Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarayotganlar

Hukm faqat qonunga binoan chiqariladi

Qishlog‘imizda Buvrajab ismli ayol bo‘lardi. Onaxonning to‘rt nafar farzandi bor edi. Erining yalqovligi sabab ro‘zg‘or aravasini ayolning o‘zi tortardi. Bir kuni tumanimizdagi Bo‘ka savdo bozoridan qaytgan qo‘shnimiz onamning yoniga yugurgilab keldi-da, shosha-pisha so‘zlay ketdi:

– Buvrajabni bozorda odamlar ushlab oldi. Oyoq kiyim o‘g‘irlagan ekan ko‘rib qolishdi. Bozordagi sotuvchilar qo‘llaridan ushlab, o‘g‘irlagan narsasi bilan rosa savaladi.

– Siz qayerda edingiz, yordam bermadingizmi?

– Voy opa, olomonni ichiga aralashib bo‘ladimi, sherigisan deb menga ham tashlanib qolishsachi?!

– Yaxshi ish bo‘lmapti. Ba’mani ayol edi, nima jin urdi ekan-a?…

Suhbat uzoq davom etdi. Rostdan ham Buvrajab opa yaxshi inson edi. Ro‘zg‘or tashvishlari bir ayol zimmasiga og‘irlik qildimikan yoki farzandining yalang oyoq yurishiga chidolmadimikin?!

Ayolning mahallada bosh ko‘tarib yurishi qiyin bo‘ldi. Balki, bozordagi sotuvchilar boshqa chora ko‘rishganida ayol isnodda qolmasmidi?!

Bu voqeaga ham mana olti yil bo‘ldi. Ammo xalq orasida “samosudlar” hanuz davom etmoqda. Internet ommalashgandan so‘ng “samosudlar” aks etgan video tasvirlar tarqalmoqda. Jamiyatda bunday o‘zboshimchalikka qarshi fikrlar, e’tirozlar bildirilgach, ichki ishlar xodimlari ham mazkur masalaga jiddiy yondosha boshladi. Ammo bu hozircha o‘z samarasini bergani yo‘q. Masalan, “samosudlar”ning aksariyati gavjum bozorlarda sodir etilayotgani sir emas. Ajablanarlisi, ur-to‘polon bo‘layotgan paytda bozor nazoratchilari, ichki ishlar xodimlari bundan bexabar bo‘lishadi. Balki bundan-da muhimroq ishlari bordir. Xullas, videotasvirlarning birortasida nazoratchilarning aralashuvini ko‘rmaysiz.

 

Olomon biror shaxsni mustaqil ravishda sud qilmoqchi bo‘lsa, bozor nazoratchilari darhol buni bartaraf etishi yoki yaqin oradagi ichki ishlar bo‘limiga xabar berishi lozim, – deydi Yunusobod tuman IIB tergovchisi Rustam Odilov. – Ayrim nazoratchilarning o‘z ishiga loqaydligi sabab biz tezkor chora ko‘rishga ulgurmaymiz. Voyaga yetmagan yoshlarni nazorat qilish maqsadida bozorlarni aylanamiz. Odamlarning dahanaki tortishuvlariga guvoh bo‘lamiz. Ammo bozor nazoratchilarini uchratmaymiz. Bu bilan o‘z vazifamizni boshqaning zimmasiga yuklamoqchi emasmiz, ammo ularning yordamida muammoni o‘z vaqtida bartaraf etishimiz mumkin.

 

Mavzuni o‘rganish maqsadida poytaxtimizdagi “Bek baraka” savdo kompleksiga borganimizda birorta ham bozor nazoratchisini uchratmadik. Nozir ham o‘z xonasida yo‘q ekan. Ichki ishlar xodimlari esa asosiy darvozalarda xavfsizlikni ta’minlash bilan band. Har bir soha vakili o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondoshsa, muammolar jiddiy tus olmasdi.

Yana o‘qing:  Rozmarin dorivor o‘simligi

Xalqimiz o‘z madaniyati, qadriyati bilan jahonga nom taratgan. Xo‘sh, biz bunga munosib bo‘lyapmizmi? Tarixdagi “samosudlar” zulm va zo‘ravonlikka qarshi isyon hisoblangan. Bugungi osuda zamonimizda ommaviy sudlovlar joizmikan? “To‘qlikka sho‘xlik” deganlari shudir, balki! Yoki ayrim kimsalar qonun ustuvor yurtda yashayotganini unutganmi?

 

Ijtimoiy tarmoqlarda huquqbuzarlik sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsni o‘zboshimchalik bilan jazolash tasviri tushirilgan videolavhalar keyingi vaqtlarda anchagina ko‘paydi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Zafar Mustafoqulov. – Bunday harakatlarni sodir etishga hech kimning haqqi yo‘q. Konstitutsiyamizning 19-moddasiga muvofiq, fuqarolarning konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir. Shaxsni ushbu erkinliklardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas. Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda oshkora ko‘rib chiqilib, aybi aniqlanmaguncha, u aybdor hisoblanmaydi. O‘zboshimchalik bilan shaxsni jazolamoqchi bo‘lgan kishiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan jazolar tayinlanishi mumkin.

 

Inson bilib-bilmay xato qiladi. U og‘ir yoki yengil jinoyatmi bunga aniqlik kiritib, so‘ng uning pushaymonliklari, oilaviy vaziyatlari inobatga olingan holda mas’ul xodimlar tomonidan jazo tayinlanadi. So‘nggi paytlarda ko‘p tilga olinayotgan mehr-oqibat tushunchasi yoniga birodarlik so‘zini ham qo‘shsak maqsadga muvofiq bo‘lardi. Sababi o‘zbek o‘z xalqiga birodardek yelka tutadi, yaqin insonini mushkulotda yolg‘izlatmaydi. Joiz bo‘lsa, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi.

“Samosud” birodarlik tushunchasining aksidir. Shunday ekan odamlar ichida birodaringizga qo‘l uzating. Zora, boshqalar sizdan ibrat olsa. Allomalarimizdan biri “Odamiylik oliy maqom” degan edi. Bu sharafga sazovor bo‘lish hammamizga nasib etsin.

 

Dildora FAYZIYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: