Qaytmas to‘lqinlar

O‘tgan asrning 80-yillari… Jizzax viloyat teleradiokompaniyasiga o‘rta bo‘yli, jingalak soch, o‘ttiz yoshlar chamasidagi yosh yigit kirib keldi. Kompaniya raisi, rahmatli Nasim Noriyev bilan uchrashgach, unga maqsadini aytdi:

Agar imkon bo‘lsa, ishga qabul qilsangiz…

– Siz Farg‘ona davlat universitetining tabiatshunoslik fakultetini tamomlagan ekansiz, bu yerda jurnalistlar ishlaydi, – dedi Nasim aka biroz ajablanib.

– Yozganlarim “Sharq yulduzi” jurnalida bosilgan. Qissa va hikoyalarim… Mana ko‘ring, – mehmon shunday deb rahbarimiz oldiga bir taxlam gazeta va jurnallarni qo‘ydi.

Hammamiz stoldagi jurnalga qaradik. “Qaytmas to‘lqinlar”, “Munojot”…

Men kutubxonadan o‘sha jurnalni olib, Turob Maqsudning asarlarini diqqat bilan o‘qib chiqdim. Ayniqsa, “Munojot”i juda ma’qul bo‘ldi.

…Ilgarilari jallodlarga o‘tkir qilich yasab yurgan usta o‘z ishining yomonligini anglab, odamlarning boshini uzadigan qurolni yasamay qo‘yadi. Buni sezgan bek uni huzuriga chorlaydi.

– Qilich yasashni tashlab, dutor qilishga o‘tibsiz. Menga qilich kerak. Sozni ayollar ushlasin. Agar uni yasab bermasangiz, o‘zingizdan ko‘ring…

– Mening yasagan qilichlarim begunoh odamlarning qonini to‘kayapti. Ollo-taolo dilimga soldi, endi minba’d qilichni ushlamayman… Meni tinch qo‘ying…

– Jallod!

Ustaning qilich yasamagan ikki qo‘li kesildi…

Keyinchalik rahmatli Turob Maqsudning G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida bosilgan qator asarlari bilan tanishdim. “Qaytmas to‘lqinlar” romanini o‘qib, uning yuksak iste’dod sohibi ekaniga amin bo‘ldim.

Uning viloyat teatrida o‘ynalgan “Boyqush” spektakli adibga katta shuhrat keltirdi. Ushbu badiiy asar respublika tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Men spektakl taqdimotida ishtirok etgandim. Unda odamlarning e’tiborsizligi tufayli yomon yo‘lga kirib qolgan yosh o‘smir hayoti haqida hikoya qilinadi. Menimcha, bu asar hali ham o‘z ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.

Turob Maqsud tabiat jonkuyari edi. Maktablarga borib o‘quvchilar bilan ijodiy uchrashuvlar, suhbatlar o‘tkazardi. Yoshlarga tabiatni sevishni o‘rgatardi.

U ma’lum muddat viloyat teleradiokompaniyasiga rahbarlik qildi. Bu ijodkorning yuksak bilimi, tafakkur olamining kengligi meni doim hayratga solardi. Ayniqsa, u yozgan “Lola” etyudiga tan berganman.

Turob Maqsudning qalbga borib tegadigan qaynoq satrlarini har sahifada uchratish mumkin. U roman yozdi, nomini “Qaytmas to‘lqinlar” deb atadi. Unga filologiya fanlari doktori, professor Umarali Normatov so‘zboshi yozdi.

Yana o‘qing:  Minnatdorlik maktubi

Afsus, hozir ijodkor oramizda yo‘q. Kitobini chop ettirdi-yu, o‘zi qaytmas to‘lqinga aylanib ketdi. Bitta taskin bor, uning zarbli to‘lqinlari qalbimizga urilayapti. Yetmish bahorni kutib olish arafasida hassos yozuvchini dard oramizdan olib ketdi.

Sevimli adibimizning oxirati obod bo‘lsin!

 

Pardaboy TOJIBOYEV,

Jizzax viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: