Maqom ohanglari ruhi va falsafasi qalblardan joy oldi

Qariyb bir hafta davomida Shahrisabz jahonning turli davlatlaridan kelgan eng sara maqom ijrochilari bahsiga mezbonlik qildi. Bir hafta davomida moviy gumbazlar ostida orombaxsh navolar yangradi. Ulardagi joziba, ohang, ilohiy kuch-qudrat musiqaga oshufta qalblarni zabt etdi. Dunyoning mashhur xonanda va sozandalari, madaniyat va san’at arboblari, musiqashunos olimlar nigohi Shahrisabzda bo‘ldi.

Mazkur xalqaro san’at bayramining asosiy g‘oyasi insoniyat madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan maqom san’atini rivojlantirish, uning qadimiy tarixi, teran falsafasi, betakror ijro uslubi va boy ijodiy an’analarini kelajak avlodga yetkazish va davomiyligini ta’minlashdan iboratdir.

Anjumanga tayyorgarlik doirasida muazzam Oqsaroy atrofidagi maydonda ulkan amfiteatr barpo etildi. Uning atrofida yurtimiz viloyatlarining o‘ziga xos urf-odat va an’analari, turmush tarzini aks ettiruvchi etnografik shaharchalarda ishtirokchilar va sayyohlar uchun dasturlar havola etildi. Maqom san’atiga oid turli ko‘rgazmalar, milliy sozlar va liboslar, hunarmandlik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar namoyishi va sotuvi yo‘lga qo‘yildi.

Xalqaro maqom san’ati anjumani doirasida 7 sentyabrdan boshlab Toshkent-Shahrisabz-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha “Afrosiyob” zamonaviy elektropoyezdining muntazam qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Nufuzli anjumanda jami 73 davlatdan 300 ga yaqin yakkaxon ijrochi va musiqiy jamoalar, uning doirasida o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada 19 davlatdan 30 nafar musiqashunos olim ishtirok etdi.

 

Ushbu festivalning har bir kuni qiziqarli va o‘ziga xos bo‘ldi. Meni o‘zbek xalqining boy madaniyati, an’ana va urf-odatlarini yuksak qadrlashi, asrab-avaylashi, ayniqsa, hayratlantirdi, – deydi tunislik musiqashunos olim, Tunis oliy musiqa instituti asoschisi Mahmud Guyettat. – Shunday buyuk va betakror madaniyat o‘zbek xalqining qoniga singib ketgani maqom san’ati anjumanida yurtingizning barcha hududlari an’analari namoyishida yanada yorqin aks etdi. Bir xalq, bir madaniyat bo‘lishiga qaramasdan, bu yerdagi rang-baranglik aqlni shoshiradi. Prezident Shavkat Mirziyoev san’at anjumani ochilishidagi nutqida qayd etganidek, ushbu anjumanning maqsadi bu noyob boylikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, undan dunyo ahlini bahramand qilish, kelgusi nasllarga bezavol yetkazish, turli qit’a va mamlakatlar vakillarini bu go‘zal maskanda mujassam etishdan iborat ekani meni g‘oyat xursand qildi.

 

San’at bayramining ochilishida YUNYeSKO, Osiyo xalqaro folklor ijodiyoti tashkiloti, Rossiya, Qirg‘iziston Prezidentlarining maslahatchilari, Tojikiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya madaniyat vazirlari kabi martabali mehmonlar hamda mamlakatimizdagi xorijiy diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Yana o‘qing:  Dunyoda muvaffaqiyat qozongan yangilik endi O‘zbekistonda

 

– Jahon xalqlarining tarixiy, moddiy-madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib etishda bunday anjumanlarning o‘rni beqiyos, – deydi YUNYeSKO departamenti boshlig‘i Joti Xosagraxar Visvervaraya. – Bizning tashkilotimiz festivallar timsolida eng sara madaniyat namunalarini hisobga olib boradi. “Shashmaqom” ana shunday eng qadimiy va mo‘tabar san’at durdonalaridandir. Ikki ming yillik tarixga ega “Shashmaqom” nafaqat O‘zbekistonda, balki ko‘plab mamlakatlarda keng tarqalgan. Shuning uchun ushbu Xalqaro maqom festivali uning tarixiy madaniyatni tiklashdagi ahamiyatini yanada yuksaltirdi.

 

10 sentyabr kuni dunyo san’at ahlining bosh sahnasiga aylangan Oqsaroy maydonidagi amfiteatrda Xalqaro maqom san’ati anjumani g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, faol ijrochilar qator nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. Xalqaro hakamlar hay’ati ishtirokchilarning chiqishlarini uchta – “Eng yaxshi maqom ansambli”, “Eng yaxshi yakkaxon cholg‘u ijrochisi” va “Eng yaxshi yakkaxon xonanda” nominatsiyasi bo‘yicha baholadi.

Tunisning “Al Gharbi Twins”, Yaponiyaning “SPCP Japan” jamoalari va Turkmaniston vakili Suxonberdi Orazberdiyev uchinchi o‘ringa loyiq, deb topildi. Eronning “Nastar” ansambli va hindistonlik Ustad Iqbol Ahmat Xon ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Ozarbayjonning “Hayrati” jamoasi solisti Nigor Shabanova va O‘zbekistonning “Saqil” ansambli birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Nihoyat, hayajonli lahzalar. Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, Xalqaro maqom san’ati anjumanining bosh sovrini – Gran-pri Tojikiston maqom akademiyasiga berilgani e’lon qilindi.

G‘olib va sovrindorlarga pul mukofotlari, shuningdek, anjumanning maxsus diplomi va esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Bundan tashqari, anjumanda ishtirok etgan barcha xorijiy mehmonlarga suvenir va maxsus sertifikatlar topshirildi.

Marosimda yurtimiz san’at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi hamda 3D proyeksiya-musiqali yoritish tomoshasi namoyish etildi.

 

O‘lmas BAROTOV,

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: