Yo‘l yuzidagi ayol. U kelayotgan va ketayotgan manzillar

 Ishga har kuni yo‘nalishli taksida qatnayman. Yo‘l-yo‘lakay, yon-atrofni tomosha qilib, odamlar tabiatini o‘rganaman. Shu bois, kunda bir yangilikka duch kelishim aniq. Lekin bir holat borki, uni yangilik ham deb bo‘lmaydi. Shunchaki yechimini kutayotgan muammo…

Poytaxtimizdagi “Qo‘yliq”, “Uch qahramon”, “Chorsu” va yana bir qancha odamlar gavjum bo‘lgan maskanlar atrofidagi vaqtinchalik ishsizlar “bozori”da sargardonlikda yurgan ayollarni ko‘rganimda, yuragimga og‘riq turadi. Biroq, bu safar ular oldidan shunchaki o‘tib ketolmadim. Ayollar bilan yaqindan suhbatlashishni, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganishni maqsad qildim:

 

Ismim Mahbuba. Toshkent viloyati, Parkent tumanida doimiy ro‘yxatda turaman. “Mehribonlik” uyida katta bo‘lganman. Kollejni tamomlaganimdan so‘ng, bir o‘qituvchi ayol meni qaramog‘iga olib, turmushga uzatdi. 2 yildan so‘ng erim shar’iy xotinga uylanib, uni ham uyimizga olib keldi. O‘zi bazo‘r kun ko‘rayotgan edik, ahvol yanada og‘irlashdi. O‘sha paytda emizikli bolam bor edi. To‘yib ovqat yemaganidan go‘dagim har kuni “chirillab” yig‘lardi. Ota esa beg‘am. Bu orada ikki kundosh tez-tez janjallashardik. Axiyri, ikkimizdan birimiz uydan ketishimiz kerak bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im esa yosh xotinini tanlab, meni uydan haydadi. Shu bilan otalik “mas’uliyati”dan ham qutildi.

Qo‘limda 1 yoshli farzandim bilan vasiylikka olgan ayol uyida bir muddat yashadim. Vasiylikdagi onam vafot etgandan so‘ng u yerga ham sig‘madim. Uy so‘rab mahallaga, hokimiyatga bordim. Lekin ular sansolarlikdan nariga o‘tishmadi. Mana 11 yildirki, uysizman. Katta olomon ichida ayol boshim bilan halol mehnat qilib, farzandimni boqyapman. Bolamning otasi o‘tgan vaqt oralig‘ida biror marta bo‘lsa ham holimizdan xabar olmadi, men-ku mayli, hatto, jigarbandining taqdiriga ham qiziqmadi.

 

Mahbuba Sulaymonovaning so‘zlarini tinglab, uning bemehr turmush o‘rtog‘iga nisbatan qalbimda nafrat uyg‘ondi. Uning ota-onasiz o‘sgan ayolni xor qilib, o‘z bolasini yetim qoldirib, ko‘ngil xotirjamlikda yashayotganiga hayron qolasan, kishi. Hali qirqqa kirmagan ayolning yuzlari ajin bilan qoplangan. Ko‘zlari ma’yus, hayotdan umidi so‘ngan.

Biz esa Mahbuba Sulaymonova ro‘yxatda turadigan Parkent tumanidagi “Qo‘shko‘prik” mahalla fuqarolar yig‘iniga sim qoqdik. Shaxsan mahalla raisi bilan suhbatlashdik. Uning gapiga quloq tuting-a: “Men bu ayolni oxirgi marotaba 2006 yil ko‘rganman. Mahallamda ro‘yxatda turishini bilaman. Boshqa hech qanday ma’lumotga ega emasman. Qayerda, nima ish qilib yurganini kelib aytmasa, qanday yordam ko‘rsatishim mumkin. Qolaversa, u boshqa joyga turmushga chiqqan. Mahalladan hujjatlarini olib ketsa ham bo‘ladi.”

Yana o‘qing:  Rostgo‘ylik tarbiyaning mezoni

Ana xolos, o‘z hududida ro‘yxatda turgan fuqaroni 2006 yildan buyon ko‘rmagan mahalla raisi haqida nima deyish mumkin?! Xullas, tanqidni davom ettirgandan foyda yo‘q. Oqsoqol Dilshod akaga masalani aniq qilib tushuntirdik. Ya’ni, odamlar ishonib saylagan vakil sifatida o‘z hududida yashaydigan fuqarosiga qanday yordam berishini so‘radik. Axir Yurtboshimiz mahalla raislariga juda katta vakolatlar bergan-ku.

Oqsoqol Mahbuba opa bilan tez kunda uchrashib, gaplashishga, nikohi bekor qilinmagan turmush o‘rtog‘ining uyiga olib borib, huquqlarini tiklab berishga va’da berdi. Natijani esa kuzatib boramiz.

 


Xurshida MAHMADAMINOVA,

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Band bo‘lmagan aholini ishga joylashtirishni tashkil qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi:

 

– Mamlakatimizda 2018 yilning birinchi chorakdagi holati bo‘yicha 72 foiz aholi ish bilan band. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 maydagi qaroriga muvofiq ayni paytda respublikaning har bir tumanida Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari faoliyat yuritmoqda. Ushbu markazlar ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar hamda mehnat munosabatlari yoki mehnat masalalari bo‘yicha ma’lumot olmoqchi bo‘lgan fuqarolarga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, uy bekalari uchun haq to‘lanadigan jamoat ishlariga hunarmandchilik, kasanachilik, shaxsiy va tomorqa xo‘jaligi yo‘nalishlarida band bo‘lish, qolaversa, bank krediti hisobidan tadbirkorlik qilish imkoniyati mavjud.


 

Ismim Ra’no. Surxondaryodan kelganman. Ikki nafar aqli zaif farzandim bor. Turmush o‘rtog‘imda shunday xastalik bo‘lgan. Buni u bilan yashashni boshlaganimdan so‘ng bilganman. Bolalarim oldiniga sog‘lom edi. Bu irsiy kasallik yoshi katta bo‘lgach, rivojlanarkan. Qizim 23 yoshda. Hozir Termiz shahridagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida. O‘g‘lim esa 18 yosh. Uni yonimda olib yuraman. Har qancha urinsam ham o‘g‘limni shifoxonaga joylashtirishning imkoni bo‘lmadi. Otasining kasali qaytalanganida farzandimni ham, meni ham ayamay kaltaklaydi. O‘g‘limning ahvoli og‘irlashsa, u ham shu holga tushadi. Dorilarini vaqtida olib bermasam, kasalligi avj oladi. Bir tomonda qizimdan xabar olishim kerak. Otasi bir so‘m pul topmaydi, uning o‘ziga yordam kerak.

Xullas, o‘g‘limni olib, onamdan qolgan eski uyimga qaytdim. Erim ukalarining qaramog‘ida qoldi. Ularning o‘zi shu taklifni berishdi.

Eski uy o‘z nomi bilan eski. Elektr ta’minoti uzilgan, gaz, chiroq yo‘q. Uyimning devorlari nuragan, qishga yaramaydi. Shuning uchun o‘g‘lim bilan poytaxtga kelib, ishlashga majbur bo‘ldim. Mardikorlik qilib topgan pulim kvartira puli va qornimizni to‘yg‘azishga bazo‘r yetayapti…

 

Yana o‘qing:  Tarbiyaning muhim me’yori

Ra’no opaning so‘zlarini uzoq tingladik. U ayol bo‘lib, bir ro‘shnolik ko‘rmagan. Bolalari xasta onaning joni azobda.

Ra’no opa yashaydigan Denov shahridagi “Lolazor” mahallasi raisi bilan bog‘landik. Mavluda opa ularning poytaxtga ketganidan xabarsiz ekanligini, 4 nafar ukasi borligi uchun ular yordam beradi, deb o‘ylaganini aytdi. Shu paytning o‘zidayoq, Ra’no opaning ukalari yashaydigan uyga bordi. Aytishicha, to‘rt o‘g‘il ham otasidan qolgan hovlida yashashar ekan. Telefon orqali ularning suhbatini tinglar ekanman, “uvol senga erkaklik nomi” degim keldi. To‘rt ukaning birortasi “opamga yordam beraman, o‘z qaramog‘imga olaman” deb aytmadi. Hammasi o‘z oilasi, ro‘zg‘or tashvishi borligini aytib, opasi o‘z kunini ko‘rib yurganini uyalmasdan gapirishayapti.

Mahalla raisi Ra’no opaning uyini ta’mirlab berishini, qarzdorlik to‘lovlarini hal etishini va uydagi barcha sharoitni yaxshilab berishni o‘z zimmasiga oldi.

Eh, siz ayollar… Mushkulotni o‘z zimmasiga olib, hayot girdobida tog‘day turibdi. Aslida ularning o‘ziga tog‘dek suyanchiq kerak. Nahotki, ukalar opasining bu ahvolda yurishini or bilishmasa?! 1 yoshida ko‘rgan farzandining bugungi ahvoliga qiziqmaydiganni inson deyish mumkinmi? Axir senga inson, erkak degan sharafli nom berilgandi-ku!

 

Shu o‘rinda masalaning yana bir jihatiga to‘xtalsak. Mardikorlikda yurgan ayollarning ko‘p qismi oilali, turmush o‘rtog‘i bilan yashaydi. Iqtisodiy o‘sish davrida pul asosiy omilga aylanganini hisobga olsak, ro‘zg‘orni er-xotin baravar tortishga harakat qilyapti. Ayollar bilan suhbatlashganimizda ular oylik maoshning ozligi, bo‘sh ish o‘rinlari yo‘qligini aytishdi. Demak, muammoni hal etish uchun hududlarda bo‘sh ish o‘rinlari yaratish lozim.

 

Oila muvozanati, ayol baxti – erkak zimmasida. Shunday ekan, aziz erkaklar, ayolingizni turmush sinovlaridan asrab, farzandlaringizni sog‘lom voyaga yetkazishga mas’ul bo‘ling!

 

Dildora FAYZIYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: