QAHRI QATTIQ AJUZ MOMO

(Esse)

“Ajum momo olti kun, sakanglasa – sakkiz kun, to‘qanglasa – to‘qqiz kun”.

O‘zbek xalq maqoli

G‘alat, bolalik o‘tmish qa’riga singavergani sayin uning farahbaxsh xotiralari ko‘z o‘ngingda bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘lib, go‘zal va sehrli olamiga boshlab ketaverarkan…

Erta tongdan yiltiragan oftobga ishonib, yengil kiyinganimni ko‘rgan onam eski diydiyosini boshlaydi.

– Qarang, eje (turkmancha ona degani), quyosh charaqlab turibdi, endiyam sovuq qoldimi, – ojizgina qarshilik ko‘rsatsam-da, bilaman, onam aytganini qildirmay qo‘ymaydi.

– “Ilikuzildi”dan endigina chiqqanda shamollab qolma, deyman-da, bolam, hali to‘qson to‘lganicha yo‘q, hutning kichik chillasi ko‘p o‘yinlar ko‘rsatadi, uning ayamajuz (“Ajum momo”), ahman-dahman, navro‘z qaroqchi degan kunlari bor. Qo‘ychivon ahli ularga “Gul cho‘mmiqning hisobi”ni ham qo‘shib qo‘yadi…

Onamning sir-sinoatga boy hikoyalari bir talay, ayniqsa, uzun qish kechalari Oyshirin, Oqil, Momogul momolar charx ko‘tarib gurungga chiqishsa, ularning suhbatini eshitib, mo‘jizalar olamiga tushib qolganday bo‘lardik. To‘g‘ri, o‘yinga o‘ch biz – qora-qura bolalarning osongina oyog‘imiz tinmas, tun allamahalgacha “oqsuyak”, “yashirinmachoq”, “podshoh-vazir” o‘ynasak-da, oxir-oqibat uyga yig‘ilib, kattalar gurungiga quloq tutardik.

– Ayamajuzi nima? – so‘raymiz qaysidir birimiz o‘zimiz uchun yangi atama sirini ayon qilib olish niyatida qiziqsinib.

– Ayamajuz to‘qsonni yakunlab beradigan olti kunning nomi.

– To‘qson degani-chi? – savol berishda davom etamiz.

– Qish to‘qson kundan iborat, bolajonlarim, u dekabr oyining beshinchi kunidan boshlanadi. Uning katta va kichik chillalari bor. Shabiyaldo kuni katta chilla kiradi.

Endi o‘ylab ko‘rsam, kichkintoy bolalarni “bijildoq” deb atashlari to‘g‘ri ekan. Hamma narsani miridan-sirigacha bilib olish uchun savol ustiga savol yog‘diraveramiz:

– Shabiyaldosi nima?

– Chilla nima degani?

– Nega hut deyishadi?..

– Qishning eng qisqa kun va eng uzun kechasini shunday atashadi…

Xullas, qiziqishlarimiz beiz ketmaydi, qish fasli boshlanganidan o‘n besh kuncha o‘tib, yilning shabiyaldo deb ataladigan eng qisqa kun va eng uzun kechasi kiradigan katta chilla qirq kun – fevral oyi boshigacha davom etishi, keyin o‘rnini yigirma kunga cho‘ziladigan kichik chillaga bo‘shatib berishini bilib olamiz.

Kichik chilla dala mehnatkashlari uchun eng og‘ir sinov kunlari sanaladi, tajribali dehqonlar uning qisqa fursatli quyoshli kunlarida ham uyda oyoq cho‘zib o‘tirmay, ariq-zovurlarni tozalab, ichki suv yo‘llarini ravonlashtiradi, texnikani ekish mavsumiga shaylaydi. Bog‘bonlar novda uyg‘onmasidan mevali daraxtlarni butash, shakl berish ishlarini tugatish choralarini ko‘radi. Cho‘pon-cho‘liqlar qo‘ylarni qishlovdan to‘liq va sog‘lom olib chiqish, xususan, qo‘zilatish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun otarga vaqti-vaqti bilan surum beradi…

Яна ўқинг:  ҚОН БОСИМИ ТУШГАНДА САМАРАЛИ МАШҚЛАР

Azal-azaldan donishlarimiz ayamajuz bilan yakun topadigan to‘qsonga ehtiyot yuzasidan o‘n kun qo‘shib, “sad pok” deb ham yuritganlar.

***

Qiziq, vaqt o‘tib bolalik taassurotlari o‘z isbotini toparkan, uzun qish kechalari momolarning urchuq yigirishdan to‘xtamay bergan gurunglaridan negadir Ayamajuzni so‘yloq tishlarini qayrab turgan yalmog‘iz kampir qiyofasida tasavvur etardik. Bunga onalarimiz tekturmaslik qilganimizda beradigan dakkilari ham qo‘shilib, tasavvurimiz ishonchga aylanardi:

– Hoy, tek o‘tir, bo‘lmasa Ajuz momoga berib yuboraman…

…Oradan yillar o‘tib ayamajuz haqida turli manbalardan o‘qiganlarim, sinchilardan eshitganlarim ilk taassurotlarda ma’lum darajada haqiqat borligini ko‘rsatdi:

“Ajuz” arab tilidagi so‘z bo‘lib, “kampir” degan ma’noni anglatarkan. Kabisa yilida fevral (shubot)ning so‘nggi to‘rt kuni va mart (ozor) oyi boshidagi uch kun, kabisali bo‘lmagan yillarda aksincha bo‘ladigan ayamajuz ba’zan sakkiz-to‘qqiz kunga ham cho‘zilib, u “shisha” hamda “kampir kunlari” deb atalarkan. Rivoyatlardan birida bu atamaga keksa bir kampir havoning isiganini ko‘rib, paxtalik kiyimi o‘rniga yengil ust-bosh kiygani oqibatida shu kunlarning sovug‘idan jabr ko‘rgani dalil keltirilsa, buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida uni qishning “kampiri”, ya’ni oxiri deb ta’riflaydi. Ayamajuz va hut haqida bir talay hikmatli so‘zlar aytib kelinadi:

“Ayamajuz olti kun, olti oy qishdan qattiq kun”, “Ajum momo olti kun, sakanglasa – sakkiz kun, to‘qanglasa – to‘qqiz kun”, “Axmon-daxmon olti kun, qahriga olsa qattiq kun”, “Yaxshi kelsa hut – qut, yomon kelsa hut – yut” va boshqalar.

Yut yillari o‘n-o‘n ikki yilda bir takrorlanib, asosan “quyon yili”ga to‘g‘ri kelgan. Shunday yillari hut oyida qorlar eriy boshlagan pallada birdan qattiq sovuq boshlanib, yerning yuzi muzlagan. Endigina og‘zi ko‘kka tekkan chorva mollari muzlagan yerdan bir nima topib yeyolmaganidan qirilib ketgan. Shu bois xalq orasida “Hutman, yomon kelsam – oriq molga yutman”, degan maqol ham yuradi. Ko‘pni ko‘rgan keksalarimiz:

– Yutning yuzini teskari qilsin, – deb duo qilishadi.

***

…Erta tongdan maktabga otlanayotgan nabiralarimni birma-bir tergay boshlayman:

– Bolam, qalinroq kiyinib chiq, to‘qson tugagani yo‘q, tag‘in yelvizakda sovuq qotib, “qux-quxlab” yurma. Hali yog‘ingarchilik kunlar oldinda…

Яна ўқинг:  ТАНТИ ТАБИАТНИНГ ДАРМОНБАХШ ТУҲФАЛАРИ

Abdunabi ABDIYEV

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: