O‘ZBEKISTON YOSHLAR SIYOSATI – MAMLAKATNI YANADA RIVOJLANTIRISH YO’LIDA

Yoshlar ijod saroyida “O‘zbekiston Respublikasida yoshlar siyosatini amalga oshirishning dolzarb masalalari” mavzuida ilmiy-amaliy respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjuman Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish “Iste’dod” jamg‘armasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan tashkil etildi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi parlamenti a’zolari, vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari rahbarlari, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy muassasalar mutaxassislari, barcha turdagi o‘quv yurtlari pedagoglari, mamlakatimizning iqtidorli yoshlari vakillari – davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan yigit-qizlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi va maxsus stipendiyalar sohiblari bo‘lgan oliy o‘quv yurtlari talabalari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va maktablar o‘quvchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Konferensiyada mustaqillikning dastlabki kunlaridan Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan farovon demokratik davlat va jamiyatni barpo etishga yo‘naltirilgan tub islohotlar siyosatining o‘ziga xos xususiyati uning aniq ijtimoiy yo‘naltirilganligida ekani ta’kidlandi. Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ijobiy o‘zgarishlar zamirida har tomonlama barkamol – jismonan sog‘lom, aqlan yetuk, nafaqat ko‘plab bilimlarni, hozirgi davrda talab katta bo‘lgan kasb-hunarlarni egallagan, ayni paytda, mustaqil va ijodiy fikrlashga qodir, intellektual salohiyati yuksak yosh avlod to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishdek ustuvor maqsad mujassam ekani tabiiydir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, oldimizda turgan eng ezgu maqsadlarimiz – mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham, O‘zbekistonning XXI asrda jahon hamjamiyatidan qanday o‘rin egallashi ham – bularning barcha-barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimiz qanday insonlar bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liqdir.

Mamlakatimizda yuritilayotgan kuchli yoshlar siyosati mustahkam huquqiy asosga ega. U O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalarida, ushbu sohaga tegishli 22 qonunda o‘z ifodasini topgan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng qabul qilingan dastlabki qonun hujjatlaridan biri 1991 yil 20 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonun ekanligida katta ramziy ma’no bor. Prezidentimizning qator farmon va qarorlari o‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, milliy istiqlol g‘oyasi, o‘z Vatani va xalqiga mehr-muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga, uni har tomonlama – jismonan, ma’nan va ruhan barkamol etib voyaga yetkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga yo‘naltirilgan. Ayni paytda ko‘plab maqsadli davlat dasturlari ham hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda. Bu boradagi ishlarning yuqori samaradorligi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda jamoat tuzilmalari, shu jumladan, o‘z saflarida 5,5 million yigit-qizni birlashtirgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa tashkilotlar o‘rtasida tobora kengayib borayotgan ijtimoiy hamkorligi natijasida ta’minlanmoqda.

Konferensiya ishtirokchilari shuni alohida ta’kidlashdiki, o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama rivojlanishi uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berish borasida olib borilayotgan kompleks chora-tadbirlar xalqimizga xos xususiyat bo‘lib, milliy tabiatimizning uzviy qismiga aylangan. Har bir oilada, har bir mahallada, eng avvalo, yoshlarning salomatligini ta’minlash, ularga yaxshi bilim berish, ayni paytda yuksak ma’naviy va ahloqiy fazilatlarga ega munosib shaxslar etib voyaga yetkazish azaldan muhim masala bo‘lib kelgan. Mustaqillik yillarida ushbu vazifalar O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi va bu esa barcha sohalarda yuksak yutuqlarga erishish imkonini bermoqda.

Yana o‘qing:  YAXShILIKNING UMRI BOQIY

Salomatlikni ta’minlash, uzluksiz ta’lim va barkamol yosh avlodni tarbiyalash bo‘yicha mamlakatimizda yaratilgan milliy modellar butun dunyoda yuksak baholanmoqda. Jumladan, 2011 yilning noyabrida “O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli: “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” mavzuida Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro simpoziumda nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan bu borada amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berildi va ular boshqa mamlakatlar uchun namuna sifatida e’tirof etildi. 2012 yilning fevralida poytaxtimizda o‘tgan “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” xalqaro konferensiyasida O‘zbekistonda yaratilgan uzluksiz ta’lim va tarbiya milliy tizimi boshqa davlatlar uchun etalon, deb e’lon qilindi. Bularning barchasi, deb ta’kidlandi anjumanda, O‘zbekiston, haqiqatan ham, bolalar va yoshlarning kelajagi, demakki, mamlakat istiqboli haqida g‘amxo‘rlik qilinadigan davlat ekanidan dalolatdir.

Mustaqillik yillarida demokratik va bozor o‘zgarishlari talablariga mos ravishda ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimida tub islohotlar amalga oshirildi. Ushbu nihoyatda muhim sohadagi chuqur islohotlar Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, ayni paytda ko‘lami, qamrovi va maqsadlariga ko‘ra o‘ta noyob Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida amalga oshirildi. Mamlakatimizda ta’lim shaxs, jamiyat va davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnik va madaniy ehtiyojlarini ta’minlaydigan ustuvor soha, deb e’lon qilingan. Mavjud ta’lim muassasalarini davr talablarini hisobga olgan holda isloh qilishdan tashqari MDH davlatlarida o‘xshashi yo‘q yangi turdagi o‘quv yurtlari – kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar tashkil etildi. Shu tarzda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning barcha tarmoqlari uchun yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga, yoshlarni ma’naviy-ahloqiy va har tomonlama ijodiy rivojlantirishga yo‘naltirilgan uzluksiz o‘quv-ilmiy-ishlab chiqarish ta’limining noyob yaxlit tizimi shakllantirildi.

Konferensiyada, jahon tajribasini hisobga olgan holda, ta’limning barcha bosqichlari uchun davr talablariga mos davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va darsliklar ishlab chiqilib, joriy qilingani ta’kidlandi. Shuningdek, ilg‘or pedagogik texnologiyalar va o‘qitishning interfaol usullaridan keng foydalanilmoqda.

Ushbu yo‘nalishda davlatimiz rahbarining 2003 yil 1 iyuldagi faromoniga asosan tashkil qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish “Iste’dod” jamg‘armasi keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Uning faoliyati mamlakatimizda ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga, barcha hududlarda o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarni joriy etish, yosh pedagoglar va olimlarning kasbiy bilimlari va ko‘nikmalarini oshirishga yo‘naltirilgan. Oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va maktablar xodimlari uchun o‘nlab kunduzgi va masofaviy ta’lim dasturlari ishlab chiqildi. Hozirgi paytgacha jamg‘armaning faqat kunduzgi kurslarida 10 mingdan ziyod pedagog va ilmiy kadrlar o‘z malakasini oshirdi.

“Iste’dod” jamg‘armasi qoshida Masofaviy ta’lim markazi tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda dunyo standartlari talablariga mos masofaviy tarzda malaka oshirish tizimi yaratilgan. Ushbu tizim faoliyati O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, markaz o‘z veb-sayti yordamida axborot texnologiyalari va masofaviy ta’lim, ma’naviyat va ma’rifat, innovatsion texnologiyalar, tarbiyaviy ishlarni tashkil qilish, ta’lim muassasalarini boshqarish kabi yo‘nalishlarda masofaviy tarzda malaka oshirishni yo‘lga qo‘ydi.

Yana o‘qing:  Yashirin isitmaning oshkor xususiyatlari

Konferensiya ishtirokchilari ta’kidlaganidek, mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzi va raqobatbardoshligini oshirish ko‘p jihatdan yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini yuksaltirishga bog‘liq. Shu sababli iqtidorli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirishga, yosh avlodning zamonaviy dunyoqarashini, ijodiy va shaxsiy xususiyatlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilgan bo‘lib, unga o‘qishda, ijodiy va jamoat ishlarida katta yutuqlarga erishayotgan qizlar munosib ko‘riladi. San’at sohasidagi yutuqlari uchun eng iqtidorli yosh raqqosalar, musiqachilar va xonandalarga “Nihol” mukofoti beriladi. “Yangi avlod” va “Kelajak ovozi” respublika tanlovlari o‘tkazilmoqda.

O‘zbekistondagi yoshlar siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri iqtidorli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etishdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalariga o‘qishda va jamoat ishlarida yuqori natijalarga erishayotgan yoshlar sazovor bo‘lmoqda. Shuningdek, bir qator maxsus stipendiyalar ta’sis etilgan. Yoshlar salohiyatini rivojlantirish borasidagi bunday g‘amxo‘rlik o‘z samaralarini berayotir. Bu, jumladan, har yili o‘tkaziladigan Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida yosh olimlar va talabalar tomonidan taqdim qilinayotgan istiqbolli yangiliklar soni tobora ortib borayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Konferensiyada ta’kidlanganidek, o‘quv yurtlari, birinchi navbatda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Muayyan ishlab chiqarish korxonalari va tarmoqlar uchun maqsadli ravishda kadrlar tayyorlash keng qo‘llanilmoqda, o‘quv yurtlari, korxonalar va o‘quvchilar o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar imzolanmoqda va bu bitiruvchilarning kelgusida ish bilan ta’minlanishini kafolatlaydi. Shu maqsadda kasb-hunar kollejlarining ish beruvchi korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarining boshqa shakllaridan ham foydalanilmoqda. Mamlakatimizda har yili minglab ish o‘rinlari tashkil qilinadi, bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi muhim o‘rin tutadi.

Mamlakatimizda reproduktiv salomatlikka ham katta e’tibor qaratilayotir. Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini joriy qilishga bag‘ishlangan keng ko‘lamli tushuntirish ishlari yo‘lga qo‘yilgan, ularda tibbiyot xodimlari bilan birga O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, xotin-qizlar qo‘mitalari, kasaba uyushmalari tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari ham faol ishtirok etmoqda. Reproduktiv salomatlikni ta’minlash bo‘yicha o‘zbek modeli BMT tomonidan Sharqiy Yevropa, Boltiqbo‘yi va MDH davlatlari uchun eng yaxshi hududiy dastur sifatida tavsiya qilingan.

Sog‘lom turmush tarzini, avvalo, bolalar va yoshlar o‘rtasida shakllantirishda ko‘p jihatdan ularni ommaviy tarzda jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish muhim o‘rin tutadi. Respublika sport musobaqalarining uch bosqichli tizimi maktab o‘quvchilarining “Umid nihollari”, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining “Barkomol avlod” bellashuvlari va talabalar o‘rtasidagi Universiada musobaqalarini o‘z ichiga oladi. Bugun mamlakatimizning har bir tumanida, hatto, eng olis hududlarda ham jihozlanishi jihatidan xorijdagi eng ilg‘or sport maydonlaridan qolishmaydigan zamonaviy sport inshootlari barpo etilgan.

Yana o‘qing:  Bilim, ishtiyoq, samara

Yil sayin yoshlarning har tomonlama rivojlanishi uchun yanada qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yosh oilalarga zarur yordam ko‘rsatish, amaliy rag‘bat va barqaror daromad manbalarini shakllantirish mexanizmini yaratish, ularning turar-joy va maishiy shart-sharoitlarini yaxshilash maqsadida 2007 yil 17 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Har bir hududda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka faol jalb qilish, yosh oilalarga o‘z biznesini tashkil etishi uchun mikrokreditlar ajratish ishlari kuchaydi. Bugun O‘zbekistonda yosh oilalarga ipoteka va iste’mol kreditlari ajratish orqali uy-joy sotib olish yoki qurishda, ro‘zg‘orini butlashda har tomonlama yordam ko‘rsatilmoqda.

Umuman olganda, konferensiyada ta’kidlanganidek, mamlakatimizda xalqimizga xos yuksak ma’naviy qadriyatlar va eng yaxshi an’analar ruhida kamol topayotgan, Vatanimiz taqdiri, uning kelajagi va ertangi kuniga mas’ullik tuyg‘usini teran anglaydigan, davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida hayotimizning barcha jabhalarini isloh qilish va yangilash bo‘yicha tobora jadallashib borayotgan ishlarga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida o‘qishda, ishda katta yutuqlarga erishishga intilayotgan barcha yigit-qizlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A.Abduvohidov, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashining raisi B.G‘aniyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari I.Mirzaaliyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasi ijrochi direktori A.Pardayev, Respublika pediatriya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiy markazining katta ilmiy xodimi N.Aliyeva, Toshkent davlat yuridik institutining magistranti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohibi E.Hamroyev, Toshkent davlat pedagogika universitetining professori E. Yuzlikayeva va boshqalar ana shular xususida so‘z yuritdi.

Konferensiya ishtirokchilari o‘z chiqishlarida ta’kidlaganidek, ayni paytda davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni to‘liq amalga oshirish uchun hali ko‘p ishlar qilinishi kerak. Bu, birinchi navbatda, yigit-qizlarimizning olijanob intilishlarini ro‘yobga chiqarish, jamiyatimizning ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy rivojlanishida ishtirok etishida barcha yordamni ko‘rsatish bilan bog‘liqdir. Shu munosabat bilan bugungi kunda yoshlarda xalqimizga mutlaqo yot bo‘lgan turli oqimlar va ta’sirlarga qarshi mustahkam mafkuraviy immunitetni shakllantirish dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Yoshlarimizning ulkan salohiyatini har tomonlama ro‘yobga chiqarish uchun ularning ilm-fan, texnika, axborot texnologiyalari, madaniyat, san’at, sport, tadbirkorlik kabi sohalardagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ishlarini yanada kuchaytirish, shuningdek, O‘zbekistonda kuchli yoshlar siyosatini amalga oshirishda davlat va jamoat tuzilmalarining ijtimoiy sherikligini mustahkamlash va rivojlantirish zarur. Ayni paytda alohida ta’kidlandiki, Prezidentimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik yosh avlod zimmasiga zalvorli mas’uliyat yuklaydi, yoshlarimizdan xalqimiz oldida turgan yuksak maqsadlarga erishishda yanada faollik ko‘rsatishni talab etadi.

Konferensiya ishtirokchilari Yoshlar ijod saroyida tashkil qilingan ko‘rgazma orqali mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosatining natijalari bilan tanishdi.

Konferensiya ishi seksiya majlislarida davom ettirildi.

Konferensiyaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari E.Bositxonova, A.Ikromov ishtirok etdi.

Anna IVANOVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: