LARINGIT XASTALIGINING ASORATLARI OG‘IR

Hayotimiz mazmuni bo‘lmish farzandimizning sog‘-salomat holda ulg‘ayib kamolga yetishi shubhasiz har bir ota-ona uchun ulkan baxt erur. Zero, har bir go‘dakning dun­yoga kelishi barobarida chekilgan zahmatlar uning beg‘ubor kulgusida unut bo‘lishini barchamiz yaxshi bilamiz. Ammo bexosdan kichkintoyimiz biron kasallik bilan xastalanib qolsa bormi bu yorug‘ jahon ko‘zimizga tor ko‘rinib, yuragimizga og‘riq kiradi.

Ekologik muammolar sabab oxirgi payt­larda kasalliklar ham yangi-yangi ko‘rinishda paydo bo‘lib xuddi zamon bilan birga odimlab borayotgandek. Ilgari antibiotiklar bilan davolasa bo‘ladigan xastaliklar endilikda qo‘shimcha muolajalarni talab qilmoqda. Sir emaski, immunitet pastligi sababli ko‘p uchraydigan O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar, gripp kabi kasalliklar ham o‘z vaqtida davolanmasa bemor organizmida og‘ir asoratlar qoldiradi.

Shukrki mustaqillik tufayli ona va bola salomatligi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, tibbiyotda ulkan islohotlar amalga oshirildi. Respublikamizning eng chekka tumanlaridagi tibbiyot muassasalarigacha so‘nggi rusumdagi, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda. Zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan tibbiyot maskanlarida yaratilgan shart-sharoitlardan aholi mamnun bo‘lmoqda.

Ana shunday tibbiyot maskanlaridan biri Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasida bo‘lib bolalar qabul bo‘limi va maslahat poliklinikasi mudiri Nodira Hoshimova bilan bolalarda uchraydigan laringit xastaligi xususida suhbatlashdik.

– Nodira opa, so‘nggi paytlarda laringit kasalligi yosh bolalarda ko‘proq kuzatilmoqda. Bunga sabab nima va u qanday xastalik hisoblanadi?

– Laringit o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, hiqildoq shilliq pardasining o‘tkir yoki surunkali yallig‘lanishidir. Ushbu xastalikning bolalarda ko‘p uchrashining asosiy sababi 6-7 yoshgacha bo‘lgan bolada hiqildoq teshigi tor bo‘lib, shilliq qavatlar qon tomirlari va limfa tugunlari bilan yaxshi ta’minlangani bois kasallik yosh bolalarda ko‘p uchraydi.

Hiqildoq yallig‘lanishida uch xil belgi kuzatiladi:

Ya’ni og‘ir yo‘tal, bo‘g‘ilib nafas olish va ovoz bo‘g‘ilishi. Laringit kasalligi turli virus, bakteriya, streptotokk, doimiy ovoz zo‘riqishi, o‘tkir gazli moddalardan nafas olish, tomoq yaxshi namlanmay qurib qolishi, ovoz bog‘lamlarining deformatsiyasi (nuqsoni) va ularning jarrohlik operatsiyasidan shikastlanishi natijasida ham sodir bo‘ladi. Shuningdek, ushbu xastalik o‘ta issiq yoki sovuq ovqat hamda ichimlik ichish, sitrus mevalar (limon, apelsin, mandarin, kivi, greypfrut), shirinlik­lar (asal, konfet, shokolad, tort, shirin pishiriqlar), yel (gaz) qo‘zg‘ovchi dukkaklilar (mosh, no‘xat, loviya, soya), tuxum, yong‘oq, pista, bodom, yeryong‘oqlarni , qizil rangli mahsulotlarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish natijasida kelib chiqadi. Bu kasallikning kelib chiqishiga epidemiologik vaziyat, kuz-qish fasllari, bolalarning yoshi va yashash sharoiti ham sabab bo‘lishi mumkin.

Yana o‘qing:  Sog‘lom buyraklar faoliyati – hayot tayanchi

– Xastalikning ilk belgilari qanday kechadi?

– Mazkur xastalikning dastlabki bosqichida bola xirildoq ovozda yo‘taladi. U shovqinli nafas oladi, bezovtalanadi. Bunday hollarda o‘tkir respirator virusli infeksiya bosqichma-bosqich yuzaga keladi. Bola darhol yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilishi kerak. Bemor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda ovozi bo‘g‘ilishidan tashqari, tana harorati ko‘tarilishi, burun oqishi, ko‘z yoshlanishi (konyuktivit) belgilari kuzatilishi mumkin. Og‘ir holatlarda bemor talvasaga tushadi.

Agar bolada raxit, kamqonlik, diatez (chilla yara) kasalliklari,O‘RVI va gripp sababli yuqori va quyi nafas a’zolarida yallig‘lanish belgilari kuzatilsa, uni o‘z vaqtida davolash, parhezga qattiq rioya qilish kerak. Gripp epidemiyasi vaqtida bolani u sog‘lom paytida albatta ushbu kasallikka qarshi emlatish lozim. Ovoz bog‘lamini ham zo‘riqtirmaslik lozim.

– Laringitni uy sharoitida davolasa bo‘ladimi? Nima sababdan ushbu kasallik bilan og‘rigan bemor tomog‘ini (Lyugol eritmasi yoki boshqa dori vositasi bilan) artish mumkin emas?

– Bu kasallikni uy sharoitida davolash tavsiya qilinmaydi. Darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Shifokor kelgunga qadar bolaning oyog‘iga issiq yoki bug‘li vanna qilinadi. Shifoxona sharoitida ishqorli ingalyasiya o‘tkaziladi. Qolgan muolajalar bolaning ahvoliga qarab tavsiya etiladi. Vaqtida shifokorga murojaat qilsangiz, bola 4-5 kunda batamom sog‘ayib ketadi. Aks holda har xil asoratlarga, ya’ni quloq shilliq pardasining yallig‘lanishi (otit), burun shilliq pardasining yallig‘lanishi (rinit), bronxlarning yallig‘lanishi (bronxit), pnevmoniya (zotiljam) kasalliklariga olib kelishi mumkin. Laringit bilan og‘rigan bemor bolaning tomog‘ini artish mumkin emas. Chunki, bu sohani artish paytida tovush paylari yanada torayib, shishib, uning tirqishi bekilib qolishi mumkin. Bundan tashqari bolalarning nafas yo‘llari tor bo‘lib, shilliq qavat shikastlanishi tufayli bu soha yanada shishib ketadi.

– Qanday davo choralari ko‘riladi?

– Bemorlarga birinchi navbatda parhez qilish, ko‘proq iliq holdagi suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Davolash jarayonida ingalyasiya, balg‘am ko‘chirish va virusli infeksiyaga qarshi vositalardan foydalaniladi. Uch yoshgacha bo‘lgan bolalarni o‘tkir respirator infeksiyalardan saqlash muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, ularning immunitetini oshirish chora-tadbirlarini shifokor tavsiyasiga qat’iy amal qilgan holda bajarish zarur.

Laringit kasalligi profilaktikasida bolalarni chiniqtirish hamda nafas yo‘llari gimnastikasi katta ahamiyatga ega. Ertalabki badantarbiya ham kichkintoyning sog‘lig‘ini tiklashda muhim ahamiyatga ega.

Yana o‘qing:  Miyaning ichki bosimi oshishi xavflimi?

Ha, “Qayering og‘risa, jon shu yerda”,– deydi dono xalqimiz. Umrimiz mazmuni bo‘lgan bolajonlar aslo xastalanmasin. Ularning sog‘lig‘i nafaqat bizning balki butun jamiyatning bebaho boyligi hisob­lanadi.

Jamila HAYDAROVA suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: