Sinovlarda qad rostlagan bahodirlar

 Hademay Qurolli Kuchlarimizning 26 yillik shonli to‘yini nishonlaymiz. Bu qutlug‘ sana o‘z armiyasi, demakki tinchligi va hurligini asrovchi po‘lat qo‘rg‘onga ega xalqimiz uchun aziz va qadrlidir.

Bugun milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish o‘g‘lonlarimiz uchun sharafli burchga aylangan. Mustaqillikka erishganimizdan buyon necha minglab yigitlar zimmalaridagi konstitutsiyaviy burchlarini ado etib, tinchligimizni asrashga qodir Vatan posboni maqomiga ega bo‘lishdi. Turli sohalarda javlon urib xizmat qilayotgan bu yigitlar irodali, qat’iyatli, sinovlarda ortga chekinmas insonlar safida mamlakatimiz rivojiga munosib ulush qo‘shib kelishmoqda. Bu ham bo‘lsa, armiya maktabining o‘ziga xos sabog‘idan dalolat. Ushbu maqolamizda ayni damda askarlik burchini o‘tayotgan olovqalb o‘g‘lonlarimiz haqida so‘z yuritamiz.

Qaysi bir sipohiy o‘zini ko‘rsatgan bo‘lsa, rag‘batlantirib haqini ado etsinlar. Qaysi bir sipohiy xizmatda yurib qarilik yoshiga yetarkan, uni oylik-haqdan mahrum etmasinlar va martabasidan tushirmasinlar. Hech bir sipohiyning xizmati nazardan chetda qolmasin. Chunki ular davlat xizmatida ekan, boqiy hayotlarini foniy dunyo naqdi uchun ayamaganining o‘zi ham in’omga va moddiy ta’minotga loyiqligini bildiradi. Uni in’omidan mahrum qilib, xizmatlarini ko‘rsatmasalar, noinsoflik qilgan bo‘lurlar.

 “Temur tuzuklari” asaridan

 

“Harbiy kasb egasi bo‘lish yuksak orzuyim”

 

Har bir o‘g‘il uchun harbiy bo‘lish ulug‘ orzular sirasiga kiradi. Negaki, ular bilimdon, jismonan baquvvat, intellektual salohiyatga ega bo‘ladilar.

Askarlik burchini o‘tayotgan yigitlar bilan suhbatlashsangiz, ularning aksariyati harbiy xizmatni shartnoma asosida davom ettirishni yoki oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish niyati borligini faxr ila ta’kidlashadi. Ulardan biri oddiy askar Muhammadin Muhammadiminovdir.

Iqtisod kasb-hunar kollejini tugatgan Muhammadin xizmat davomida oldiga qat’iy maqsad qo‘ydi. Erkin kurashda ikkinchi darajali razryadga ega bo‘lgan yigit bilan suhbat samimiy kechdi.

– Men o‘zimni omadli insonlardan deb bilaman. Chunki ko‘plab yigitlar ichida harbiy xizmatga saralash sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib askarlik libosini kiydim, – deydi u. – Xizmat davomida jangovar tayyorgarlik ko‘nikmalarini bosqichma-bosqich o‘zlashtirib bordim. Bir so‘z bilan aytganda, sinovlarda toblanib, maqsadi teran safdoshlarim qatoridan joy oldim. Harbiy kasb egasi bo‘lish eng yuksak orzularimdan biri. Bunga har tomonlama loyiq bo‘lishga astoydil harakat qilyapman.

Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida istiqomat qilayotgan Muhammadinning ota-onasi ham uning ezgu maqsadini qo‘llab-quvvatlashdi. Ularning duolari o‘g‘illarining orzu ro‘yobiga kamarbasta ekan, askar o‘g‘lonning niyati ijobat bo‘lishiga shubha yo‘q.

 

Yana o‘qing:  Limon va sabzili “assorti”

Harbiy qasamyoddan kuch olib

 

Oddiy askar Islomjon Nurmatov Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida voyaga yetgan. Qo‘qon yurtimiz tarixida muhim o‘rin tutgan, elga taniqli olim, shoiru san’atkorlar voyaga yetgan mashhur shaharlardan.

Shunday ekan uning bag‘rida ulg‘aygan avlodlar ajdodlariga munosib bo‘lishga intiladilar.

Qo‘qon avtotransport kollejini tugatgan Islomjon bolalik chog‘laridanoq sportning boks turiga qiziqdi. Muntazam shug‘ullandi. Bu uning sog‘lom va jismonan baquvvat ulg‘ayishiga zamin yaratdi. Muddatli harbiy xizmat sinovlaridan muvaffaqiyat ila o‘tgan yigit ayni damda podpolkovnik Nodir Turg‘unboyev komandirlik qilayotgan harbiy qismda yigitlik burchini o‘tamoqda.

– Harbiy xizmatning ilk kunidan boshlab menga bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qildim, – xizmat sinovlari va orzulari haqida so‘z yuritadi oddiy askar Nurmatov. – Xizmatda dastlab qiyinchilik bo‘lishi tabiiy hol. Bu yigit kishi uchun zarur sinovlar deb o‘ylayman. Harbiy qasamyod onlari esa men uchun unutilmas damlar bo‘lib qoldi. Chunki mana shu daqiqadan boshlab men kelajagimni harbiy sohaga bog‘lashga qaror qildim. Buning uchun oldimda ulkan majburiyat turganligini, ya’ni xizmat ko‘nikmalarini talab darajasida egallash, nazariy bilimlarni puxta o‘zlashtirish, amaliy sinovlarda oldingi safda bo‘lish lozimligini teran his etib turardim. Bugun komandir ustozlarim – mayor Bobur Bo‘ronov, leytenantlar Izzat Abduvahobov, Mahmud Valiyev yordamida ma’lum qiyinchiliklarni yengib o‘tib, xizmatda o‘rin topganimdan xursandman. Oldimga ulug‘ maqsad qo‘yganman – Vatanim tinchligini asrashga qodir harbiy xizmatchi bo‘laman, albatta.

Maqsad dadil harakat va intilishlar orqali amalga oshadi. Zero, g‘ayratli va bilimdon insonlarga omad yordir. Oddiy askar Islomjon Nurmatov hayotning bu haqiqatini o‘z shioriga aylantirib, orzu ro‘yobi tomon askarga xos shaxdam qadam tashlashiga ishonamiz.

 

Zulfiya YUNUSOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: