirib bormog‘i, oila muhitini, uning ruhiy holatini, fuqarolarning qay darajada tibbiy madaniyatli ekanligini o‘rganishi, yosh onalarga bola parvarishi, ona sutining afzalligi, farzandlar tarbiyasidagi muammolarni bartaraf etish, tug‘ruqlar orasidagi masofani saqlash va istalmagan homiladorlikning oldini olishda kontratseptiv vositalarning ahamiyati xususida ayollarga batafsil ma’lumot berishi kerak. Yana xonadon egalariga oilada shaxsiy va ovqatlanish hamda kiyinish gigiyenasining ahamiyati haqida axborot berib, keksalarga esa oila a’zolarining e’tibor va parvarishi muhimligini ta’kidlab, ularning dardlariga malham bo‘ladigan ruhiy dalda berishi zarur.

Yana o‘qing:  Bolada immunitet pasaysa... (davomi)

Umumiy amaliyot hamshirasi aholi o‘rtasida kasalliklarning oldini olish maqsadida profilaktika va tashviqot-targ‘ibot ishlarini tashkil qilishi, turli xastaliklar sababli sog‘lig‘ini yo‘qotganligi uchun xavf guruhlariga kiritilgan bemorlarni aniqlashi, ularni mutaxassis yoki umumiy amaliyot shifokoriga yo‘naltirishi, oilani shakllantirish, bolalarni jismoniy rivojlanish ko‘rsatkichlarini nazorat qilishi, reabilitatsiya va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi lozim.

Patronaj hamshirasi homilador ayollarni tug‘uruqqacha kuzatuv mobaynida bo‘lajak ona va homila sog‘lig‘iga xavf soluvchi jiddiy belgilarga diqqatini qaratishi zarur. Ayniqsa, xavf omillariga katta e’tibor qaratib, ya’ni, homiladorlikning asoratli kechishi – og‘ir va yengil darajali preeklampsiya hamda qandli diabetda, oila a’zolaridan birortasi yuqumli kasalliklar bilan xastalangan va ularning tozalikka e’tibori kam bo‘lsa xonadon egalariga tushuntirishi kerak. Oila hamshirasining xonadonlarga qatnovlari, shifokor va doyaning doimiy tekshirishlariga qo‘shimcha tibbiy kuzatuv bo‘ladi.

Tug‘ruqdan keyingi parvarish va nazorat qilishda oilaviy hamshiraning roli shifokor va doyaga ko‘maklashishdir.

Ko‘pchilik onalar va ularning chaqaloqlari uchun tug‘uruqdan keyingi davr qiyin kechmaydi. Chunki, oila a’zolarining e’tibori bu davrning bexatar o‘tishiga zamin yaratadi.

Zamira ZOKIROVA,

O‘quv davolash kompleksi tibbiyot kolleji “Hamshiralik asoslari”kafedrasi mudiri,

Nozima MUTALOVA,

katta o‘qituvchi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: