“Usta buzar”ning ixtirosi jamiyatga foyda keltiradi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Navoiy viloyat bo‘limi qoshidagi “Yosh olimlar” klubiga viloyat hokimligi tomonidan uning faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida 150 million so‘m miqdorida pul mablag‘i ajratilgan edi. Yaqinda viloyat hokimi ushbu klub a’zolari bilan uchrashib, ular amalga oshirayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi. Shunda viloyat rahbari e’tiborini bir ixtiro o‘ziga tortdi. Bu maktab o‘quvchisi Suhrob Haydarovning “Aqlli chiqindixona” loyihasi edi.

Suhrob bolaligidan temir-tersaklardan nimalardir yasashga qiziqardi. Ota-onasi unga olib bergan turli xildagi o‘yinchoqlarni “usta buzar”lik qilib, ancha dakki yegani ham rost. Ammo undagi qiziquvchanlik keyingi yutuqlariga turtki bo‘lgan bo‘lsa, ne ajab.

Yosh iqtidor egasi ayni paytda Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 21-umumta’lim maktabining 9-sinfida tahsil olmoqda. U tengdoshlari orasida o‘zining tirishqoqligi, izlanuvchanligi bilan alohida ajralib turadi. Ayniqsa, aniq fanlarga doir turli-tuman masalalar yechish jon-u dili.

Suhrob maktabda tahsil olish bilan birga Yoshlar ittifoqining viloyat bo‘limi qoshidagi “Yosh olimlar” klubida ham faol ishtirok yetib keladi. Uning tinimsiz intilishlari besamar ketmadi. Joriy yilning 15 oktyabirda o‘tkazilgan Yoshlar forumining respublika bosqichida 1-o‘rini egalladi. Uning yuqorida qayd etilgan “Aqlli chiqindixona” loyihasi Navoiy viloyati hududida keng joriy etilgan. Mazkur loyiha chiqindi konteynerlarini avtomatlashtirish jarayonini o‘z ichiga oladi. Bunda chiqindi qutisiga axlat olib borilganda u avtomatik tarzda ochiladi va qayta yopiladi. Quti qopqog‘i atrofga badbo‘y hid tarqalmasligining ham oldini oladi.

 

Chiqindi qutisining ichiga gazli sensor, ya’ni, tutun sezuvchi maxsus moslama o‘rnatiladi, – deydi loyiha muallifi Suhrob Haydarov. – Agar qutiga chala yongan sigaret yoki biror boshqa mahsulot qoldig‘i tashlansa, moslama o‘sha zahoti suv purkab, yong‘in kelib chiqishining oldini oladi. Bugungi kunda mazkur loyihani yanada takomillashtirish ustida ish olib boryapman.

 

Ta’kidlash joizki, yosh ixtirochimiz faqatgina “Aqlli chiqindixona” loyihasi bilan cheklanib qolmagan. U bundan avval “Smart cage” (“Aqlli qafas”) nomli loyihasini taqdim etgan edi. Mazkur loyihaning yangiligi shundan iboratki, uning eshigi avtomatik tarzda maxsus tugma orqali ochib-yopiladi. Doimiy tarzda displeyda xona haroratini ham kuzatib borish imkoni mavjud. Eng asosiy jihati, “Aqlli qafas”ning ishlashi uchun bor-yo‘g‘i 12 volt kuchlanishli elektr energiyasi kifoya qiladi. “Smart cage” Arduino mikrokontrolleri hamda uning sensorlaridan foydalanilgan ixtirodir. Ixtironing foydali tomoni shundaki, kelajakda mingtagacha bo‘lgan broller tovuqlarni bitta miya, ya’ni “Arduino mega” orqali boshqarish mumkin. Bu esa xonaki parrandalarga ozuqa va suv berishni yanada qulay va oson bajarish imkonini beradi.

Yana o‘qing:  Qo‘lingiz dard ko‘rmasin…

Tan olib aytish kerak, bugun mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik holatni yaxshilash, maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash borasida ko‘plab muammolar mavjud. Sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar va qilinadigan ishlar juda ko‘p. Yurtimizdagi deyarli barcha qishloqlarda maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash va tashish to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan. O‘ylaymizki, Suhrobning “Aqlli chiqindixona” loyihasi bu kabi muammolarni bartraf etishga xizmat qiladi.

 

Ma’lumot o‘rnida

Yurtimizda 53 foiz aholiga sanitariya-tozalash xizmati ko‘rsatiladi, xolos.

 

Humoyun QUVONDIQOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: