Qalbi uyg‘oq, orzulari yuksak yoshlar

Bugungi kun kechagidanda farahbaxsh va baxtga to‘la. Bugungi baxt kechagi chekilgan mashaqqatning mukofotidir ehtimol. Kuni kecha oq libosga burkanib, kelin bo‘lish baxtiga sazovor bo‘lgan Fotimaning qalb tubidan shunday o‘ylar o‘tgan bo‘lsa ajab emas. Zero, yorug‘ olamni ko‘rish baxtidan mahrum bo‘lgan qizaloq aslo chekinmadi. Undagi iroda, sabr-toqat va berilgan ko‘mak tufayli Fotima Ibragimova orzu qilganidek Toshkent pedagogika institutini muvaffaqiyatli tamomlab o‘qituvchi nomiga sazovor bo‘lish bilan birga unga kelinlik baxti ham nasib etdi.

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan Ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab internatida faoliyat yurituvchi mehri daryo ustoz va tarbiyachilar Fotima singari ko‘plab o‘g‘il-qizlarga mustaqil hayotda o‘z o‘rni va baxtini topishga ko‘mak berib kelmoqda. 1924-yilda tashkil etilgan mazkur dargohda hozirgi kunga kelib, Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Jizzax va Sirdaryo viloyatidan kelgan ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar tahsil olishadi. Hozirgi kunda ko‘zida nuqsoni bor 280 nafar bolani o‘z bag‘riga olgan ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab internatida 255 nafar maktab o‘quvchilari va 24 nafar tayyorlov guruhi – maktabgacha ta’lim bosqichining tarbiyalanuvchilari ta’lim-tarbiya olishmoqda. O‘quvchilar mazkur bilim maskanida nafaqat o‘rta ma’lumotga, balki mustaqil hayotda o‘z o‘rnini topish uchun zarur bo‘ladigan ko‘nikma va bilimga ham ega bo‘lishadi.

– Har bir bola mehr, e’tibor va g‘amxo‘rlikdan bebahra qolmasligi lozim – deydi maktab-internatning o‘quv-tarbiyaviy ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Anora Qodirova. – Bugungi kunda yurtimizda ijtimoiy himoya nechog‘lik shakllanib rivoj topganini muassasamizga berilayotgan katta e’tibor misolida ham ko‘rishimiz mukin. Zero, o‘quvchi yoshlar uchun yaratilgan barcha shart-sharoitlar ularning baxtli yashashiga zamin hozirlaydi.

Mazkur muassasada maxsus sinf xonalari hamda 200 o‘ringa mo‘ljallangan shinam yotoqxona o‘quvchilar xizmatida. Shuningdek, bolalar uchun tashkil etilgan uch mahal issiq ovqat va ikki mahal nonushta ularga muntazir. Bu yerda o‘quvchilarga yaratilgan qulaylik bilan birgalikda ularning salomatligi ham shifokor va tarbiyachilar nazoratida. Internatda o‘quvchilar yilda ikki marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Har yili kuz va bahor oylarida malakali okulistlar kelib o‘quvchilarni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi. Shuningdek, Yashnobod tumaniga qarashli 36-oilaviy poliklinika shifokorlari bolalarga tibbiy maslahatlar berib, ularning sog‘liqlarini doimo nazorat qilib turishadi. Zero, yosh organizmda turli o‘zgarishlar yuz bergani kabi ularning ko‘z sohasida ro‘y berayotgan har bir jarayonni shifokor tomonidan nazorat qilib borish nihoyatda muhim.

Яна ўқинг:  ШОИРА ЗУЛФИЯНИНГ 100 ЙИЛЛИГИ НИШОНЛАНАДИ

Ko‘zlarida nuqsoni bo‘lsada yuksak qobiliyati bilan hayotda o‘z o‘rnini topgan o‘quvchilar ushbu ta’lim maskanida ko‘pchilikni tashkil etadi. 2013-yilda Fransiyada o‘tkazilgan “Marhabo, iste’dodlar” xalqaro tanlovida fortepyano yo‘nalishida Sevara Mirsiddiqova birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, internatning 6-sinfida tahsil olayotgan Mirsaid Muxtarov joriy yilda Italiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovda fortepyano yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

– Har bir bola o‘zining iqtidorini namoyon etgisi keladi. Ularga to‘g‘ri yo‘nalish berish, kerakli yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish esa biz kattalarning vazifamiz, – deydi ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Zamira G‘ofurova – O‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, qiziqishlarini ro‘yobga chiqarish borasida internatimizda bolalar bilan tez-tez psixologik seminar-treninglar, suhbatlar o‘tkazilib boriladi. Bu esa ularning bilimini mustahkamlab, hayotga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Ruhiyati baland bolaning esa maqsadi va orzusi ham yuksak bo‘ladi.

Ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab-internatida o‘tilayotgan fanlarning o‘ziga xosligi shundaki, bu yerda o‘quvchilarga umumta’lim darslari bilan birgalikda kunning ikkinchi yarmida maxsus korreksion darslar o‘tilib, unga binoan o‘quvchilar mo‘ljal olish va erkin harakatlanish, mimika, ritmika, davolash gimnastikasi, nutq, qo‘l motorikasini rivojlantirish, ijtimoiy-maishiy yo‘nalish kabi darslardan saboq olishadi. O‘quvchilar predmet haqidagi ilk tasavvurni shu darslar davomida oladi. Suhbat jarayonida so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishni o‘rganadi, qo‘l sezgisini oshiradi. Qadam tashlash, qarshisidagi ariq yoki chuqurlikning kengligini mo‘ljal olishni o‘rganadi. Shuningdek, bola bunday darslar yordamida ijtimoiy hayotga tayyorlanadi, ya’ni oshxonada o‘zini qanday tutish, shaxsiy gigiyenaga amal qilish kabi kundalik hayotda muhim bo‘lgan barcha qoidalarni o‘rganib boradi.

– O‘qitilayotgan fanlar o‘quvchilarimiz uchun nihoyatda qiziqarli. Va ular har bir darsga alohida tayyorgarlik ko‘rib kelishadi, – deydi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Umida Abdullayeva.

Mazkur ta’lim muassasasini Brayl yozuvidagi (ko‘zi ojizlar uchun maxsus yozuv) o‘zbek tilidagi adabiyotlar bilan ta’minlanish darajasi 80 foizni tashkil etgan. Ammo shunga qaramay, ta’lim dargohida hali ham adabiyotlar yetishmovchiligi yuzaga kelmoqda. Ayniqsa, rusiyzabon o‘quvchilar uchun adabiyotlar nihoyatda kam. Ba’zida o‘qituvchilar rus tilidagi umumta’lim kitoblarini Brayl yozuvida konspekt qilib dars o‘tishlariga to‘g‘ri keladi. Har bir o‘quvchiga tarqatma materiallarni ham Brayl yozuvida tayyorlab kelish o‘qituvchidan ancha vaqt talab etayotir. Bu esa ta’lim jarayonining tezkor o‘tishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Vaholanki, ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab-internatida 8ta rusiyzabon sinf jami oltmishdan oshiq rus tilida tahsil oluvchi o‘quvchilar ta’lim oladi. Muammoning yana bir tomoni ko‘zi ojiz o‘quvchilar uchun maxsus jihoz grifel(yozuv daftar va ruchka) yetishmovchiligi ham bolalarning ta’lim olishlarida qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Яна ўқинг:  Шукроналик шукуҳи

Ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar internatini 2015-yilining mart oyiga kelib to‘liq ta’mirdan chiqarish rejaga kiritilgan. O‘ylaymizki, shu orqali o‘quvchilar uchun yanada qulayliklar yaratiladi.

Har bir bola o‘ziga xos fitrat sohibi sanaladi. Unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, e’zozlash va uning taqdiri borasida qayg‘urish kelajakda uni elga nafi tegadigan fidoyi inson bo‘lib voyaga yetishiga zamin hozirlaydi. Zero, inson bu dunyoda mehr va e’tibor ko‘rsagina uni o‘zgalarga tortiq eta oladi.

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: