Muzeylar – tarixning jonli qiyofasi

Istiqlol yillarida yurtimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Qarovsiz holga kelib qolgan muborak qadamjolar Yurtboshimiz rahnamoligida obod manzilgohlarga aylantirildi hamda ko‘plab yangi muzeylar tashkil etildi. Ana shunday maskanlardan biri Temuriylar tarixi davlat muzeyi poytaxtimizning markazida, Amir Temur xiyoboni bilan tutash joyda qad rostlagan.

Temuriylar davridan so‘zlovchi mazkur muzey 1996-yil Sohibqiron tavalludining 660 yilligi munosabati bilan bunyod etilgan. Har kuni ishdan qaytayotganimda bu bino yonidan o‘ta turib, yurtimizning turli go‘shalaridan kelgan o‘quvchi yoshlar ustozlari hamrohligida muzeyni zavqu-shavq bilan tomosha qilayotganiga guvoh bo‘laman.

Darvoqe, Sog‘lom bola yili munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “Davlat muzeylarining bolalar va ularning ota-onalariga ochiqligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan aholining muzeylarga bepul kirishi uchun har yili davomiy ravishda “Muzeylar haftaligi”ni o‘tkazish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Xullas, navbatdagi sayohatim Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumani, Alimkent shaharchasida joylashgan 7-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchilari bilan birgalikda o‘tdi.

– Temuriylar muzeyiga birinchi bor kelishim. Darsliklarda ajdodlarimiz tuzgan davlat, ular yashagan davr haqida o‘qiganman-u, biroq ana shu davr hayotini his etish yanada zavqli ekan. Muzeyda meni hayratga solgan narsa shu bo‘ldiki, Turkmaniston, Qozog‘izton, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va yana ko‘plab mamlakatlarning prezidentlari, maxsus delegatlari bu yerga tashrif buyurib, yurtimiz, ajdodlarimiz haqida iliq xotiralarini yozib qoldirishgan. Aytgancha, mening ismim Temur va men bu nom bilan, Vatanim bilan faxrlanaman! – deydi jilmayib suhbatdoshimiz.

Ha, poydevori mustahkam yurtning kelajagi istiqbolli bo‘ladi. Bolalarning qalbi Vatanga mehr, ajdodlariga hurmat tuyg‘usi bilan limmo-lim. Ularning ezgu orzular ila ulg‘ayayotgani quvonarli hol.

Muzeyni tomosha qilar ekanmiz, hayratga sazovor mo‘jizalar talaygina ekanligiga amin bo‘ldik. Oq ustunlar ko‘tarib turgan inshootning balandligi 31 metr, diametri 70 metr. Gumbazga ilingan 500 ta yoritgichdan iborat “zumrad” qandilning og‘irligi 2 tonnadan oshadi.

Muzey 3 qavatdan iborat bo‘lib, birinchi qavatida anjumanlar zali, ma’muriyat joylashgan. Ikkinchi va uchunchi qavatlarda esa temuriylar davridan hikoya qiluvchi osori atiqalar o‘rin olgan.

Tarixdan ma’lumki, temuriylar davrida barcha sohalar jadal suratlarda rivojlangan. O‘lkamizda ko‘plab bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. Ta’lim, san’at, madaniyat, hunarmandchilik yuqori cho‘qqiga ko‘tarilgan. Muzeyda temuriylar davri sivilizatsiyasidan xabar beruvchi qo‘lyozmalar, kumush va mis tangalar, sopol idishlar, kitoblar, hattotlik san’atidan nusxalar, Amir Temurning Fransiya qiroli Karl VI ga yo‘llagan maktubi, XIV-XV asrga oid bronza va shisha idishlar, me’moriy bezak namunalari, harbiy kiyim, askarlarning qurol-yaroq anjomlari, 1941-yil Samarqanddan topilgan Amir Temurning qoshi, Bibixonim munchog‘i kabi uch yarim mingdan ziyod noyob yodgorliklar saqlanadi.

Яна ўқинг:  Mahorat maktabi saboqlari

– O‘quvchilarni deyarli har oy turli muzeylarga olib boramiz, – deydi 7-umumta’lim maktab o‘qituvchisi Shahlo Ravshanova. – Ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, qolaversa, yosh avlodni vatanparvarlik, xalqiga sadoqat ruhida tarbiyalash, ajdodlarining buyuk ishlaridan o‘rnak olishi, qadriyatlarni e’zozlab ulg‘ayishi maqsadida ma’naviyat kunlarini tez-tez tashkil etyapmiz.

“Tarix – jonli ko‘zgu, – deydi dono xalqimiz. Bu hikmatning ayni haqiqat ekanini muzeyga sayohat jarayonida yana bir bor anglab yetasiz. Ming bora eshitgandan bir bora ko‘rgan yaxshi. Oila a’zolaringiz bilan sayohatga kelsangiz yuqorida hikoya qilgan eksponatlar-u, turfa xil ajoyibotlarga guvoh bo‘lasiz.

Dildora QARShIBOYeVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: