Pul bermaslik tejamkorlikni o‘rgatmaydi

Bolaga pul berish kerakmi? Lozim bo‘lsa necha yoshdan va qancha miqdorda? Agar kerak bo‘lmasa, nimaga? Pul bolani buzadimi yoki pulsizlik? Bunday savollar har qanday ota-onani o‘ylantirishi tabiiy.

Agar farzand tinch-totuv, risoladagidek oilada tarbiyalansa, oila a’zolari bir-birlariga mehr-muhabbat bilan munosabatda bo‘lsalar, bolaga pul berish, uning pulga munosabatini shakllantirish borasida turli tajribalar qilib ko‘rsa bo‘ladi. Ammo oilada muhit nosog‘lom bo‘lsa, pul bola uchun har qanday holatda ham (ya’ni bersangiz ham, bermasangiz ham) muammoga aylanadi. Demak, eng avvalo, oiladagi muhitni yaxshilang.

 

Bolaga pul berish kerakmi degan savolga “ha” yoki “yo‘q” deguvchilar

“Yo‘q” deguvchilar:

Bola pulni to‘g‘ri sarflashni bilmaydi, ota-ona unga nima kerak bo‘lsa o‘zi olib berishi lozim; Yoshlikdan pulga o‘rgansa, kelajakda xasis va ta’magir bo‘lib qoladi; Doim pul berib turmasangiz, injiqlik qiladigan bo‘lib qoladi, o‘zi ishlab topmagani uchun pulning qadriga yetmaydi.

“Ha” deguvchilar:

Atrofdagilarda pul bor-u, faqat unda yo‘q, Bunday paytda bola o‘zini noqis seza boshlaydi; Pul bersangiz, uni mustaqil ishlatishni, rejalashni, tejashni o‘rganadi. Bermasangiz, o‘jar, qaysar bo‘lib boradi, o‘sha pulni o‘g‘irlab olishi mumkin.

Shu sababli qat’iy bir gapni aytishga shoshilmang. Bolalar ham, kattalar ham turlicha bo‘ladi. Shuning uchun vaziyatga qarab ish tutish kerak.

 

Necha yoshdan pul bersa bo‘ladi?

Ikki qarash bor: yo bola pul sanashni bilgandan boshlab, yoki maktabga chiqqach. Ko‘pincha bu ikkisi bir vaqtga to‘g‘ri kelib qoladi. Bola pul sanash va ishlatishga tayyorligini bilish uchun uni do‘konga jo‘natib turing. Ko‘ring-chi, aytgan narsangizga bergan pulingiz yetmasligini sezarmikan, qaytim olishni unutmasmikan?! Shularning o‘zidan bolangiz hayotida pul qanchalik o‘rin egallaganini bilib olsangiz bo‘ladi.

 

Dastlab qanchadan berish mumkin?

Bolaning yoshi, ehtiyojlari va albatta, imkoniyatlaringizdan kelib chiqib berasiz. Hech qachon falonchi maktabga shuncha olib kelyapti, menga ham bering degan gaplarga ko‘nmang. Bolaning real ehtiyojlarini biling va shunga loyiq pul bering. Bordi-yu har kuni pul bera olmasangiz, buni bolaga tushuntiring. Mutaxassislar bir masalada yakdil: bolaga xoh haftada, xoh oyda bir bo‘lsin, pul berib turish kerak. Bo‘lmasa, u o‘zi pul ishlab topganda sarflashni bilmaydi.

Yana o‘qing:  FIKRI TERAN, ILMGA ChANQOQ

 

To‘g‘ri sarflashni qanday o‘rgatamiz?

Bolalar ko‘pincha pulni birdaniga sarflab qo‘yishadi. Pulga yengil munosabatning nimalarga olib kelishini bildiring. Boshida xarajatlarni rejalashtirishni o‘zingiz o‘rgatib boring, mablag‘ni mayda qismlarga bo‘lib, vaqti-vaqti bilan berib turing. Bola ortiqcha sarf-xarajatga yo‘l qo‘ymay, rejalab ishlatayotganiga amin bo‘ling. Bordiyu to‘g‘ri sarflashni eplolmasa, demak, hali u mustaqil xaridlarga tayyor emas. Keyinchalik vaqt, imkon berasiz va kutasiz. Faqat xarajatlarni doimiy nazorat qilib borishni unutmang.

 

Asel ALNAZAROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: