Barvaqt qo‘yilgan tashxis – eng yaxshi himoya

Jahon tibbiyotida onkologiya eng murakkab sohalardan biri. O‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha yurak qon-tomir xastaliklari birinchi o‘rinda tursa, ikkinchi o‘rinni o‘sma kasalliklari egallaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi 10-15 yil davomida o‘sma kasalliklari ko‘rsatkichlari jadal ortib bormoqda va 2020 yilga borib ushbu xastaliklar bilan kasallangan bemorlar soni o‘ttiz millionga yetishi taxmin qilinmoqda. Xo‘sh, saraton xastaligi va uning paydo bo‘lish alomatlari haqida nimalarni bilish kerak va undan qanday ogoh bo‘lish zarur? Ushbu savollar bilan Qashqadaryo viloyati Onkologiya dispanseri bosh shifokori To‘raqul XOLIQOVga murojaat etdik:

— Saraton kasalligi to‘satdan paydo bo‘lmaydi, — deydi To‘raqul Xoliqov. — Umuman har bir kasallikning boshlanish va rivojlanish jarayoni bo‘lganidek, saraton kasalligida ham shu davr mavjud. Ko‘pincha u kasallik surunkali kechadigan patologik o‘zgarishlardan so‘ng rivojlanadi. Shuningdek, teri, me’da, bachadon bo‘ynidagi uzoq vaqt bitmaydigan yaralar, poliplar, sut bezlari fibroadinomatozi va hokazolar oqibatida ham paydo bo‘ladi. Demak, saratonga sabab bo‘ladigan omillar o‘z vaqtida bartaraf etilishi har jihatdan maqsadga muvofiq.

Saraton kasalligining xarakterli xususiyatlaridan biri shuki, to‘qimada o‘simta hosil bo‘lib rivojlangandan keyingina kasallik belgilari yuzaga chiqadi va tanadagi o‘simta o‘sayotgan a’zoning funksiyasi keskin buziladi. Saraton kasalligi boshlanayotganda, u tananing qaysi qismida rivojlanayotganidan qat’i nazar, qattiq og‘riq bermaydi. Ba’zi hollarda kasallangan shaxs og‘riqni sezmasligi ham mumkin. Shuning uchun bemor vrachga kech murojaat qiladi. Shu tufayli ham kasallik ancha jiddiylashib ketadi va uni davolash jarayoni qiyin kechadi. Baribir har qanday sharoitda organizmda biron o‘zgarish hosil bo‘lsa, darhol shifokorga uchrashish lozim, shundagina saraton kasalligining oldini olish, agar u boshlangan bo‘lsa, davolash mumkin.

Erkaklarda ko‘pincha me’da, bronxlar, teri, pastki lab, og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, o‘pka (xususan, kashandalarda bu kasallik rivojlanishi tayin, chunki nikotin o‘pka faoliyatini borgan sari ishdan chiqarib boradi), tanosil a’zolarida saraton kasalligi uchraydi. Ayollarda esa o‘zgacha. Ularda bachadon, ovqat hazm qilish a’zolari, sut bezlari va terida mazkur kasallik rivojlanadi.

Olimlarning izlanishlari shuni ko‘rsatadiki, butun dunyoda ekologiyaning buzilishi, insonlarning turmush tarzida zararli odatlarning, shu jumladan, tamaki va alkogol iste’mol qilishning ko‘payishi, o‘z navbatida, onkologik xastaliklarning ham ortishiga olib kelmoqda. Misol uchun, o‘pka saratoni bilan og‘rigan bemorlarning 96 foizini tamaki chekuvchilar tashkil qiladi. Bundan tashqari, quvvatsizlik, ozish, sababsiz kamqonlik, bosh aylanishi kabi holatlarni sezgan kishilarning shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilmasligi ham o‘sma kasalliklarining o‘z vaqtida aniqlanmasligiga sabab bo‘layapti. Bunday belgilar o‘sma kasalliklarida tez-tez uchrab turadigan holat hisoblanib, ushbu o‘zgarishlarni o‘zida payqagan kishi albatta shifokor ko‘rigidan o‘tishi kerak.

Kasallikka qarshi kurashish, davolash faqatgina shifokorning vazifasi emas. Avvalo, har bir inson o‘z salomatligi haqida qayg‘urishi, hech bo‘lmaganda, yiliga ikki marotaba tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishi lozim. Joylarda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazganimizda, eng avvalo, ana shu masalaga e’tibor qaratamiz. Inson har doim sog‘lom turmush tarziga amal qilishi barobarida, o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lmog‘i lozim. Har qanday xastalikni davolagandan ko‘ra, oldini olgan ma’qul, oson. Negaki, boy berilgan vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaganidek, sog‘liqni ham tiklash mushkul.

Yana o‘qing:  SIZ QANDAY O‘ZGARASIZ?

Muxtasar aytganda, ushbu xastalik bedavo emas. Davolanish jarayonidagi e’tibor, kasallikni yengishga bo‘lgan ishonch, yashashga kuchli ishtiyoq bu xastalikni mag‘lub qila oladi. Zero, ruhiy madad insondagi o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi, kurashga, yashashga undaydi.

 

Shohista BOZOROVA yozib oldi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: