Laktostaz – talaba onalar xastaligi (mi?)

Bu xastalik ko‘krakda sut turib qolishi sababli asosan emizikli ayollarda kuzatiladigan holatdir. Uning qay tarzda rivojlanishini bilish uchun avvalo, sut bezining qanday tuzilganligi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lish kerak. Sut bezlari o‘rtacha 15-20 ta sut ishlab chiqaruvchi bo‘lakchalardan iborat bo‘ladi.

Bu bo‘lakchalar sut yo‘llari orqali so‘rg‘ich, ya’ni ko‘krak uchi bilan bog‘lanadi. Agar birorta sut bo‘lakchasida ma’lum vaqt davomida ona suti yig‘ilib qolsa va buning natijasida ushbu suyuqlik quyilib qolsa, uning so‘rg‘ich orqali ajralishi qiyinlashib qoladi. Agar bu holat uzoq vaqt davom etsa emizikli ayolda laktostaz rivojlanadi.

Dastlab dard boshlanganda bemorning ko‘kragi og‘irlashib qoladi. Keyin u shishib ketadi va ushbu a’zoda og‘riq paydo bo‘ladi. Qo‘l bilan paypaslab ko‘rilganda ko‘krak bezining bo‘lakchalari qattiq bo‘lib qolganini sezish mumkin. Ba’zi hollarda sut bezi terisining qizarishi va tana haroratining ko‘tarilishi kuzatiladi.

Kasallikning asosiy sabablaridan biri noto‘g‘ri emizish yoki ko‘krakni bolaga to‘g‘ri bermaslik hisoblanadi. Ba’zi hollarda laktostaz kasalligining rivojlanishiga so‘rg‘ichning yassiligi ham sabab bo‘ladi. Yassi so‘rg‘ichni mittivoy emishga qiynaladi va sutni yetarli darajada so‘rolmaydi. Go‘dakni emizishda nafaqat ko‘krak uchini balki uning atrofidagi areolani (aylana)ni ham bola og‘ziga olishi kerak. Shundagina sut bezlari to‘liq bo‘shaydi. Undan tashqari emizikli ona bolani muntazam tarzda har 2-3 soatda emizib turishi kerak. Ko‘p hollarda laktostaz rivojlanishiga o‘z vaqtida chaqaloqni emizmaslik sabab bo‘ladi. Bu holat asosan talaba onalarda yoki biron sababga ko‘ra ishini tashlay olmaydigan yosh ayollarda kuzatiladi. Ular o‘qish yoki ish sababli vaqt topib ko‘kragini sog‘ib turishlari kerak.

Laktostaz holatini keltirib chiqaruvchi sabablardan yana biri so‘rg‘ich terisining yorilishdir. Bunda so‘rg‘ich haddan ortiq sezuvchan bo‘lib qoladi. Chunki unda juda ko‘p asab tolalari mavjud. Shuning uchun ham uning terisida yoriq paydo bo‘lganda ayol kishi juda kuchli og‘riq sezadi. Emizikli ayol go‘dagini emizishdan qo‘rqib qoladi. So‘ngra sun’iy ravishda emizish vaqtini cho‘zadi va natijada ko‘krakka sut yig‘ilib, unda suyuqlik turib qoladi va laktostaz rivojlanadi. So‘rg‘ich terisi yorilmasligi uchun bolaga ko‘krakni to‘g‘ri tutish kerak.

Sut bezlarining yallig‘lanishi ham laktostaz rivojlanishiga olib keluvchi yana bir sabab hisoblanadi. Yallig‘lanish natijasida sut ishlab chiqaruvchi sut bo‘lakchalari shishib ketadi va sut yo‘llarini siqib qo‘yadi. Oqibatda ona suti tashqariga chiqolmay ko‘krak bezida qolib ketadi. Bu holatda darhol mammalogga murojaat etilmasa mastit kasalligi rivojlanishi mumkin.

Yana o‘qing:  Sog‘lom buyraklar – organizm tayanch nuqtasi

Mutaxassis bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib bo‘lgach, ultratovush usuli bilan ko‘krak to‘qimasining holatini tekshirib ko‘radi. Agar unda tugunli hosilalar yoki yiringli xalta yo‘qligiga ishonch hosil qilsagina davolash muolajalarini amalga oshiradi.

Laktostaz kasalligini davolashning birinchi sharti ko‘krakni sog‘ib tashlashdir. Dastlab mammalogning o‘zi bemor ona ko‘kragini maxsus tibbiy asbobda sog‘ib tashlaydi. Undan so‘ng qanday qilib ko‘krakni to‘g‘ri sog‘ib tashlash mumkinligini hamda qanday yo‘l tutsa laktostaz qaytalanmasligini bemorga tushuntiradi.

 

Dilobar MIRRAHIMOVA,

tibbiyot fanlari doktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: