MTMlar bola ta’lim-tarbiyasida muhim poydevor

Har gal tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imdagi bolaligimning unutilmas damlari kechgan qadrdon bog‘cham yonidan o‘tganimda beg‘ubor xotiralar ko‘z oldimda gavdalanadi.

U vaqtlarda qishloqda pastqam, loysuvoqli uylar ko‘p bo‘lib, sevimli bog‘chamizning keng hovlisi, dov-daraxt va gulzorning go‘zal manzarasi kishini o‘ziga maftun etardi. Hovlidagi maydonchada esa bolalar miriqib o‘yin o‘ynar edi.

Yaqinda yana qishloqqa bordim. Afsuski, xotiramda muhrlangan go‘zal va sevimli maskanimni ko‘rib, dilim xufton bo‘ldi. Bino ancha eski holatga kelgan, tashqi devorlari yog‘ingarchilik sabab, biroz cho‘kkan, biz o‘ynab-yayragan bolalar maydonchasi esa achinarli holatda edi. Shunday bo‘lsada, MTM hamon faoliyatini davom ettiryapti.

Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, bu borada qabul qilingan farmon va qarorlar, shuningdek, Maktabgacha ta’lim vazirligining tashkil etilishi yosh avlod tarbiyasi yo‘lida olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham joylarda maktabgacha ta’lim muassasalarining ahvoli, sohadagi muammolar tanqidiy ko‘rib chiqilib, chuqur muhokama qilindi.

Ushbu videoselektor yig‘ilishida ayrim chekka hududlarda bolalar bog‘chalarining yo‘qligi, borlari ham yetarli sharoitlarga ega emasligi hamda unda ta’lim-tarbiyaning ko‘ngildagidek olib borilmayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, yaqinda Prezidentimiz Buxoro viloyatiga qilgan tashrifida ham ushbu masalaga yana bir bor e’tibor qaratdi. Davlatimiz rahbari mustaqilligimizning ilk yillarida mamlakatimiz aholisi 22 million bo‘lib, o‘sha paytda maktabgacha ta’lim muassasalariga 1,5 million bola borgani, hozir esa yurtimiz aholisi soni 32 milliondan ortganiga qaramay, atiga 500 ming bola bog‘chalarga qamrab olinganini afsus bilan aytib o‘tdi. Bu ma’lumotlarning o‘ziyoq, ko‘p bolalarning ma’nan va jismonan rivojlanish davri foydali mashg‘ulotlar bilan emas, aksincha uy sharoitida o‘tishini ko‘rsatmoqda. Shu sabab ham Prezidentimiz bu borada jonkuyarlik bilan ko‘plab ishlarni amalga oshirish lozimligini ta’kidladi.

 

Chindan ham bugun aholi sonidan kelib chiqib aytsak, respublikamizda MTMlar soni juda kam, – deydi Maktabgacha ta’lim vazirligi mutaxassisi Gulbahor Parpiyeva. – Buning sabablariga kelsak, aksariyat chekka hududlarda yoki qishloq joylarda ko‘pgina MTMlar faoliyati yillar o‘tib, ota-onalarning o‘z farzandlarini ushbu muassasalarga bermay qo‘yishi oqibatida tugatilgan. Endilikda barcha hududlarda uchraydigan bu kabi kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini yaxshilash maqsadida davlatimiz tomonidan katta mablag‘ va resurslar sohaga yo‘naltirilmoqda.

  2018 yil uchun tasdiqlangan Investitsiya loyihalari ro‘yxatiga muvofiq, 771 milliard so‘m byudjet mablag‘lari hisobidan 60 ta bog‘cha yangidan quriladi, 295 tasi rekonstruksiya qilinadi va 176 tasi mukammal ta’mirlanadi.

Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev alohida e’tibor qaratgan masala – xususiy bog‘chalar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalar tarmog‘ini kengaytirishdir. Joriy yilda jami 222 ming nafar bolaga mo‘ljallangan 3 mingdan ziyod nodavlat bolalar bog‘chasini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 1 ming 200 tasi yangi quriladigan binoda, 1 ming 360 tasi esa mavjud binolarda hamda 470 tasi uy bog‘chasi sifatida tashkil etiladi.

 

Yana o‘qing:  O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lish taraddudida

Darhaqiqat, farzandlarimiz boshlang‘ich ta’lim-tarbiyani ota-ona ko‘magida maktabgacha ta’lim muassasalarida oladi va mustahkamlaydi. Shunday ekan, nega unda ota-onalar o‘z farzandlarini MTMlarga jalb qilmayapti? Bunga sabab nima?

 

Qishlog‘imizda ikkita bog‘cha bor, – deydi Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Ko‘kdala qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Nozigul Muqimova. – Bitta bog‘cha ko‘pincha mavsumga qarab ishlaydi. Ya’ni, ekin-tekin oylari va paxta yig‘im-terimi paytida. Ikkinchi bog‘chada barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, hozirda davlat idoralarida ishlaydigan fuqarolarning farzandlari bu yerda tarbiyalanadi. Biroq, men kabi ko‘plab qishloq ayollari uy yumushlari bilan band bo‘lib, ishlamaganligimiz sababli MTMga ehtiyoj sezmaymiz. Qolaversa, ushbu bog‘chaning to‘lovini to‘lash bizga biroz og‘irlik qiladi.

 

Bundan ko‘rinib turibdiki, yosh avlod tarbiyasi yo‘lida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samara berishi uchun ota-onalar va mutasaddi tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, yurtdoshlarimiz o‘z farzandlari tarbiyasiga befarq qarab turmasdan bu jarayonda faol ishtirok etishlari zarur.

 

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: