Go‘daklarda kamqonlikning kechishi

Hozirgi kunga kelib ekologik muhitning yomonlashuvi, kundalik iste’mol qilinayotgan mahsulotlarda kerakli darmondorilarning etishmasligi natijasida bir qancha kasalliklar yuzaga kelmoqda.

Bugun ana shunday kasalliklardan biri bo‘lgan kamqonlik ya’ni, anemiya haqida to‘xtalmoqchimiz. Qon tarkibidagi gemoglobin miqdorining pasayib ketishi kamqonlik kasalligiga sabab bo‘ladi. Miyaga kislorod etkazib berish esa aynan qondagi gemoglobinning asosiy vazifasidir. Bu kasallik bilan og‘rigan bemorlarda turli infeksion xastaliklarga chalinish xavfi yuqori bo‘lib, uni tezda bartaraf etish qobiliyati past bo‘ladi. Qon tarkibida organizmning hayotiy o‘sib rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan oziq moddalar mavjud.

Kamqonlikka chalinmaslik uchun qondagi gemoglobin miqdorining me’yorda bo‘lishiga ahamiyat bering hamda kundalik taomnomangizni temir moddasiga boy bo‘lgan mahsulotlar bilan boyiting.

Ushbu kasallik bolalarning jismoniy va ruhiy rivojlanishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Bemor bolalar o‘z teng­doshlaridan aqliy qobiliyati past­ligi sababli ortda qola boshlaydi. Kamqonlik bolaning dars jarayonida vazifalarni yaxshi o‘zlashtira olmasligi, uyquchanlik, xotiraning pasayishi, tez kasallikka chalinishi, bosh og‘rig‘i va boshqa shu kabi ko‘rinishlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Bolalarda kamqonlik kasalligini tezda aniqlash va uni vaqtida davolash zarur. Ularning o‘z vaqtida ovqatlanishi, vitaminlarga boy mahsulotlarni iste’mol qilishi kelajakda sog‘lom bo‘lib voyaga yetishini ta’minlaydi.

Shuningdek, kamqonlik kasalligi ayollarda homilaning normal yetilishiga va sog‘lom rivojlanishiga ta’sir etib, tug‘ish paytida kuzatiladigan asoratlarning ko‘payishiga olib keladi. Bundan tashqari, temir tanqisligi, ya’ni kamqonlik aniqlangan ona tug‘ilajak farzandiga yetarli miqdorda temir zahirasini bera olmaydi. Oqibatda chaqaloq ruhiy va jismoniy rivojlanishdan ortda qoladi.

Kamqonlikning belgilari quyidagilar:

Terining quruqlashishi, og‘iz burchagining va tovonning yorilishi, sochning tez sinishi va to‘kilishi, tishlarning mo‘rt bo‘lib yemirilishi, tirnoqlarning yup­qalashishi, ko‘chishi va sinishi, tirnoq shaklining o‘zgarishi, hid sezishda (quruq yerdan suv sepilganda chiqadigin hid, shuningdek, kerosin, benzin, tamaki, mashina motoridan chiqadigan hidlarni yoqtirish) va ta’m bilishda (kesak, gilvata, choy shamasi, xom go‘sht, makaron, guruch yeyishga moyillik) kabi o‘zgarishlar kuzatiladi.

Temir moddasi tabiiy holda oziq-ovqatlar tarkibida yetarlicha mavjud. Faqat temir moddasini ko‘p tutadigan va insonga zarur bo‘ladigan oziq-ovqatlardan yetarli miqdorda yoshlikdan boshlab, uzluksiz iste’mol qilinsa bo‘lgani.

Yana o‘qing:  Mikroblar inson o‘limining sanasini aniqlashga yordam beradi

Chaqaloqlarda uchraydigan kamqonlikni davolash qanday amalga oshiriladi?

Bugungi kunda yosh bolalar va chaqaloqlarda uchrayotgan kamqonlik kasalligining kelib chiqishiga bir qancha omillar sabab bo‘lmoqda. Avvalo homiladorlikni rejalashtirish davrida bo‘lajak onani sog‘lomlashtirishga ahamiyat berish lozim. Ona organizmidagi har bir o‘zgarish bolaga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Shu sababli homilador ayol o‘z salomatligi haqida jiddiy qayg‘urishi lozim. Bo‘lajak onaning kondagi gemoglobin miqdori kamida 120 g/l ni tashkil etishi lozim.

Chaqaloqlardagi kamqonlikning kelib chiqishiga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin:

– Bolani noto‘g‘ri ovqatlantirish;

– bola me’da-ichak kasalligi bilan og‘riganda;

– sun’iy ovqatlantirish davomida;

– chala tug‘ilgan chaqaloqlarda;

– o‘tkir infeksion kasalliklarga chalinganida va hakozo;

– bola organizmi temir moddasini yaxshi o‘zlashtira olmasligi natijasida temir tanqisligi yuzaga kelishi mumkin.

Chala tug‘ilgan chaqaloqlarga me’yorda o‘sib rivojlanishi uchun 2 oy davomida qo‘shimcha ravishda Ye vitamini berib boriladi. Chaqaloqlarga dastlabki 2 oy davomida temir preparatlari berish tavsiya etilmaydi. Sababi chaqaloq organizmi hali judayam nimjon, yangi hayotga hali to‘liq moslasha olmagan bo‘ladi. Bu davrda o‘ziga kerakli bo‘lgan ozuqani faqat ona sutidan oladi. Juda zarur holatlarda shifokor maslahati bilan temir preparati kichik miqdorda berilishi mumkin. Kamqonlik bilan tug‘ilgan chaqaloqlarga 2 oy bo‘lganidan so‘ng unga temir preparati berish mumkin.

Bu kasallik chaqaloqning ota-onasidan irsiy gemolitik kam­qonlik sifatida ham o‘tishi mumkin. Chaqaloqlarning gemorragik kasalligi esa – vitamin K va qon ivishini ta’minlovchi omillarning yetishmovchiligi natijasida kelib chiqadi.

Gemorragik kasalliklarda chaqaloq tug‘ilgandan so‘ng vitamin K preparati shifokor tekshiruvi ostida amalga oshiriladi.

Homiladorlik davrida bo‘lajak ona o‘zining gemoglobin miqdorini me’yoriy holatga keltirib olsa, tug‘ilajak bolada kamqonlik kasalligi bilan chalinishining oldi olinadi. Buning uchun taomnomada gemoglobin miqdorini oshiruvchi mahsulotlar bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.

Giperbilirubinemiya (sariqlik) kasaliga bee’tibor bo‘lmang

Chilla davrida chaqaloqdagi sariqlik qanday aniqlanadi? Sariqlikning kelib chiqish sabablari?

Giperbilirubinemiya (sariqlik) – bu qon tarkibidagi bilirubin miqdorining yuqoriligi va sariqlikning klinik ko‘rinishidir. Chaqaloqlardagi giperbilirubinemiya, ya’ni sariqlikka jiddiy qarash lozim. Sababi qondagi bilirubin miqdori oshib ketsa, natijada miyani shikastlashi va jiddiy funksional buzilishlarga olib kelishi mumkin. Ko‘pincha bu kasallik belgilarsiz rivojlanadi. Bolaning umumiy ahvoli yaxshi bo‘ladi. Jigar va qorataloqda o‘zgarishlar sezilmaydi. Go‘dakning peshob va axlat analizlari ham odatdagidek bo‘lishi mumkin. Ba’zi hollarda esa ushbu kasallik uyquchanlik, ishtahaning pasayishi kabi belgilar bilan markaziy asab tizimini shikastlashi kuzatiladi. Sog‘lom tug‘ilgan chaqaloqlarda hayotining ikkinchi, uchinchi haftalariga borib sariqlik belgilari yo‘qoladi.

Yana o‘qing:  Ko‘zlar – qalb ko‘zgusi

O‘z vaqtida tug‘ilgan chaqaloqlarda 3-4-kundan to 14-kungacha, chala tug‘ilgan chaqaloqlarda esa 24 kungacha fiziologik sariqlik kuzatilishi mumkin. Yangi tug‘ilgan chaqaloqda 24-36 soat davomida sariqlikning dastlabki belgilari namoyon bo‘ladi. Shu sababli chaqaloq hayotining birinchi kunlarida paydo bo‘ladigan har bir sariqlikni jiddiy tarzda qabul kilish va zudlik bilan bolani tekshirish va davolash zarur.

Bu borada neonatolog – shifokorning birinchi vazifasi – sariqlikning belgisi, uning fiziologik yoki patologik sariqlik ekanligini aniqlashdan iborat. Buning uchun onaning boshdan kechirgan kasalliklari, qon tahlili, oilaviy kasalliklar tarixi, bolaning ota-onasining qon guruhini aniqlash juda muhim vazifalardan biridir.

Chaqaloqdagi sariqlikning namoyon bo‘lish shakli ma’lum bir ketma-ketlikda bo‘ladi. Sariqlikning tezligi va ortib borish jadalligini to‘g‘ri aniqlash lozim. Bu fiziologik sariqlikni patologik sariqlikdan ajratish uchun ko‘p jihatdan yordam beradi.

Agar sariqlik chaqaloq hayotining dastlabki kunidayoq tanasining turli qismlarida, hayotining ikkinchi kunida esa kaftlar va tovonlarda kuzatilsa, zudlik bilan fototerapiya shifokor tekshiruvi ostida amalga oshiriladi.

Agar bolaga o‘z vaqtida va zarur yordam ko‘rsatilsa, bu belgilar o‘tib ketishi mumkin. Biroq, o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmasa, kasallikning og‘ir hollarida bilirubinning yuqori ko‘rsatkichi yangi tug‘ilgan chaqaloqning miyasini shikastlashi mumkin. Oqibatda esa bemorning nogironligi va hatto o‘limiga olib keluvchi sariqlikni keltirib chikarishi mumkin.

Giperbilirubinemiya – sariqlikning xavfli omillari quyidagilardan iborat:

– Onaning homiladorlik davrida boshidan o‘tkazgan og‘ir xastaliklar, shu jumladan, qandli diabet, turli infeksiya, virusli kasalliklarga chalinganligi;

– tug‘ruq paytidagi jarohatlar, ko‘karishlar ham sabab bo‘lishi mumkin;

– yangi tug‘ilgan chaqaloqlar sepsisi;

– ko‘krak suti bilan yetarli ovqatlantirmaslik (sariqlikning erta ko‘rinishi);

– oilaviy genetik, tug‘ma, nasldan o‘tuvchi kasalliklar ham sariqlik belgisiga sabab bo‘lishi mumkin.

I toifali neonatolog Feruza Jabborova tavsiyalari asosida Nargiza Uglamova tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: