Nos: huzurga aylangan qusur

Nosvoy bu nima va inson organizmiga qanday zararli ta’sir ko‘rsatadi? Nos yoki xalq tili bilan aytganda nosvoy tarkibida nikotin saqlovchi narkotik hisoblanadi. Ushbu zararli vosita qo‘lbola usulda tayyorlanib, unda tamaki va moxorkadan tashqari ohak hamda unga kolbasasimon yoki yumaloq shaklni beruvchi moddalar ham qo‘shiladi.

Biz bilgan nos kukun yoki donacha shaklida sotiladi. Nos chekuvchilar uni til ostiga yoki lunjining ichki shilliq qavatiga qo‘yishadi. Bu soha qon tomirlarga boy bo‘lib, unda nos juda tez so‘riladi va o‘ziga xos reaksiya chaqiradi.

 

Foydasi-ku yo‘q, ammo ziyoni bisyor

Biz so‘z yuritayotgan mahsulotni Sharq mamlakatlarida qadimdan ma’lum bo‘lgan nos bilan adashtirmaslik kerak. Bu nos asosan ushbu o‘simlikdan tayyorlangan bo‘lsa, bizda esa sifati past tamaki va moxorka ishlatiladi. Bundan tashqari nos tarkibiga eruvchan kul, so‘ndirilgan ohak va parranda axlati ham qo‘shiladi. Bugungi kunda nosvoy o‘smirlar orasida juda “mashhur” bo‘lib, ularning sog‘ligiga katta zarar yetkazmoqda. Uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri labga tushib qolishidan og‘riqli yaralar paydo bo‘ladi. Agar so‘lak bilan kichik miqdorda kukuni yutib yuborilsa ko‘ngil aynishi, qusish va ich buzilishi holatlarini yuzaga keltiradi.

Xalq orasida shunday noto‘g‘ri tushuncha mavjud – nosvoy sigaret chekishga bo‘lgan moyillikni kamaytirar ekan. Aslini olganda sigaretning tarkibida qancha tamaki bo‘lsa, uning xuddi shuncha miqdordagi tamakisi nosda ham mavjud. Ikkalasini farqi shuki, tamaki to‘g‘ridan – to‘g‘ri nafas yo‘llariga salbiy ta’sir qilsa, nos me’da-ichak tizimining faoliyatini buzadi.

Yana shunday qarashlar ham mavjudki, nos tish og‘rig‘ini to‘xtatish xususiyatiga ega, deyishadi. Aslini olganda amaliyotda nos og‘iz shilliq qavatiga tushsa uni kuydirish xususiyatiga ega. Yana shuni esdan chiqarmaslik kerakki, nosni ishlab chiqarilishi nazorat qilinmaydi.

 

Laboratoriya tekshiruvlari shuni ko‘rsatadiki, ushbu zararli vosita tarkibidagi og‘ir metallar miqdori ruxsat etilgan me’yordan o‘n marta ko‘p aniqlangan. Bundan tashqari bu kukunning savdosini yuritish va doimiy chekuvchilar sonini ko‘paytirish maqsadida uning tarkibiga ko‘p hollarda turli narkotiklar qo‘shiladi.

 

Narxining arzonligi va oson tayyorlanishi sababli nosvoy o‘smirlar orasida keng tarqalgan. U quyidagicha ta’sir qiladi. Dastlab noskashning boshi aylanadi va kallasi karaxt bo‘lib, uvishib qoladi. Ammo, bu faqat boshlanishida, keyinchalik uning noxush ta’siri oshib boradi. Uni doimiy ravishda qo‘llash natijasida turli xil kasalliklar, hushdan ketish, ko‘p terlash va ichki kasalliklar kelib chiqadi. Nos chekuvchilarda kuchli va doimiy bosh og‘rig‘i va aylanishi hamda ko‘z oldining qorong‘ulashish holatlari kuzatiladi. Afsuski, uning organizmga zararli ta’siri shu bilan tugamaydi.

Yana o‘qing:  “Uxlab yotgan” xastalikni uyg‘otmang!

Nos qo‘lbola usulda va sanitariya-gigiyena qoidalariga javob bermaydigan sharoitda tayyorlanadi. Shuning uchun uni ma’sul va mutasaddi tashkilotlar taqiqlanmagani uchun uni zararli emas, deb noto‘g‘ri o‘ylash behuda.

 

Malik UTESHEV,

Nargiza ADILOVA,

ilmiy xodimlar

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: