Yuksaklikka chorlovchi chiroq

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Respublika kitob bayramida atoqli yozuvchi, davlat va jamot arbobi Chingiz Aytmatovning o‘zbek tiliga tarjima qilingan deyarli barcha asarlari o‘quvchi-kitobxonlar e’tiboriga havola etildi. Bu xalqimizning qardosh qirg‘iz xalqiga, uning ulug‘ farzandi Chingiz oqsoqolga katta ehtirom bo‘ldi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Ijod, ilhom hech qachon millat tanlamagan. Shu bois ham o‘quvchilar Chingiz Aytmatovni o‘zlarining aziz kishisi sifatida qadrlashadi. Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning yurtimizda adibning 90 yilligini nishonlash haqidagi qarori e’lon qilingach, bu e’tibor yanada ortdi.

Ch. Aytmatov o‘tgan asrning 70 yillarida o‘lkamizga ko‘p bora tashrif buyurardi. Hozirgi O‘zMUning jurnalistika fakultetida tahsil olayotgan biz talabalar u bilan uchrashishni intiqlik bilan kutardik. Negaki uning savollarimizga bergan jo‘yali javoblari qalbimiz qabatlaridagi qorong‘ulikni nur kabi yoritardi-da. Ana shunday uchrashuvlarning birida oqsoqol O‘zbek Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan “Sarviqomat dilbarim” asari haqida iliq gaplar aytgandi. O‘shanda adib “Bu mening o‘quvchilarim safini oshirdi, o‘zbek tomoshabinlarining qalbiga ko‘prik bo‘ldi”, degandi. Oradan yillar o‘tib, shu gapni spektaklda bosh rol ijrochisi, O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimovga eslatganimda, u juda to‘lqinlanib ketgandi.

– Bilasizmi, bosh qahramon – Ilyosning qalbida odamlarni yuksaklikka chorlovchi chiroq bor. Bu chiroq hali ko‘pchilikning yo‘lini nurafshon qiladi. Insonning o‘ta nozik ruhiy olamini bera olish dunyoda Tolstoy, Chexov, Abdulla Qahhor singari yozuvchilargagina nasib etadi. Endi bu holatni hayajonli, ishonarli, favqulodda qanday tasvirlay olishni ayting. Ularning taqdiri tomoshabinlarni o‘ylantiradi, to‘g‘ri yo‘lni topishga majburlaydi.

Men spektaklni tomosha qilar ekanman, taqdir degan tuyg‘uning inson irodasi oldida ojiz ekanligini his etaman. Endi hammasini qaytadan boshlayman. Mana Ilyosning falsafasi. Mana buni mustaqillik desa bo‘ladi. Hayotdagi arzimagan sabab tufayli dunyodan yuz o‘girgan “dumbul”larga maktab. Asalchi, Asal, u axir tirik odam, chirkin hayotni tashlab, baxti uchun uydan qochib ketgandi, mana oqibat. U bechora Ilyosni qancha kutdi, vaqt uning qalbidagi ishonchni yulib oldi. Lekin kutgani hoyu havasga, aysh-ishratga uchdi, mas’uliyatni unutdi. Axir odamzot faqat kutish uchun tug‘ilmagan-ku. Keyingi pushaymon – o‘zingga dushman, hayot bir marta beriladi. Asaldan boshqa bo‘lganda ham shunday qilishi mumkin edi. Oy-hoylar, adabiyot bu – odamshunoslik. Ikkilanishlar, murg‘ak bolaning onasiga aytgan gaplari oldida tog‘lar ham bosh egadi. Bu taqdirni ardoqli san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Oydin Norboyeva gavdalantirdi. U rol ijro etarkan, sahnada o‘tirgan tomoshabinlarning “piq-piq” yig‘lagani eshitilardi.

Yana o‘qing:  O‘zbekistonda interaktiv minbar yaratildi

Biz hadeb “tarix-tarix” deymiz. Unga hurmat bilan qarab, boyliklarini saqlagan holda kelajak avlodga yetkazish kerak, deya ta’kidlaymizu ko‘pincha bilib turib o‘zimiz ichadigan suvni o‘zimiz ifloslantirayotganimizni his qilmaymiz. Mana shu tuyg‘u Chingiz oqsoqol asarlarining ham bosh mavzusi ekanligini alohida ta’kidlashimiz kerak. Uning “Bo‘tako‘z” qissasida “O, Anorxoy, o, bepoyon dasht! Nega sukut saqlaysan, nimalar haqida xayol surasan? Asrlar davomida nimalarni sir saqlab kelayapsan, oldinda seni nimalar kutmoqda?”, deb hayqiradi. Bu tuyg‘ular bizning hududlarimizda yashayotgan zamondoshlarimizni ham uyg‘otib yubordi. Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi Gumbaz qishlog‘idagi obida bir paytlar tashlandiq holatda edi. Uni mahalla faollari va fuqarolar tartibga keltirib, tariximizga bo‘lgan hurmatini izhor qilgani esimda. Hududdagi Abdulla Qahhor nomidagi maktab rahbari aynan mana shu asar ularga qattiq ta’sir qilganini aytdi. Ajdodimiz Abdullaxon cho‘llarga suv chiqargani, qovunlar ekib, yangi navlar yaratgani, sardobalar qurib, sahrodagi yo‘lovchilarning duosini olganini ta’kidladi. Sahroda bir kosa muzday suvning bahosini tashnalardan so‘rang…

Tabiatchi, tabiat? Chingiz Aytmatovning deyarli barcha asarlarida bu mavzu asosiy ahamiyatga ega, desak xato bo‘lmaydi. U yozgan durdonalarda bugun ekologiya juda katta xavf oldida turganini ta’kidlaydi. Nahrdagi kitlar suvda yashab bo‘lmasligini bilib, o‘zlarini qirg‘oqqa otayapti. Adashgan turnalar halok bo‘layapti. Tog‘lar nurayapti. Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zorini hech kim eshitmayapti. Oxir zamonning sharpasimi, bu. Yo, alhazar. Chingiz Aytmatovning asarlarini hijjalab o‘qish kerak. U sizga najot yo‘lini ko‘rsatsa, zora.

Lekin hali yaxshilar ko‘p. Bu asarlarni o‘qib, zamondoshlarimiz tabiatni e’zozlash tuyg‘ularini kamolga yetkazishmoqda. Baxmal tumanida Muzbuloq qishlog‘ida bo‘lganimda menga ibratli misolni aytib berishdi. Oyqor tog‘ining etaklarida mavjud bo‘lgan ayiqlar aholiga ziyon yetkazmas ekan. Men “Nega bunday?” deya so‘raganimda qishloq oqsoqoli Sulton Esonov “Mehrni yirtqich ham biladi, yaqinda qishloqqa adashib kelib qolgan ayiq bolasiga zarar bermay, iniga qo‘yib kelishibdi”, dedi. Mana shu gaplarni aytayotgan mo‘ysafid otaxon ham Chingiz Aytmatovni juda qadrlar ekan.

Chingiz oqsoqol yozuvchilarimizning yaqin do‘sti, maslakdoshi edi. Odil Yoqubov bilan bo‘lgan munosabatlari, uning “Ulug‘bek xazinasi”ga bergan bahosi chinakam muhabbat ramzi. Ko‘ksini O‘zbekistonimizning eng yuksak mukofotlari bezagan, asarlari esa har bir xonadonga kirib borgan.

Yana o‘qing:  Hoshimjonning qalpog‘i kimda?

 

Pardaboy TOJIBOYEV

 

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: