Sohibqiron davrida hunarmandchilik

Amir Temur hukmdorlik davrida mamlakat xo‘jaligining barcha tarmoqlarini rivojlantirishga katta e’tibor berdi. Shu jumladan, hunarmandchilikni taraqqiy ettirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgiladi. Chunki Turonzaminning boy madaniy merosida hunarmandchilik an’analari alohida o‘rin tutgan bo‘lsa ham o‘lka chingiziylar qo‘l ostida turgan yillarda soha ancha oqsab qolgan edi.

Hunarmandchilikning ayrim muhim turlari bilan shug‘ullanuvchi ustalar juda kamayib ketgan, ayniqsa, binokor ustalar, naqshinkorlarga ehtiyoj katta edi.

Buni hisobga olgan Sohibqiron maxsus odamlar tayinlab, harbiy yurishlar davrida fath etilgan joylarda olim-u fuzalolar bilan bir qatorda o‘z ishining mohir ustalari bo‘lgan turli xil kasb-hunar egalarini aniqlab, ularni poytaxt Samarqandga jo‘natish va faoliyat olib borishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berishni buyuradi. Shuning natijasida chet ellardan yuzlab sohibi hunarlar, jumladan, Turkiyadan zargarlar va movut ishlab chiqaruvchilar, Damashqdan tikuvchilar, Halabdan mashhur paxta yigiruvchilar, Hindistondan sangtaroshlar, Tabriz va Xorazmdan imoratsozlar va naqqoshlar olib kelindi. Ularning kasb sirlaridan mahalliy aholi ham bahramand bo‘lib, yangi kasb-hunarlar rivoj topdi, hunarmandchilik mahsulotlarining turi ko‘paydi.

Samarqand yirik hunarmandchilik markaziga aylandi. Dunyoda eng yaxshi hisoblangan atlaslar, shoyi matolar, ipak astarliklar Amir Temur davlati poytaxtida ishlab chiqarilgan. Mahalliy hunarmandlar tillarang va zangori bo‘yoqlar tayyorlashda mohir bo‘lishgan. O‘sha davrda Samarqand shahri qog‘oz ishlab chiqarishda dong‘i ketgan bo‘lib, Temur va temuriylardan keyin ham bu sohada o‘z mavqeini saqlab qolgan. Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida “Olamda yaxshi qog‘oz Samarqandda chiqar. Juvozi qog‘ozlar suyi tamom Konigildin keladur”, deb ta’riflab, uning qirmizi baxmallari ham chet elga sotuvga chiqarilayotganini ta’kidlagan.

Amir Temur davrida Movarounnahrdagi boshqa hududlarda ham hunarmandchilikning tez sur’atlar bilan rivojlanib borishi kuzatilgan. Xususan, Toshkentda sirli sopol, ma’dandan yasalgan noyob buyumlar, zargarlik bezaklari, turli-tuman matolar va gilamlar ishlab chiqarilgan. Shahrisabz kashtalari, zargarlik mahsulotlari, kulollik buyumlari, metalldan yasalgan mahsulotlar nafis va bejirim naqshlari, rangi, bezaklari bilan nom taratib, amaliy-badiiy san’at sohasida o‘z maktabiga ega hudud sifatida ajralib turgan. Qarshi mis buyumlari esa nafaqat turlarining xilma-xilligi, balki bezagi bilan ham o‘ziga xos bo‘lgan. Qadimiy hunarmandchilik turlaridan hisoblangan zardo‘zlik san’ati ham Qashqa vohasining bu ikki shahrida yuksak darajada rivojlangan, ular umumiy xususiyatlar bilan birga ko‘pgina mahalliy an’analarni o‘zida ifodalagan.

Яна ўқинг:  Оқсаройда яширинган синоатлар

Tadqiqotchi olima R. Mukminovaning fikricha, Amir Temur farmoyishiga muvofiq, barcha hunarmandlar kasb-koriga qarab ixtisoslashtirilgan, ularga aniq shaxs rahbarlik qilgan, u ayni paytda mahalla oqsoqoli hisoblangan. Shu tariqa, miskarlar, novvoylar, zargarlar va boshqa sohibi hunarlar yashaydigan mahallalar vujudga kelgan.

Ma’lumki, Rui Gonsales de Klavixo boshchiligidagi ispaniyalik elchilar Samarqandda uch oy turishgan. Klavixo shu fursat ichida Amir Temur rahnamoligida mamlakat har sohada katta yutuqlarga erishgani, shuningdek, hunarmandchilik ham yuksalib, mohir hunarmandlar yetishib chiqqanining guvohi bo‘lgan. Uning kundaliklarida Samarqand atrofidagi hashamatli saroylar tasvirlanib, ularning birida dur, zumrad, feruza va yoqut bilan bezatilgan yettita oltin ko‘za va oltita dumaloq tilla kosa ko‘rganini yozgan. Elchi qayd etganidek, saroy ichini jihozlashda turfa rangli ipak gazlama, gilam, naqsh tushirilgan va jimjimador kashta tikilgan har xil rangli matolar ishlatilgan bo‘lib, ularni hunarmandlar qalb qo‘ri, yuksak mas’uliyat bilan tayyorlashgan.

Bu misollardan ko‘rinadiki, Amir Temur hukmronligi davrida hunarmandchilik juda yuksalib, bu sohaning nozik sirlarini o‘zlashtirgan, mahoratli hunarmandlar ko‘paygan. O‘sha paytda hunarmandchilikning 500 ga yaqin turi mavjud bo‘lgan.

Ibn Arabshoh Amir Temur hazratlarining hunarmandlarga munosabatini shunday bayon etgan:

“Temur har qanday hunar va kasb bo‘lmasin, agar unda biron fazilat va sharofat bo‘lsa, shu kasb egalariga g‘oyat mehr qo‘ygan edi”.

Darhaqiqat, o‘z kasbini puxta egallagan, qo‘lidan chiqqan buyumlari kishi diqqatini jalb qila oladigan, hayrat uyg‘otadigan darajadagi mohir hunarmandlarga Sohibqironning ixlosi baland bo‘lib, ular bilan suhbatlashishni xush ko‘rgan. Ibn Arabshoh “Amir Temur tarixi” asarida mashhur zargarlar al-Hoj Ali Sheroziy, al-Hoj Muhammad Sheroziyni tilga oladi. Sangtarosh Oltunni “o‘z hunarida bir mo‘jiza bo‘lib, qimmatbaho toshlarga naqsh solar, yashmga, aqiqqa Yoqut Hamaviyning xatidan ham chiroyliroq xat bilan o‘yib yozardi”, deb uning iste’dodiga yuksak baho beradi. Ibn Arabshohning guvohlik berishicha, shisha va misga naqsh soladiganlar hisobsiz bo‘lib, “ularning har biri o‘z asrining allomasi va o‘z davrining mo‘jizakor kishilari edilar”. Mavlono Ahmad miskarlikda dong‘i chiqqan usta bo‘lgan. Abdulhay al-Bag‘dodiy esa naqqoshlikni san’at darajasiga ko‘tarib, Amir Temurning hurmatiga sazovor bo‘lgan.

Яна ўқинг:  СОЧЛАР ПАРВАРИШИ УЧУН МУҲИМ МАСЛАҲАТЛАР

Umuman olganda, Sohibqiron davrida xalq badiiy hunarmandligi, amaliy san’at, me’morchilik va boshqa sohalarda erishilgan yutuqlar mo‘tabar zotning avlodlari hukmronligi davrida ham davom etib, yanada boyitildi.

Mo‘min AZIZOV,

tarixchi-jurnalist

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: