Tabiat tasviri va qalb manzarasi

Erta bahor barxanlar uzra quyosh taftidan yal-yal yashnab atrofga go'zallik baxsh etguvchi yantoq, saksovul kabi sahro o'simliklarining go'zal gullarini hech kuzatganmisiz?

Yoki bolaligingizda suv bo'yida chopqillab yurib, katta-katta ariqlar chekkasiga urilgan to'lqinlar ortidan uyulib qolgan qumliklardan turli ertak qah­ramonlarini tasvirlab, saroylar qurganmisiz? Daraxt shoxlaridan cho'p yasab, ana o'sha qumliklarga rasmlar chizganmisiz?

Bugungi kunda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining professori, rassom, «Mahobatli rangtasvir» bo'limida iqtidorli yoshlarga bilim berib kelayotgan Rustam Xudoyberganovning bolaligi xuddi ana shunday o'tgan.

Yaqinda O'zbekiston Res­publikasi Prezidentining Farmoniga binoan «O'zbekiston Respublikasi xalq rassomi» unvoniga sazovor bo'lgan Rustam Xudoyberganov ijodi va faoliyati bilan yaqindan tanishish istagida u bilan suh­batlashdik. Qahramonimizning kamtarin, o'ziga va atrofidagilarga iliq munosabati, ijodga mas'uliyati, talabchan, eng asosiysi, meh­nat­sevar ekanligini cheh­rasidan bilib olish qiyin emas.

Rassom tug'ilib o'sgan Cholish qishlog'idagi katta ariq qirg'oqlariga urilgan suv to'lqinlari ortidan qum uyumlari paydo bo'lardi. O'rtoqlari bilan o'ynab yurgan Rustamjon cho'p yordamida qumga rasm chizishga urinar, baland devorli qasrlar qurib, xayolan ertaklar olamiga sho'ng'irdi. Keyin birdan onasi Zuhra opaning va otasi Odamboy akaning topshiriqlari yodiga tushib, uyi tomon yeldek uchardi. Uning bolaligi bir muncha murakkab davrga to'g'ri kelgan bo'lsa-da, ko'p vaqti qo'shnilarga «Go'ro'g'li», «Alpomish», «Oshiq G'arib va Shoh­sanam»dos­tonlarini, «Hikmatlar» kitoblarini o'qib berish va shu yo'sindagi gurunglar, munozaralar bilan o'tardi.

U maktabni tugallab Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitutining «Badiiy grafika» bo'limiga o'qishga kirdi. Uni o'qishga tayyorlagan ustozlari David Miku­litskiy, O'zbekiston Respub­likasi xalq rassomi To'ra Quryozov hamda oliy bilim dargohidagi ustozlari Nikolay Ten (plakatchi rassom), Yusuf Yelizarov, Malik Nabiyev, Abdurahim Tojiboyev kabi O'zbekiston Respublikasi xalq rassomlaridan nafaqat rangtasvir, balki hayot saboqlarini ham oldi.

Bilimga chanqoq yigit, keyinchalik, Ukrainaning Kiyev shahridagi Xarkov Badiiy san'at institutiga o'qishga kirdi. Yurt, ota-ona va yaqinlari sog'inchi tufayli u 2-bosqichdan so'ng o'qishini Toshkent Teatr va rassomchilik institutida davom ettirdi.

O'zbekiston xalq rassomlari Valentin Jmakin, Chingiz Axmarov, Yuriy Chernishov, Bahodir Jalo­lovlardan saboq olgan qah­ramonimiz oliy dargohni «Mahobatli rangtasvir» yo'nalishi bo'yicha bitirdi va ustozlarining tavsiyasiga ko'ra institutda o'zining ish faoliyatini boshladi.

Яна ўқинг:  Кичкинтой руҳияти ва унда “катта”ларнинг тутган ўрни

Ustoz mana bir necha yildirki, talabalarga rassomlikning «Man­zara», «Natyurmort», «Portret», tarixiy janrlarda ishlash, mahobatli rangtasvir, mozaika, vitraj, katta hajmdagi devoriy rasm chizish kabi yo'nalishlarning sir-sinoatlarini o'rgatib kelmoqda.

R.Xudoyberganovning mazkur oliy bilim dargohidagi faoliyatiga 20 yil to'lishi munosabati bilan yaqinda O'zbekiston Badiiy Akademiyasida «Ustoz va shogird» deb nomlangan ko'rgazmasi namoyishi bo'lib o'tdi. Ko'rgazmada Rustam Xudoy­berganov hamda 10 nafar sho­girdining 100 dan ziyod ijodiy ishlari namoyish etildi.

R.Xudoyberganovning «Jang» nomli asari janri tarixiy mavzu bo'lib, unda Temuriylar davri aks ettirilgan. Shuningdek, «Tarixiy arxitektura manzaralari», «Zamondoshlar por­tre­ti», «Manzara» janrlarida ya­ra­tilgan ijod namunalari ham ko'rgazmadan joy olib, muxlislar e'tiborini qozondi.

Shogirdlari haqida ustoz faxrlanib gapiradi. Ular O'zbe­kis­tonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, «Shuhrat» medali sohibi Alisher Aliqulov, Yekaterina Lyapina («Rangtasvir» yo'nalishida), Anastasiya Nikitina («Monumental vitraj» yo'nalishida), Alisher Hamdamovlardir. Shogirdlari ham hozirda ustoz bilan bir safda yoshlarga saboq berib kelmoqda.

R.Xudoyberganov asosan ikki yo'nalishda «Monumental rassom» va «Rangtasvirchi» sohalarida ijod qiladi. Uning ijod namunalari bugungi kunda Urganch, Termiz, Jarqo'rg'on shaharlari, madaniyat saroylari devorlari (mozaika, vitraj uslubida)ni bezab, barchaga xush kayfiyat ulashmoqda. Shuningdek, uning asarlari MDH mamlakatlari orasida ham ancha mashhur. Jumladan, ustoz rassom Ros­siya­ning Perm shahrida Abu Ali ibn Sino va xalq tabobati hamda zamonaviy tibbiyot mavzularida asar yaratib, barchaning olqishiga sazovor bo'ldi.

Rustam aka Rossiya, Boltiq­bo'yi, Qozog'iston, Qirg'iziston, Ger­maniya, Misr, Xitoy, Koreya Respublikasi, Hindiston kabi 20 dan ziyod mamlakatlarda o'tkazilgan xalqaro konferensiyalarda, ko'r­gazmalarda ishtirok etib, yurtini sharaflab kelayotgan ijodkorlardan. U ko'proq mamlakatimizdagi tog' tizmalariga chiqib, tabiatdan zavq olib ijod qiladi. Osmonlarga tutash tog' cho'qqilari-yu, unda o'sadigan mevali va manzarali daraxtlardan ilhom oladi. Ayniqsa, tarixiy qahramonlar «Malika To'maris», «Spitamen», zamon­dosh­lar va yaqinlari portreti, «Hojar xola», «Orazbika momo», «Kashtachi ayol», «Hamshira», «Xiva», «Kalta minor oqshomi», «Bahor haqida qo'shiq», «Chimyonda bahor», «Bog'da kuz» kabi suratlari ko'plab ko'rgazmalardan joy olgan. Ayniqsa, O'zbekiston Davlat Konservatoriyasi foyesidagi vitraj barchani e'tiborini tortib turibdi.

– Yaqinda Qozog'istonda bo'lib o'tgan «Amaliy san'at» festivalida qatnashib, kollej o'quvchilariga mahorat darslarini o'tib keldik. Anjumanda «Amaliy san'atda milliy an'analarni rivojlantirish» mavzusida davra suhbati o'tkazildi. Milliy an'analarimiz, tarixiy yodgorliklarimiz haqidagi ma'lumot anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi, – deydi R.Xudoy­berganov.

Яна ўқинг:  ҲАР КУН ҳамроҳ болалик

Ustoz fidokorona mehnatlari uchun 2003-yilda «O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi», 2006-yilda O'zbekiston Badiiy akademiyasining kumush medali, 2011-yilda Xitoydagi Nankin universiteti «Faxriy professori» va bu yil «O'zbekiston Res­publikasi xalq rassomi» unvoniga sazovor bo'ldi. Bularning bar­cha­si o'z Vatani tuprog'ini, tabiatini, qolaversa, xalqini yurakdan sevgani, ardo­q­laganidandir. Qolaversa, bunday muvafaq­qiyatlarga eri­shi­shida oilasi, sadoqatli umr yo'ldoshi Roza opa Xudoyberganova unga yelkadosh bo'lib kelmoqda. O'g'li Bahrom Rustamov ham ota kasbini egallab, shu oliy ta'lim muas­sa­sasida tala­balarga rassomlik san'ati sirlaridan saboq berib kelmoqda.

Muhabbat XO'JAMURODOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: