Yuzingdagi tabassumdan quyosh kuch olsin

Marg‘ilon shahridagi 1-sonli “Mehribonlik” uyida ulg‘ayayotgan 156 nafar o‘g‘il-qizning kelajak haqidagi orzu o‘ylari bir dunyo. Ularning ertangi kunga umid va ishonchi katta. Tarbiyachilar esa bu yo‘lda bolajonlarga eng yaxshi hammaslak va qanotdir.

– Davlatimiz ko‘magi va homiylarning yordami tufayli “Mehribonlik” uyida tarbiyalanuvchi bolajonlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan, – deydi muassasa rahbari Kamoliddin Yoqubov. – Barcha xonalar zamonaviy axborot texnologiyalari va maishiy texnika vositalari bilan ta’minlangan. Farg‘ona Neftni qayta ishlash zavodi homiyligida zamonaviy, shinam hammom binosi qurib berildi. Shukr, bolalarimizning barchasi aqlli-hushli, odobi, iqtidori bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lsa arziydi. Qiziqarli badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan jihozlangan kutubxonalar-u, turli to‘garaklarda o‘g‘il-qizlarimizning faolligini ko‘rib quvonaman. Hammasi o‘z kelajagini bunyod etishga kirishgan.

Yozning issiq taftidan kishi soya-salqin joylar, suv havzalari bag‘rida hordiq olishni xush ko‘radi. Bunday maskanlar, ayniqsa, bolalarning jon-u dili. Tarbiyalanuvchilarning yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazishlari uchun muassasa xodimlari yaxshi tadorik ko‘rib qo‘yishgan. Tarbiyalanuvchilar “Mehribonlik” uyiga qarashli Quvasoy tuman Lashkar qishlog‘ida yozgi sog‘lomlashtirish oromgohiga navbatma-navbat jo‘natilyapti. Hozirda o‘g‘il-qizlar bahavo, manzarali go‘shada miriqib hordiq olishmoqda.

Ayni kunlarda muassasada tarbiyalanuvchilarning ham hordiq, ham kasbga yo‘naltirish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ularning dam olishdan tashqari bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazish maqsadida “Mehribonlik” uyida tikuvchilik, kompyuter, ”Bolalar folklori”, “Yosh musavvirlar” kabi to‘garaklar faoliyat yurityapti.

– Muassasamizda biz tarbiyalanuvchilarni madaniy-estetik, tabiiy-ilmiy, texnik, sport va boshqa yo‘nalishlarda ham bilim olishimiz uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, – deydi “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchisi Zuhra Olimova – Men shaxmat va shashkaga qiziqaman. Joriy yilning yanvar oyida Farg‘ona shahrida sportning shaxmat turi bo‘yicha o‘tkazilgan 18 yoshgacha qizlar o‘rtasida viloyat birinchiligi musobaqalarida ishtirok etib, faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdim. O‘ylaymanki, asosiy yutuqlarim hali oldinda.

Bola rag‘bat va e’tibordan o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi. Buni inobatga olgan muassasa rahbariyati “Mehribonlik” uyida tarbiyalanuvchilarning sport bilan doimiy shug‘ullanishlari va sog‘lom turmush tarziga oshno bo‘lishlarini ta’minlash maqsadida turli tadbir va musobaqalar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratadi. Marg‘ilon shahar mudofaaga ko‘maklashuvchi Vatanparvar tashkiloti tomonidan Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan sportning “Havoli miltiqdan o‘q otish” turi bo‘yicha viloyat birinchiligi o‘tkazdi. Unda muassasaning bir qator o‘quvchilari ishtirok etishdi. Shuningdek, Yozyovon tumanida bo‘lib o‘tgan yozgi “Biatlon” sport turi bo‘yicha viloyat birinchiligida ham muassasa tarbiyalanuvchilari faol ishtirok etib, tadbir tashkilotchilari tomonidan faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Яна ўқинг:  Sport, san’at va iroda

Sportning shaxmat to‘garagi a’zolari Vasilisa Naypak va Artur Xramsovga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan sport ustaligiga nomzod darajasi berildi.

– Bolalarimiz ahil va tashabbuskor. Ular uyushqoqlik bilan hamisha bayram va musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishadi, – deydi muassasa ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sobirjon Usmonov. – Turli tadbir tarbiyalanuvchilarimizning birgalikda chiqishi va ishtirokisiz o‘tmaydi. “East-TELECOM” kompaniyasi tomonidan ular uchun 53 nomdagi o‘yinchoqlar, shirinliklar hamda kompyuter jamlanmasi taqdim etildi. Yaqinda Janubiy Koreya Respublikasidan tashrif buyurib, yosh avlodga koreys tilidan saboq bergan murabbiy Chin Ming Yon xonim va shu davlatning COICA tashkilotining bir guruh ko‘ngilli a’zolari bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuv tarbiyalanuvchilarda katta taassurot qoldirdi.

Muxtasar qilib aytganda Marg‘ilon shahridagi “Mehribonlik” uyida bolalarning ta’lim olishlari uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Ammo muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishar ekanmiz tarbiyalanuvchilarining bugungi kunda sport bilan shug‘ullanishlari uchun sport zaliga hamda Quvasoy tumanida joylashgan yozgi sog‘omlashtirish va dam oldirish oromgohida suzish havzasiga ehtiyoj sezayotganiga guvoh bo‘ldik. O‘ylaymizki, homiylar va mutasaddi tashkilotlar muassasaning istaklarini tez kunda inobatga oladi.

Ma’rifat TOLIPOVA,

Sog‘lom avlod” muxbiri

You may also like...

Фикр билдириш

Э-почта манзилингиз чоп этилмайди. Мажбурий маълумотлар * билан белгиланган.

Хато ҳақида хабар

Муҳаррирга жўнатиладиган матн: