Muzey va ta’lim hamkorligi

Yurtimizdagi madaniy-ma’rifiy muassasalar ichida muzeylar alohida ahamiyatga ega. Muzeylar o‘z faoliyatida xalqimizning tarixi, madaniy hayoti, tabiatiga oid eksponatlarni saqlash va ularni namoyish etish barobarida, aholini, xususan, yosh avlodni milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda, respublikamizda faoliyat yuritayotgan muzeylar va ta’lim muassasalari hamkorligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Har tomonlama yetuk, barkamol avlodni tarbiyalash, ularning ma’naviy-ma’rifiy, madaniy dunyoqarashini boyitishda o‘quvchi-yoshlar bilan muzeylarga ekskursiyalar uyushtirish yaxshi samara beradi.

Shularni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat muzeylarining bolalar va ularning ota-onalariga ochiqligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan barcha davlat muzeylari haftaning har seshanba va juma kunlari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va ularga hamrohlik qiluvchi ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ga respublika davlat muzeylariga bepul kirish kunlari etib belgilandi. Bu esa muzeylar faoliyatini jamoatchilik orasida keng targ‘ib qilish uchun xizmat qilmoqda.

O‘z faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha respublikamizda yagona hisoblangan O‘zbekiston Davlat tabiat muzeyi boy kolleksiyasi va qiziqarli ekspozitsiyalari bilan ajralib turadi. Ushbu maskan ekspozitsiyalarida umumta’lim maktablarida o‘tiladigan tabiiy fanlar, jumladan, biologiya, geografiya, fizika va boshqa shu kabi fanlarga oid eksponatlar, qiziqarli ma’lumotlar o‘rin olgan. Bu yerda ekskursiya darslarini tashkil qilib, unda o‘quvchilar bilan fanlarga oid o‘tilgan mavzularni mustahkamlash, bilimlarini boyitib, yanada ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin.

Muzey ilmiy xodimlari tomonidan olib boriladigan ekskursiyalarda mavjud eksponatlarga oid ilmiy asoslangan ma’lumotlar yetkaziladi. Shuningdek, ma’lumot va tushunchalar o‘quvchilarning yosh toifasiga mos tarzda beriladi.

Muzeyda botanika faniga oid madaniy ekinlar haqida ma’lumotlar, dioramalar, zoologiya fani uchun 350 mingdan ortiq namunadan iborat noyob hasharotlar kolleksiyasi, umurtqali hayvonlarning 4 mingdan ortiq tulumlari, turli hayvonlarning ichki tuzilishi va rivojlanishi aks etgan ho‘l preparatlar, umumiy biologiya faniga oid eksponat va dioramalar, shuningdek, geografiya fanidan foydali qazilmalar, konlar tasvirlangan dioramalar va shu kabi boshqa ko‘plab eksponatlar mavjud. Bundan tashqari, bu yerga tashrif buyuruvchilar ekskursiya davomida O‘zbekistonda mustaqillik yillarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, tabiatni asrash va muhofaza qilish masalalariga oid qonunlar va qonunosti xujjatlari, yurtimizdagi muhofaza ostiga olingan hududlar va qo‘riqxonalar haqida ham zarur bilimlarga ega bo‘ladilar.

Yana o‘qing:  Bola tarbiyasini kimga ishonmoq kerak?

Ekskursiya darslari o‘quvchilarga nafaqat fanga oid bilimlarini mustahkamlashda yordam beradi, balki tarbiyaviy jihatdan ham o‘z o‘rniga ega.

Xulosa qilib aytganda muzey va ta’lim hamkorligidagi amalga oshiriladigan shu kabi ishlar o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarini barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishida muhim ahamiyatga ega.

Shahzoda JALILOVA,

O‘zbekiston Davlat tabiat muzeyi ilmiy xodimi,

Nigora JO‘RAYEVA,

jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: