Bolada immunitet pasaysa…

Organizmda turli yallig‘lanish jarayonlari kuzatiladi

Ma’lumotlarga ko‘ra, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari yil davomida bir necha marta gripp va O‘RVI(o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar bilan og‘rir ekan. Bolalar maktab yoshiga yetgach esa bu ko‘rsatkich birmuncha qisqaradi. Bu yoshdagi bolalar orasida tomoq og‘rig‘i, burun bitishi va gaymorit kabi kasalliklar tez-tez uchrab turadi. Ayniqsa, kuz va qish faslida mavsumiy kasalliklar avj oladi. Kasalliklarning uzoq davom etishi va tez-tez qaytalanishi jiddiy asoratlarga sabab bo‘layotgani ko‘pchilik ota-onalarni tashvishlantiryapti. Shifokorlarning aytishicha bolaning tez-tez shamollashi uning immuniteti bilan bog‘liq ekan. Bu borada malakali pediatr – shifokor Mahfuza Muhammedjanova bilan suhbatlashdik.

Xo‘sh, immunitet o‘zi nima? U bizga nima uchun kerak? Avvalo, immunitet haqida biroz ma’lumot berib o‘tsak. Infeksiya va bakteriyalarga qarshi tanamizdagi immun tizimi kurashadi. Immunitet har bir organizmda individual shakl­langan bo‘ladi. Bir yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlarda esa immunitet ona organizmidan go‘dakka ona suti orqali o‘tadi va shuning natijasida bolada tabiiy immunitet hosil bo‘ladi. Bu esa bolani turli kasalliklardan himoya qiladi. Tug‘ilgandan so‘ng bolada sun’iy immunitet hosil bo‘lishi uchun bola profilaktik tarzda emlanadi. Natijada bola organizmida turli xil infeksion kasalliklarga qarshi immunitet paydo bo‘ladi.

So‘nggi paytlarda bir yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida shamollash ko‘p uchrab turibdi. Sababi onaning homiladorlik davrida ko‘p shamollashi, ota-onaning TORCH infeksiyasini yuqtirib olganligi va ularda anemiya (kamqonlik) kabi kasalliklar aniqlangani asosiy sabablardan biridir. Shuningdek, bo‘lajak onaning homiladorlikda to‘g‘ri ovqatlanmasligi ham buning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Bolada immunitet tanqisligiga yuqoridagilar yetarli sabab bo‘la oladi.

Immunitet bilan bog‘liq muammolarga yana bir qancha omillar sabab bo‘lib, avvalo bolani pediatr-shifokor tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib, so‘ng aniq xulosaga kelish mumkin.

Nasldan-naslga o‘tuvchi yuqumli, infeksion va surunkali kasalliklar ham bolaga ota-onadan o‘tishi tibbiyotda isbotlangan. Shu sababli ota-ona salomatligi bola hayoti uchun muhim ahamiyatga ega. Birinchi navbatda homiladorlikni rejalashtirishdan avval ona o‘z salomatligini tiklashi va sog‘lom farzand dunyoga keltirishi uchun qayg‘urmog‘i kerak. Onaning salomatligi, homiladorlik davrini yaxshi kayfiyatda o‘tkazishi bolaning sog‘lig‘i uchun muhimdir.

 

Immunitet pastligi qanday aniqlanadi?

Yana o‘qing:  Qattiq jazolash bolalarning agressivligiga sabab bo‘ladi

Agarda bola yil davomida O‘RVI(o‘tkir respirator virusli infeksiya), gripp, bronxit kabi kasalliklarga 5 marotaba, ba’zan undan ham ko‘p chalinsa, unda immunitet pasayganini bilish mumkin. Yana go‘dakda kamqonlik aniqlangan bo‘lsa (qonda gemoglobin miqdorining kamayib ketishi) immunitet tizimi ish faoliya­tini susaytiradi.

Kasallikning tez-tez qaytalanishi hamda bemor go‘dakning kasal bo‘lgan kunlarining cho‘zilishi ham uning salomatligiga jiddiy ta’sir etadi.

Shuningdek, bolaning umumiy ahvolidan ham uning immuniteti pastligini bilish mumkin. Masalan, bemorning ko‘z atrofi ko‘karishi mumkin. Unda holsizlanish va kamquvvatlilik kabi belgilar kuzatiladi.

Ko‘pchilik bolalarda jigarning kattalashishi bilan immunitet tizimi faoliyati haqida ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.

Tez-tez allergik kasalliklarga chalinadigan hamda disbakterioz xastaligiga moyil bolalarda immunitet pastligi kuzatiladi.

Yuqoridagi holatlardan biri bolada mavjud bo‘lsa darhol shifokorga murojaat qilish zarur. O‘z vaqtida bolani davolash uning salomatligini tezda tiklashda yordam beradi.

 

Organizmni chiniqtirish uchun nima qilish kerak?

Birinchi navbatda bolani shifokor-pediatr ko‘rigidan o‘tkazish kerak. Uning umumiy ahvoliga qarab, maxsus tibbiy analizlarni topshirish talab etiladi. Misol uchun qon tahlili, peshob va axlat analizini topshirish shart.

Bundan maqsad bolaning ichki a’zolarida yuz berayotgan o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlashdan iboratdir. Bolalar orasida ko‘p uchrab turadigan gijja va uning boshqa turlari immun tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bundan tashqari qon tarkibidagi turli infeksiya qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Immunitet tizimini ishdan chiqaruvchi zararli viruslarni qon tahlili orqali aniqlash mumkin. Buni aniqlamay turib, bolaga to‘g‘ri davolash usulini qo‘llash qiyin.

Shuningdek, bola salomatligini mustahkamlash uchun uning kundalik taomnomasiga to‘yimli va kaloriyaga boy mahsulotlardan qo‘shish maqsadga muvofiqdir.

Shu jumladan go‘shtli va sabzavotli ovqatlar, mevalar, dengiz mahsulotlari, tuxum, vitaminlarga boy tabiiy sharbatlar va sut mahsulotlari bolaning kundalik taomnomasida bo‘lishi zarur.

Suv, havo va quyosh vannalari organizmni chiniqtirishda muhim omil hisoblanadi.

(Davomi bor)

Nargiza UGLAMOVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: