Odamlarni rozi qilish – bosh maqsadimiz. Shu maqsadga erisha olyapmizmi?

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlar yaxshi samara bermoqda. Xalqimizni ko‘p yillardan buyon o‘ylantirib, tashvishga solib kelayotgan muammolarga yechim topilib, har bir oilaning farovon turmush kechirishi uchun bor imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi va qo‘llab-quvvatlovi bilan “Obod mahalla” dasturi ham hayotga tatbiq etildi. Har to‘kisda bir ayb, deganlaridek mazkur dasturlar asosida amalga oshirilishi belgilangan vazifalar ijrosida ba’zan sustkashlik, e’tiborsizlik va sansalorlik manzarasi ham ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 29 iyun kuni Toshkent shahar Olmazor tumanida bo‘lganida bu jihatlarga alohida e’tibor qaratib, oilalarni mustahkamlash, aholini ish bilan ta’minlash, to‘y-hashamlar, oilaviy tadbirlar va ma’rakalarni isrofgarchiliksiz, ixcham qilib o‘tkazish kabi bir qator muhim masalalar bo‘yicha tuman mutasaddi rahbarlariga, mahalla raislariga tavsiyalar berdi.

O‘zA muxbirlari Olmazor tumanidagi mahalla raislari bilan bu yerdagi mavjud muammolar, yechimini kutayotgan masalalar, amalga oshirilayotgan ishlar haqida suhbatlashdi.

 

LOQAYDLIK – BIZNING KUSHANDAMIZ

 

Oynisa BOBONOVA, “Jiydali” MFY raisi:

– Mahallamizda yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida hududdagi korxona va tashkilotlar bilan muntazam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Buning samarasida ayni paytda savdo do‘konlari, sartaroshxona, tikuvchilik sexlariga asosan yoshlar ishga qabul qilinmoqda. Bunga misol tariqasida yaqinda mahallamiz hududidagi bo‘sh turgan binoda kichik tikuv sexi tashkil etildi.

Uyda o‘tirgan qo‘li gul chevar opa-singillarimiz bilan uchrashib, ularni tikuvchilik sexiga ishga qabul qilyapmiz. Uy bekalari buyurtma asosida uyidan chiqmagan holda turli kiyimlar uchun buyurtmalarni bajarmoqda. Shunday qilinsa, uy ishlari, farzand tarbiyasi bilan ham bemalol shug‘ullanaveradi. Bajargan mehnatiga qarab korxonadan oylik ham olaveradi.

Xonadon va ko‘chalarni obodonlashtirish, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni kuchaytirish borasida ham izchil ishlar olib borilayotir. Ayniqsa, suvdan oqilona foydalanish borasida tizimli ishlar qilingan. Yozning ayni issiq quyoshli kunlarida suvni bekorga isrof qilmaslik, ortiqcha suv sarflamaslikka harakat qilinmoqda. Jumladan, ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasidan noqonuniy tarzda ulangan ichimlik suvi quvurlaridagi suvni isrof qilib atrofga sepmaslik, uylar atrofidagi daraxt va gullarni sug‘orishda e’tibor bilan ish qo‘rish lozimligi alohida tayinlanmoqda.

 

“MASHMASHA”SI HAM JONGA TEGDI…

 

Yana o‘qing:  Eng mitti kompyuter yaratildi

Zafar ShONAZAROV, “Beruniy” MFY raisi:

Mahalladagi to‘ylarni ixchamlashtirish, avvalo, mahalla raislari, faollar, oqsoqol va kayvonilar oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir. Hozirda to‘ylarga 400-500 nafar odamni chaqirishadi. Uni ko‘rgan o‘rtahol oilalar ham ulardan kam bo‘lgisi kelmaydi. Qarabsizki, qo‘ni-qo‘shnisi, qarindosh-urug‘idan qarz olishgacha boradi. Ma’lum miqdorda olingan qarz yoki yordam vaqti kelib egasiga qaytarilishi kerak. To‘y qilgan oilaning tayinli ishi, tadbirkorligi bo‘lsa qiynalmasligi mumkin. Bunga imkoni bo‘lmasa, albatta, oilada o‘zaro muammolar kelib chiqadi. Bir kunlik to‘y o‘tadi. Lekin uning “mashmasha”si qarindosh-urug‘, quda-anda va yangi oila qurgan yoshlar o‘rtasida keskin nizolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Yaqinda oldimga yoshi ulug‘ bir mahalladoshimiz kelib “Nabiramni uylantirmoqchimiz, to‘y-ma’rakalar haqida har xil gaplar eshitayapmiz, shuning uchun siz bilan maslahat qilmoqchiman”, deb qoldi. Men mahallamizdagi ahvolni tushuntirdim. Atrofimizdagi 50-60 qo‘ni-qo‘shnimiz, o‘zlarining qarindosh-urug‘lari va quda tomon bilan 200 ga yaqin odamga ertalab osh beraylik, kechqurun yig‘ilib 150 kishiga to‘y oqshomini o‘tkazib bersak, nima deysiz? Agar bundan tashqari mablag‘ingiz bo‘lsa mahallamizdagi kam ta’minlangan oilalarga yordam beraylik, degandim, otaxonga ma’qul bo‘ldi. Birinchi ishimizni shundan boshladik. Shundan so‘ng yana 6 ta shunday ixcham va fayzli to‘yni bamaslahat o‘tkazdik.

 

Toshkent shahrida “Obod mahalla” dasturi bo‘yicha har bir tumandan 4 ta mahalla, jami shahar bo‘yicha 44 ta mahalla fuqarolar yig‘ini tanlab olingan. Poytaxtimizdagi 66 ming 667 ta xonadon ushbu Dasturga kiritilgan. Joriy yilda 1 ming 473 ta uy-joy va 196 km. uzunlikdagi ichki va xo‘jaliklararo yo‘llarni ta’mirlanishi kutilmoqda.

 

NA BUZILADI, NA TUZILADI

 

Muhabbat TOSHPO‘LATOVA, “Eski shahar” MFY raisi:

Mahallamizda 2000 ga yaqin oila istiqomat qiladi. Birgina eski maktab imkoniyati esa qoniqarli emas. Forobiy, Ozod, Ko‘ksuv, Langar, Qiziltup, Paxta, Jonon ko‘chalarida joylashgan xonadon vakillari sport maydonchasi yo‘qligidan qiynalishadi. Ayni vaqtda yozgi ta’til bo‘lgani uchun maydoncha har qachongidan-da zarur. O‘zingiz bir hisoblab ko‘ring, bitta boshi berk ko‘chada 15-20 nafar bola bor. Birgina Xorazmiy ko‘chasida 8 ta shunday ko‘cha bo‘lib, bu degani bir ko‘chaning o‘zida 150-160 nafar bola sport maydonchasidan foydalanish imkoniyatidan bebahra.

Yana o‘qing:  Asosiy maqsad – xolislik va shaffoflikni ta’minlash

Langar ko‘chasining mahallamizga qaraydigan 500 metrcha qismi ichidagi berk ko‘chalar asfalt qilinmagan. Necha bora mas’ullarga murojaat qildik. Keyin eshitishimizcha buziladigan yerga davlat mablag‘i ortiqcha isrof qilinmasligi kerak, deya asfalt qilinmayotgan ekan. Shundan so‘ng o‘zimizning ichki imkoniyatimizdan kelib chiqib, 200 metrcha joyni aholidan pul yig‘ib tuzatdik. Qachon buzilishi esa noma’lum. Hech bo‘lmasa, aniqlik ham kiritilmayapti. Qisqa qilib aytganda, na buziladi, na tuziladi. Mahallamizda bitta xonadonda 4-5 ta oila yashayotganlar ko‘p.

Mahallamiz aholisi ko‘p millatli bo‘lib, erta-indin baribir buziladi, deya odamlar uylariga qaramay, ta’mirlamay qo‘yishgan. Shu bois tezroq mahalla qurilishi davlat dasturiga kiritilishidan umidvormiz.

 

BO‘LAJAK KELIN-KUYOV ENDI TO‘YXONA QIDIRIB YURMASIN

 

Eryigit BOZORBOYEV, “Moyariq” MFY raisi:

Avvallari to‘ylar xonadonlarda bo‘lib o‘tgan. Hovlilar o‘rniga ko‘p qavatli uylar qurilgani bois turli marosimlarni to‘yxonalarda o‘tkazish an’anaga aylandi. Bu juda qulay ekanini ta’kidlagan holda restoranlarning narxiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, xarajatlar miqdori anchaga ko‘payadi.

Hokimiyatlar qoshida O‘zbekiston yoshlar ittifoqidan bo‘lajak kelin-kuyovlarning to‘yini tashkil qilish, to‘yxonalardagi shart-sharoitlarni tushuntirib beradigan mutaxassis ajratilsa yaxshi bo‘lardi. Bu mutaxassislar FHDYoga ariza topshirgan yigit-qiz, ularning ota-onalari bilan suhbat o‘tkazib, to‘yni ixchamlashtirish yuzasidan takliflarini bersin. Maqsadimiz, yigit va qiz turli “mish-mish”larga ishonib, yolg‘onlarga aldanib ko‘p xarajat qilmasin. Mahallamizda bu borada faollarimiz bilan hamjihatlikda, maslahatlashib ish qilinadi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Bizni kemirguvchi illatlar” maqolasida “Bizni kemirguvchi illatlar”, degan odatlarimiz, shu to‘y va ta’ziya ismindagi devonaligimizdan iboratdur. Bir do‘konchi, bir gulkor, bir faqirhol, bir kosib uchun bu to‘y va ta’ziyalar o‘lumdan qattig‘durki, muning uchun bechora har kun o‘lur. Har kun o‘lg‘on ila-da qutulmas. O‘zidan so‘ngra ahlu ayolig‘a bu yo‘qsullik va bu musibatni meros qo‘yar…” deyilgan edi. Oradan shuncha vaqt o‘tsa hamki, xalqimiz, jamiyatimiz uchun hali-hanuz dolzarb va ahamiyatli bo‘lib turgan ushbu masala muhim ekanini anglaymiz.

 

KATTA TO‘Y QILAMAN, DEGANLAR HAM BOR

 

Sojida OBIDOVA, “Shifokorlar” MFY raisi v. b.:

Yaqinda mahallamizga bir oila to‘y qilish arafasida maslahat so‘rab chiqqanida quvondik. Mahalla ahli boshchiligida o‘tgan to‘y juda chiroyli va fayzli bo‘ldi. Afsuski, jamiyatda yangiliklarni to‘g‘ri tushunmaydigan yoki qabul qilishni istamaydigan insonlar ham bor. Masalan, yaqinda bir inson mahallaga chiqib: – To‘y qilayapman, avgust oyida, oshni hozir bermoqchiman, deganida hayron bo‘lib, sababini so‘radik. – Yaqinda qaror chiqib to‘ylar ixchamlasharmish, ungacha 700-800 kishiga osh berib qolay, nikohni kamroq odam aytib keyinroq o‘tkazib qo‘ya qolaman, – deydi. Oramizda mana shunday insonlar ham borligi haqiqat.

Yana o‘qing:  Erkaklarning akusherlik va ginekoliya sohasini tanlashi borasidagi savol bahsga sabab bo‘ldi

Men aholi va mahalla o‘rtasida hamkorlik kuchayishi va yaqinda qabul qilinadigan to‘ylar haqidagi qarorda mahallaning vazifalari, vakolatlari aniq va ravshan ko‘rsatilishini istardim.

 

“KIM O‘ZAR”LIK KIMGA KERAK?

 

Jaloliddin APPANOV, “Qo‘shtut” MFY raisi:

Bugun ba’zi bir moddiy imkoniyati yaxshi bo‘lgan fuqarolarimiz orasida “kim o‘zar” qabilida to‘y qilish odatga aylanib qoldi. Katta mablag‘ talab qiladigan bu kabi to‘y-hashamlar kimga kerak?! Ularning to‘yini ko‘rgan, qatnashgan yoshlar ham ota-onasining og‘ir ahvolga tushib qolishini o‘ylamasdan xuddi shunday to‘y qilib berishini istamoqda. Biz rivojlanishimiz kerak. Rivojlangan davlatlardagi kabi to‘ylarni ixchamlashtirib, oiladagi moddiy ahvolimizni yaxshilashimiz lozim. Yurtboshimizning ham talabi shu. Buning uchun to‘y boshlagan kuyov va kelinning ota-onalarini mahallaga chaqirib, shu yerning o‘zida ortiqcha dabdababozliklarni yig‘ishtirib, shularga ketadigan pulga yosh oilaning ro‘zg‘origa zarur jihozlarni olib berish va ularni kamtarona to‘y o‘tkazishga ko‘ndirish lozim. To‘y egalari shu holatga rozi bo‘lsa, biz ko‘zlagan maqsadimizga yetamiz.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: