Mashaqqatli yo‘lning zahmati erishilgan natijalarda unutiladi

Xalqimizda “birovning bolasi tez ulg‘ayadi”, degan gap bor. Shunga monand “Falonchi yaqinda kursant edi, kapitan bo‘libdi”, “Pismadonchi kechagina katta leytenant edi, bugun podpolkovnik” kabi so‘zlar quloqqa chalinadi. Biroq, bu oraliqdagi mashaqqatli yo‘lning zahmati faqat yurgangagina ma’lum.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug hududida joylashgan mayor Aziz Hasanov xizmat qilayotgan harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan o‘tkazilgan ko‘rgazmali batalon taktik o‘quv mashg‘ulotida kursantlar bilan birgalikda ishtirok etar ekanmiz, sharafli yo‘lning past-balandini his qilgandek bo‘ldik.

Ishtirokchilar ko‘rgazmali taktik mashg‘ulot avvalida nazariy bilimlarini yana bir bor mustahkamlab, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Kursantlar harbiy fanning ilg‘or tajribalarini amaliyotga tatbiq etib, tahlillarni muqoyasa qildilar. Amaliy mashg‘ulotlar olingan nazariy bilimlarni bir umrga muhrlashini, harbiy xizmatchining tajribasi ortishiga zamin yaratishini yaxshi anglagan yurt himoyachilari ko‘rgazmali taktik mashg‘ulotga katta e’tibor qaratib, sohalari bo‘yicha malakalarini oshirib, jangovar tayyorgarlikdan ko‘proq ma’lumotlar olishga, yuksak natijalarni qo‘lga kiritishga intildilar.

 

– O‘tkazilayotgan batalon ko‘rgazmali taktik o‘quv mashg‘ulotining ustuvor maqsadlaridan biri harbiy xizmatchilarning o‘quv yili davomida olgan nazariy bilimlarini amalda qo‘llash va ko‘nikmalarini yanada oshirishdan iborat. Qolaversa, mashg‘ulotda qatnashayotgan kursantlarga bo‘linmalarni jangovar harakatlar davomida boshqarish mahoratini namuna tariqasida ko‘rsatib berishdir, – deydi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Muxtor Yusupov. – Malakali ofitserlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilib, ularga yuqori talablar qo‘yilayotgan bir paytda mardlar kasbini tanlagan yoshlar ham o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonchni his etgan holda kasb sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirishga harakat qilayotgani quvonarli, albatta.

 

Mashg‘ulotlar mobaynida bo‘lg‘usi ofitserlar batalonning texnik ta’minoti, qurol-aslaha va harbiy texnikalarni jangovar shay holatga keltirish, mashq vaqtida nosozlik kelib chiqqan texnikalarni ta’mirlab, bo‘linmalarga qaytarish bo‘yicha ham amaliy tajriba va ko‘nikmalarini oshirdilar.

Ha, dunyo – raqobat maydoni. Bir gap bo‘lar, deya hafsalasizlik qilgan borki, hamisha yutqazib kelgan. Yurtimizda yoshlar tarbiyasiga, yetuk mutaxassislar tayyorlashga e’tibor kuchaygandan-kuchayib borayotganining, quruq hisobotlar emas aniq natijalar talab qilinayotganining boisi ham shunda. Bugungi kursant ham auditoriyalarda ko‘rgazmali qurollar, slaydlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnikalari bilangina kifoyalanmaydi.

G‘uzor tumanidagi dala-o‘quv maydoniga kirib kelgan kursantlar bilan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Rustam Xalilov, Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev suhbatlashib, shiddatli zamonda ko‘proq intilib, izlanib, mutolaa qilib, til o‘rganib, sport bilan muntazam shug‘ullanib harakatda bo‘lish lozimligini ta’kidladilar.

Yana o‘qing:  Turfa xil taomnoma “siri”

Ishtirokchilar dala sharoitida frontorti ta’minoti, muhandislik tayyorgarligi, qo‘riqlash va himoyalash tartibi, boshqaruv va kuzatuv punktlarini hamda artilleriya yo‘naltirishlarini boshqarish joylarini tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamladilar. Shaxsiy tarkibni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash yoki iflos suvni tozalash bo‘yicha harbiy xizmatchilar tomonidan yaratilgan “qo‘lbola” vositalar dala sharoitida o‘ta qulay va ishonchli ekaniga guvoh bo‘ldilar.

 

– Oliy harbiy ta’lim muassasasida olgan nazariy bilimlarimizni boyitish, amaliyotda qo‘llash, zarur ko‘nikmalar hosil qilish borasida ushbu mashg‘ulotlar besamar ketmaydi, olingan saboqlar kelgusi faoliyatimizda, albatta, asqatishi aniq. Ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassislar rahbarligidagi mashg‘ulotlar qiziqarli va eng muhimi, foydali ma’lumotlarga boy bo‘ldi, – deydi Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursanti Sherzod Ibrohimov.

 

Yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlash zahmatini 1-2 nafar bo‘lsa ham shogird tayyorlaganlar yaxshi tushunadi. O‘quvchini muntazam ishlashga ko‘niktirishdan tortib, nazariya bilan amaliyotni uyg‘unlashtirishgacha mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tish lozim. 4-5 yil davomida mutaxassisni nazariy tomondan pishiq-puxta qurollantirsangu amaliyotga kelganda hech vaqoni uddalay olmasa, bundan yomoni yo‘q.

Mashg‘ulotda, kursantlar nafaqat kuzatuvchi bo‘ldilar, balki barcha vazifalarni namunali bajarib, mahorat va tajribalarini amalda namoyish qildilar.

 

Qo‘lga kiritilayotgan barcha yutuqlar zamirida esa Vatanga munosib himoyachi bo‘lish, uni asrab-avaylashga hamisha shay turishdek olijanob maqsadlar mujassam.

 

Zero, bugungi kun harbiy xizmatchisi har tomonlama keng bilim va yuksak professional mahoratga ega bo‘lishi, favqulodda va keskin sharoitlarda o‘zi mustaqil ravishda nostandart qarorlar qabul qila olishi, o‘ziga bo‘ysunadigan bo‘linmalarni jangda ham, kundalik faoliyatda ham mohirlik bilan boshqara olishi darkor. Ushbu ko‘rgazmali batalon taktik o‘quv mashg‘uloti ham kursantlarni tashabbuskorlikka chorlashi, vatanparvarlik hissi, daxldorlik tuyg‘usini oshirishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

 

Aziz NORQULOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: