O‘tish davri sinovlari

Halima opa 15 yoshli o‘g‘li Sardorning kundan-kunga asabiy bo‘lib borayotganidan tashvishga tushib, dugonalarining tavsiyasi bilan uni psixolog ko‘rigiga olib bordi. Mutaxassis qabulida farzandining o‘zini tutishi, gap-so‘zlaridan ona juda mulzam bo‘ldi.

Biroq, bunday vaziyatlarni yaxshi tushungan psixolog u bilan yaqindan suhbatlashdi. Halima opaga esa o‘g‘lini mutaxassis shifokorga ham ko‘rsatish lozimligini aytdi.

Buni qarangki, ko‘pgina ota-onalar farzandlari, ayniqsa, qizlarini o‘smirlik davrida shifokor ko‘rigiga olib borishni uyat deb biladi. Ulardagi o‘zgarishlarni tushunolmaganidan o‘rtada turli ziddiyatlar yuzaga keladi. Halima opa esa aksincha mutaxassislar ko‘magida o‘g‘lining muammolariga vaqtida yechim topib, u bilan aloqalarni yaxshi tomonga o‘zgartira oldi.

Inson dunyoga kelarkan yillar o‘tgani sari o‘sib-ulg‘ayayotgan muhitga moslashib boradi. Shu bois, bejizga farzandlar sog‘lom muhitda voyaga yetishishiga jiddiy e’tibor berilmaydi. Ota-onalar ham bolalarining go‘daklik davrida injiqliklariga sherik bo‘lsa, katta bo‘lgani sari tabiatiga xos salbiy holatlarga tayyor turadi. Ayniqsa, o‘smirlik davri eng og‘ir va muhim palla hisoblanadi. Chunki ayni shu davrda yoshlarlarda ham ruhiy, ham fiziologik, ham biologik jihatdan o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Bu esa har bir ota-onadan farzandlarining yurish-turishiga befarq bo‘lmaslikni talab etadi.

O‘smirlik – bolalarda turlicha o‘tadi. Shu sabab ham bu qaltis davrda ular orasida yot g‘oyalar ta’siriga berilish, salbiy illatlarga ruju qo‘yish, ayniqsa, jinoyatchilik ko‘proq kuzatiladi.

O‘tish paytida bolalar o‘zlarining fikrlarini ma’qul deb biladi. har qanday ishni to‘g‘ri qilyapman deb hisoblaydi. Bu bosqichda Ular kattalarga bo‘ysunishni ko‘pincha istamaydi.

Injiqlik, qaysarlik bilan o‘z fikrlarini oqlaydi. Ularda o‘zboshimchalik, kattalarning so‘zlariga qo‘shilmaslik holatlari kuzatiladi.

Agar farzandingizda shunga o‘xshash holatlar kuzatilsa, tezda xulosa chiqarishga shoshilmang. “Nima uchun shunday?”, “Nega farzandim bunday bo‘lib qoldi?” kabi savollarni o‘zingizga berib ko‘ring. Lozim bo‘lganda mutaxassislar bilan maslahatlashing. Ana shunda o‘g‘il-qizlarimizdagi o‘zgarishlarning sababi va yechimini topgan bo‘lamiz.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha o‘tish davrida organizmda gormonal, fiziologik, biologik jarayonlar tezlashgani uchun ham yosh yigit-qizlarda turli salbiy holatlar kuzatilar ekan. Ya’ni, o‘smirlik bolalik davriga nisbatan ziddiyatli kechadi. Bunday hollarda ota-onalar ko‘pincha qanday yo‘l tutish kerakligini o‘ylab qoladi.

 

– O‘smirlik – inqiroz davri hisoblanadi, – deydi psixolog Lola Inog‘omova. – Bu paytda yosh yigit-qizlarda ikkilanish, qo‘rqish, hayajonlanish holatlari ko‘p kuzatiladi, o‘zini boshqa odamlar bilan solishtiradi. Qolaversa, o‘ziga mos o‘rtoq qidiradi. Haddan tashqari bosim, erkinlik, majburyat va mas’uliyatni qiyinchilik bilan qabul qiladi. Bu holatda farzandlar ota-ona yoki o‘qituvchining yordamiga muhtoj bo‘ladi. Ayniqsa, ota-onaning bahosi, o‘rni u uchun muhim hisoblanadi. Bolani mustaqil fikrlashga o‘rgatish, so‘zlarini eshitish va uni to‘g‘rilikcha qabul qilish kerak.

 

Yana o‘qing:  Sabina Kumushdan mamnun

Bu davrda bolaning muloqotga kirishuvchanligi kuchayadi. U faqat o‘zi tengilar bilan suhbatlashishga intiladi. Kattalarni esa o‘ziga raqib, ko‘p narsani bilmaydi, deb hisoblaydi. Bunday paytda onalar o‘g‘il-qizlarini tushunishga harakat qilishi, so‘zlariga quloq tutishi lozim. Ya’ni, o‘tish davrida bolaga “tengdosh” sifatida qarash lozim. Shunda ulardagi stress (ruhiy zo‘riqish), qo‘rquv va depressiya (tushkunlik) kabi muammolar ma’lum darajada hal bo‘ladi. Agar u fikrini erkin bayon eta olmasa, o‘zini tushkun sezadi. Mana shunday vaziyatda uni muloqotga tortib, fikrlarini bilishga, yaxshi gap bilan muammolarini so‘rashga harakat qilish kerak. Agar farzandingiz bilan do‘st sifatida muloqot qilsangiz, uning sizga nisbatan ishonchi ortadi va tushkun holatdan chiqishga harakat qiladi. O‘tish davridan esa osonlikcha chiqib ketadi.

 

Dilfuza AZIMOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: