Diareya – bolalar uchun xavfli

Ma’lumki, yoz faslida ayrim yuqumli kasalliklarga chalinish xavfi ortadi. Ayni damlarda ayrimlarda kuzatiladigan qorin sohasidagi og‘riq, isitma ko‘rinishida yuzaga chiqayotgan diareya ham shulardan biri. Diareya yuqumli oshqozon-ichak kasalligi bo‘lib, infeksiyani XX asrning 70-yillarida Avstraliyada kashf qilingan rotaviruslar qo‘zg‘atadi. Ushbu kasallik odam organizmiga og‘iz orqali tushadi. Yuqumli kasalliklar shifokori Jamol Mustafoyev diareyaning kelib chiqish sabablari, davolash yo‘llari hamda oldini olish choralari haqida ma’lumot berdi.

— Manbalarda ta’kidlanishicha, tibbiyotda rotavirus infeksiyasining A, V, S, D va Ye kabi beshta guruhi aniqlangan. Aksariyat kasalliklarni A guruhiga mansub virus qo‘zg‘atadi. Kasallikni yuqtirgan bemorlar virus tashuvchi vazifasini o‘taydi.

Ma’lumotlarda keltirilishicha, har yili dunyoda 275 million yosh bola va katta yoshdagi kishilar ushbu kasallikka chalinar ekan.

Diareya kimlarda ko‘p uchraydi?

— Diareya asosan oziq-ovqat mahsulotlarini yuvmasdan iste’mol qilish, tozalik gigiyenasiga rioya etmaslik natijasida yuqadi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, ushbu xastalik yosh bolalarda ko‘p uchraydi va yildan-yilga bunday hollarning ortgani kasallik profilaktikasini yanada kuchaytirish lozimligini ko‘rsatadi. Bu kasallikka ayniqsa 1 — 6 yoshdagi bolalar ko‘proq chalinadi. 90 foiz hollarda kasallik 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Ona suti bilan oziqlanadigan bolalarda uchramaydi. Chunki ona suti tarkibida mikroblarni qiruvchi faol modda bor va bu modda go‘daklarni turli yuqumli kasalliklardan asraydi. Aksincha, ko‘krak suti bilan oziqlanmaydigan, kamqonlik, raxit, yod tanqisligi muammosi bor bolalarda rotavirus infeksiyasini yuqtirish xavfi ancha yuqori bo‘ladi. Diareya bilan kasallangan bemorlarning aksariyatini xuddi shunday bolalar tashkil etishi bunga misol.

Ushbu alomatlarga befarq bo‘lmang!

— Ba’zan virus yuqtirgan kishi 3-4 kun  holsiz, ishtahasiz yuradi, bu paytda kasallikning yashirin davri kechadi. Ko‘p hollarda esa kasallik keskin boshlanadi. Ya’ni tana harorati to‘satdan 38-39 darajagacha ko‘tariladi va 1-2 kun davomida tushmaydi. Dastlab bu belgilarga oddiy tumov va tomoq og‘rig‘i deb qaraladi. Ba’zi shifokorlar bu holni nafas yo‘llari kasalligi, bunga isitma ham qo‘shilsa, gripp deb xato tashxis qo‘yishadi. Ushbu virus oshqozon-ichak yo‘lida tarqalib, asta-sekin ovqat hazm qilish fermentlarini ishdan chiqaradi. Ko‘ngil aynishi, ich ketishi va qayt qilish boshlangach, bolaning ahvoli og‘irlashadi. Bemorda kun davomida 15 marta va undan ortiq ich ketishi ro‘y berganda, bir sutkada 1 litrdan ko‘proq suyuqlik yo‘qotishi mumkin. Bu hol davom etaversa, tanadagi suvsizlanish ham ortib boraveradi va bu bemor hayoti xavf ostida qoladi.

Yana o‘qing:  Bolalar salomatligini asrash millat va sarhad bilmaydi

Agar bolada yuqorida qayd etilgan alomatlar kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qiling. Shifokor kelgunicha esa uy sharoitida bemorga yordam berish lozim. Shifokor kuzatuvi ostida davolansa, bemor 10-12 kunda butunlay sog‘ayib ketadi.

Uy sharoitida bemorga yordam berish

— Diareyaga chalingan bolaga uy sharoitida yordam berish mumkin. Agar bolada ich ketishi ko‘p kuzatilsa, zudlik bilan organizm suvsizlanishining oldini olish kerak. Buning uchun suyuqlik sifatida: regidron eritmasi, qaynatilgan suv, anor po‘chog‘i damlamasi, kefir, gazlanmagan mineral suv beriladi. Momolarimiz esa bunday paytda sinalgan usullardan foydalanishadi. Ya’ni bolada ich ketishi, isitma kuzatilsa, albatta guruch qaynatmasini yoki tabiiy usulda ariq va daryolar bo‘yida o‘suvchi qirqbo‘g‘in o‘tidan damlama tayyorlab ichirishadi. Shuningdek, zarang joyda o‘suvchi kelinsupurgini qaynatib, shu suvda bolani cho‘miltirishadi. Bu usullar xavfsiz va foydali bo‘lib, yozning jazirama issig‘ini ham oladi. Yuqorida aytilgan suyuqliklarni bolaga oz-ozdan va tez-tez berib turish lozim. Birdan ko‘p suv ichirilganda, sillasi qurigan bola charchab, qayt qilishi mumkin. Shuning uchun suv ichirishda bemor bolaning holatiga e’tibor berish zarur bo‘ladi.

Kasallikning oldini olamiz…

— Har qanday kasallikning oldini olishda viruslarga qarshi kurashish yaxshi natija beradi. Ro‘zg‘orimizda birinchi navbatda iste’mol qilinadigan suyuqliklar, ya’ni suv, sut kabilarning yaxshi qaynatilishiga e’tibor berish kerak. Shuningdek, meva — sabzavotlarni toza suvda obdan yuvish, so‘ngra qaynoq suv bilan chayib tashlash kasallikka chalinishning oldini oladi. Idish-tovoqlar tozaligi, uy saranjomligi salomatligimiz uchun xizmat qilishini unutmaslik zarur.

Bilamizki, kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan afzal. Shunday ekan, diareya va boshqa shu kabi yuqumli kasalliklardan himoyalanishning eng muhim va oson yo‘li tozalikka rioya qilish, hushyorlik va ehtiyotkorlik ekanligini yodimizdan chiqarmaylik.

S. ALLAYOROVA yozib oldi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: