YOSHLIK BEZAGI – BILIM, XONADON KO`RKI — KELIN

Ayol – oilada haqiqiy beka, farzandlariga mehribon ona hamda turmush o‘rtog‘iga sadoqatli bo‘lsa, ana shu oilada to‘kin-sochinlik, qut-baraka bo‘ladi. Bundan insonning ko‘ngli to‘q bo‘lib, shu xotirjamlik va halovat ila uning har taraflama ishlari yurishib ketadi. Natijada bunday oila mahalla va qo‘ni-qo‘shnilar orasida namunali hisoblanib, ijtimoiy hayotda o‘z nufuziga ega bo‘ladi.

Diyorbek va Yorqinoylarning oilasi ana shunday ahil oilalardan desak, mubolag‘a emas. Yorqinoy talabalik davrida kelinchak bo‘ldi. U uy yumushlarini bajarib bo‘lardi-da, turmush o‘rtog‘iga bugun universitetda tadbir o‘tkazilayotgani, ruxsat bersa, borishini aytadi. Buni eshitgan qaynonasi Gulbahor opa kelinini qo‘llab-quvvatlaydi:

– Mayli, bora qoling qizim! Biz ota-onangizga ro‘zg‘orni ham, o‘qishini ham teng olib borishiga ko‘maklashamiz, ilmiy ish qilishiga ham sharoit yaratamiz deb so‘z berganmiz, – dedi. Qaynonasining bu so‘zlari kelinchakka qanot baxsh etdi. U ziyolilar oilasiga kelin bo‘lganidan, mamnun holda universitetga otlanadi. Yillar o‘tib, u orzulariga birin-ketin erisha boshladi.

Ha, “Men Vatanimga nima berdim, xalqim uchun qanday foydali ish qilmoqdaman”, deb yonib yashayotgan yoshlarni ko‘rganimda ularga havasim yanada ortadi. Xorazmlik Yorqinoy Ernazarova ana shunday ezgu maqsad va ulkan mas’uliyatni oldiga qo‘yib, orzu-niyatlariga erishish yo‘lida izlanayotgan yoshlardan.

Yangiariq tumanidagi ziyolilar oilasida dunyoga kelgan Yorqinoyning qalbida adabiyotga bo‘lgan qiziqish o‘quvchilik davrlaridayoq uyg‘ongan edi. Bunda u ta’lim olgan tumandagi 27-son umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Komiljon aka Xudoyberganovning o‘ziga xos o‘rni bor. Maktabda turli bayram sanalariga bag‘ishlangan tadbirlarda Yorqinoy o‘zi sevgan Zulfiyaxonim, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf kabi O‘zbekiston xalq shoirlarining she’rlarini maroq bilan ifodali o‘qir, ba’zan o‘qiganlaridan ilhomlanib, o‘zi yozgan she’rlaridan tuhfa etib ustozlari hamda tengdoshlari olqishiga sazovor bo‘lardi. A’lo o‘qishi va namunali hulqi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan salohiyatli qiz keyinchalik Yangiariq tumanidagi iqtidorli o‘quvchilar maktab-internatida tahsil oldi. Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Muhabbat Matqurbonova uning ijodiy ishlariga o‘z mulohazalarini bildirib, yaqindan ustozlik qildi.

Ijodining debochasi sifatida 2003-2004 yillarda uning “Qalb sadosi” va “Xayol qushi” nomli she’riy to‘plamlari chop etildi. Keyinchalik she’rlari, publitsistik maqolalari respublika gazeta va jurnallarida chop etildi. U yoshlarga ta’lim-tarbiya berishdek ezgu niyatiga erishish yo‘lida astoydil izlandi.

Яна ўқинг:  MUVAFFAQIYATLARIMGA QANOTSAN VATAN!

2006-yilda uning kamtarona ijodiy ishlari, ta’lim sohasidagi yutuqlari yuksak baholandi. Yurtboshimiz tomonidan ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha sovrindori bo‘ldi. Natijada Urganch Davlat universitetiga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilindi. U tarix fakultetining “Milliy istiqlol g‘oyasi, huquq va ma’naviyat asoslari” bo‘limida tahsil oldi. Talabalik davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasiga munosib deb topildi.

Y.Ernazarovaning ijodiga bildirilgan bunday katta ishonch va e’tibor uning keyingi ijodiy izlanishlarida katta mas’uliyat yukladi. U turli ko‘rik-tanlovlarga, ilmiy-amaliy konferensiyalarga qatnashib, malakasini oshirishga intildi. Respublika talabalar fan olimpiadasida “Milliy g‘oya” fani bo‘yicha qatnashib, “Eng yaxshi notiqlik qobiliyati” nominatsiyasi sovrindori bo‘ldi. Yutuqlar uni yana izlanishga chorladi. “Milliy istiqlol g‘oyasi, huquq va ma’naviyat asoslari” yo‘nalishi bo‘yicha izlanishda davom etib, “Globallashuv sharoitida milliy g‘oyani yoshlar ongiga sing­di­rishning dolzarb muammolari” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot ishiga astoydil kirishdi va ushbu mavzuni bitiruv malakaviy ish sifatida davom еtdirdi. Ana shu mavzu yuzasidan respublika ilmiy-uslubiy jurnallarida qator maqolalari chop etildi. O‘zi tanlagan soha bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishini davom ettirish maqsadida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti “Falsafa” fakulteti magistratura bo‘limining “Milliy g‘oyaning falsafiy masalalari” mutuxassisligiga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilindi. Bu borada oilasi uni yana qo‘llab-quvvatladi.

Keyinchalik “G‘oyaviy tahdid­lar­ning “ommaviy madaniyat” shaklida namoyon bo‘lish xususiyatlari” deb nomlangan magistrlik ishi yuzasidan tadqiqot olib bordi va dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qildi. Barcha erishgan yutuqlari uchun ustozlari – tarix fanlari nomzodi, dotsent Sanjarbek Davletov, falsafa fanlari doktori, professor Mukarram opa Nurmatova, falsafa fanlari doktori Berdiqul To‘ychiуevlardan min­natdor ekanligini qahramonimiz alohida ta’kidlab o‘tаdi.

Qaynotasi Ulug‘bek Qo‘ch­qo­rov­ning pedagoglik tajribasidan, qaynonasi Gulbahor Ortiqovadan esa uy-ro‘zg‘or yumushlarini rejalashtirish, oilada ayol kishining o‘rni va turmush o‘rtog‘iga hurmat, farzand tarbiyasini o‘rgandi.

Yorqinoy turmush o‘rtog‘i Diyorbek bilan ahil oila qurishgan. O‘g‘li Behruzbek ularning quvonchi. Uni maktabga tayyorlash maqsadida har kuni birgalikda dars qilishadi. Bir-biridan qiziqarli ertaklar aytib, farzandini ma’naviy barkamol, bilimli va sog‘lom bo‘lib voyaga yetkazishga harakat qiladilar.

Bugungi kunda yosh tad­qiqotchi O‘zbekiston Milliy uni­versiteti qoshidagi S.Sirojiddinov nomli akademik litseyning “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasida katta o‘qituvchi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda. Bundan tashqari doktorlik ishini yozishga tay­yorlanmoqda. Bu yo‘lda unga akademik litsey direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, “Shuhrat” medali sovrindori Marhabo Islomova ustozlik qilyapti.

Яна ўқинг:  XABARLAR, YANGILIKLAR, VOQEALAR (2013-9)

Yorqinoy Ernazarova mustaqil O‘zbekistonimizning yanada gullab-yashnashi hamda kelajagimiz bo‘lgan yosh avlodni ajdodlarga munosib vorislar etib voyaga yetkazishga o‘z hissasini qo‘shishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Ana shu oydin yo‘lda unga omad tilab qolamiz.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: