Rahmat bulog‘i

Jonajon yurtimizning so‘lim joylari bisyor. Bir tomoni go‘zal tog‘lar bilan o‘ralgan bo‘lsa, bir taraf bepoyon kengliklardan iborat.

Har birining o‘ziga xos tarovati, ming yillardan beri unutilmay kelayotgan tarixi bor. Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani ham shunday mo‘jizaga va sir-sinoatga boy go‘shalardan biridir. Tumanning olis qishlog‘i “Katlos” bunga misol bo‘ladi.

“Katlos” qishlog‘iga borsangiz, uning tabiatini ko‘rib, go‘zalligidan hayratingiz oshadi. Tog‘ orasida marjondek tizilgan uylar, qirlarda o‘tlab yurgan behisob qo‘y-qo‘zilar, rang-barang giyohlar, bo‘yi osmonga yetgan baland archazorlar qishloqning buguni va o‘tmishidan ertak so‘ylayotganday go‘yo.

Shu yerlik qariyalarning aytishicha, “Katlos”ning nomi Kat Ilyos so‘zidan olingan. U Ilyos shahri degan ma’noni beradi. Bu yer o‘z zamonida mashhur savdo markazlaridan biri bo‘lgan. Hunarmandchilik gullab-yashnagan. Hududning geografik jihatdan torligi shaharning kengayishiga to‘sqinlik qilgan va XVIII asrning boshlarida aholi tekisliklar sari ko‘chib kela boshlagan. Keyinchalik “Katlos” o‘zining shahar ko‘rinishini yo‘qotib, qishloqqa aylanib qolgan. Bu yerda haligacha “Katlos”ning o‘rnida shahar bo‘lganligini isbotlovchi xarobalar saqlanib qolgan.

“Katlos” juda chiroyli shahar bo‘lganligi sir emas. Chunki, uning bugungi tabiati bunga misol. Uning bog‘-rog‘lari, giyohlarga boy yaylovlarini qancha ta’riflasa ham oz. Eng qizig‘i, tuya o‘rkachiday qirlar orasidan tog‘u toshlarga urilib, yoqimli ohang taratgancha soy oqib o‘tadi. Bu soyning tarixi qariyb yetti asrga borib taqaladi.

Soy boshidagi buloqni mahalliy aholi “Obirahmat” bulog‘i deb ataydi. Mahalliy aholining fikricha uning zilol suvi ming dardga davo. Qahraton qishda iliq, yozda muzday bu suvdan to‘yib ichgan odamning sog‘lig‘iga zarar yetmaydi. Aksincha, tananing quvvati oshib, tetiklashadi. Ushbu shifobaxsh chashma suvida cho‘milgan kishi teri kasalliklaridan forig‘ bo‘ladi. Buloq suvining xosiyati ko‘p. U suvdan ichgan befarzand insonlar farzand ko‘radi, deyishadi. Shuningdek, “Obirahmat” bulog‘ining yaralish tarixi haqida mahalliy aholi orasida bir-biriga mazmunan yaqin rivoyatlar yuradi.

Bu haqda kitoblik o‘lkashunos Ahad Berdiyevning “Avlodlar ko‘prigi” kitobida ham batafsil yozilgan. Undagi ma’lumotlarga ko‘ra 1370 yili Amir Temur Balx shahriga yurishga otlanganda Mir Sayyid Baraka Termizda Sohibqironga peshvoz chiqib, unga saltanat va podshohlik belgilarini anglatuvchi nog‘ora topshiradi. Mazkur voqeada Sayyid Ne’matillo Vali ham ishtirok etadi. Ul zot 1330-1431 yillarda yashagan. Asli suriyalik bo‘lgan bu avliyoning Mir Sayyid Baraka bilan aka-uka bo‘lganligi haqida ham xalq orasida rivoyatlar yuradi. Xullas Termizdagi voqeadan so‘ng ular Samarqand shahrida yashay boshlashadi. Tez orada avliyoning atrofiga muridlar yig‘iladi. Buni ko‘rolmagan saroy mulozimlari Amir Temurga ular xalqni qo‘zg‘olonga tayyorlashayapti, degan gap yetkazishadi. Bundan xabar topgan allomalar Samarqanddan ketishga qaror qilishadi. “Taxti qoracha” dovoniga kelishganda Amir Temur ularni quvib yetadi. Biroq, Ne’matillo Vali ortga qaytishdan bosh tortib, Keshga qarab yo‘l oladi. Shunda Temur chuqur qayg‘u bilan “Baraka Samarqandda, Ne’mat Keshda bo‘lsin”, deydi. Keyinchalik bu yetishtirilayotgan mahsulotga nisbat bo‘lib ketgan. Sayyid Ne’matillo Vali “Kosatarosh” qishlog‘ida 80 yoshli Xoja Hasanni uchratadi. Uning tirnoqqa zorligini bilib, Ollohdan unga solih farzand tilaydi. U kishining duosi bilan Hazrati Sulton Sayid Ahmad Bashir dunyoga keladi. Keyin ul zot “Mo‘g‘ul” qishlog‘idan biroz shimolroqda makon tutadi. Valiyning atrofiga yana muridlar yig‘iladi. Muridlar o‘zlari uchun maxsus supa qurishadi. Har peshin namozi vaqtida bir cho‘pon shu yerdan qo‘ylarini sug‘organi olib o‘tadi. Undan ko‘tarilgan chang-to‘zon namozxonlarni ranjitadi. Shunda Sayyid Ne’matillo Vali cho‘ponga yuzlanib, “Ey cho‘pon, qo‘yingni sal naridan haydab o‘tsang bo‘lmaydimi? Qo‘ylaring changitib namozxonlarni bezovta qilayapti”, deydi. Cho‘pon “Kuchingiz bo‘lsa, shu yerdan suv chiqarib qo‘ysangiz bo‘lmaydimi, qo‘ylarim sizlarning oldingizdan changitib o‘tmasdi”, deya javob qaytargan. Bu gapdan keyin Sayyid Ne’matillo qo‘llaridagi chinor shoxidan bo‘lgan tayoqni yerga suqib qo‘yganlar va u yerdan suv chiqa boshlagan. Keyinchalik u yiriklashib katta suv o‘zanini tashkil etgan.

Yana o‘qing:  Qirovda ko‘z ochgan gul

Bu rivoyat haqiqatga yaqin. Sababi buloq boshida yirik chinor necha zamonlardan beri bo‘y cho‘zib kelayapti. Uning ildizlari orasidan esa marvariddek toza suv qaynab chiqadi. Bu tabiatning mo‘jizasini ko‘rib, ko‘z quvonadi. Buloqda raqs tushayotgan baliqlarga termulib, asabingiz tinchlanadi. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, bu baliqlarni yeb bo‘lmas ekan. Terining holati buzilarkan.

Hozir ushbu buloq uch qishloqni obod qilib kelmoqda. U yerdan maxsus quvurlar yordamida pastdagi “Katlos”, “Tevaboshi” va “Tuyul” qishloqlariga suv keltirilib, ichimlik suviga bo‘lgan aholining ehtiyojlari qondirilgan. Bu suvning bir qismi. Qolgani esa katta o‘zan hosil qilgan va tevarak atrofdagi boshqa qishloq aholisining dehqonchilik qilishiga ham asqotib kelmoqda.

Mustaqilligimizning yigirma yilligi arafasida esa Sayyid Ne’matillo Valining xoki yotgan joy obod bo‘ldi. Olib borilgan bunyodkorlik ishlari natijasida u yer go‘zal ziyoratgohga aylantirildi.

Bahodir HALIMOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: