Mamlakatimiz taraqqiyoti innovatsion g‘oyalar, fan va texnologiyalarga bog‘liq

“2018 yil mamlakatimiz taraqqiyotida hal qiluvchi yil bo‘ladi”, deya ta’kidladi Yurtboshimiz. Darhaqiqat, joriy yilda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarning salmog‘i sezilarli darajada ortishi kutilmoqda. Bunda esa fan va texnologiyalarning taraqqiyoti muhim ahamiyatga ega. Xo‘sh, ushbu sohada qanday ishlar boshlab yuborildi? Ularning ko‘lami va mamlakatimiz ravnaqiga qo‘shadigan hissasi qanday bo‘ladi? Shu kabi savollar atrofida fikr yuritish uchun Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktori o‘rinbosari Olim To‘ychiyevni suhbatga tortdik.

 

– Prezidentimiz tavsiyasi bilan mamlakatimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutadigan Fan va texnologiyalar agentligiga bosh direktor o‘rinbosari etib tayinlanganingiz nafaqat sizga, balki barcha yurtimiz yoshlariga ulkan ishonchning namunasidir. Ayni o‘sha lavozimga tayinlanayotgan vaqtda jonajon O‘zbekistonimizning farzandi sifatida ko‘nglingizdan nimalar kechdi?

 

– Bilasizmi, chet mamlakatlarda ko‘p bo‘lganman. Biror davlatda yurtimizdagidek yoshlarga e’tibor qaratilmaydi. Bir insonning mansab pog‘onalarida ko‘tarilib borishi qiyin jarayon. Xorijda aksari lavozimda o‘tirgan yoshlar meros huquqi asosidagina xususiy korporatsiyalarni boshqarishadi. Bizda esa umuman boshqacha. Iqtidorli yoshlar hukumatimizning, Prezidentimizning doimiy e’tiborida. O‘tgan yili 30 iyun kuni bo‘lgan “Kamolot” qurultoyida Yurtboshimiz otalarcha mehr ko‘rsatib, biz yoshlarga qator imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Bundan unumli foydalanish esa bizning vazifamiz, ona Vatan, muqaddas xalqimiz oldidagi yuksak burchimizga aylanishi zarur. O‘sha qurultoyda Prezidentimiz menga, men orqali butun O‘zbekiston yoshlariga yuksak ishonch bildirdi. Fan va texnologiyalar agentligiga bosh direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlandim.

Bilasizmi, o‘sha lahzalarda faqat va faqat mas’uliyatni his etdim. Bu yuksak vazifani ko‘ngildagidek ado qilish haqida o‘yladim. Shuningdek, quvondim ham. Boisi, fan va texnologiyalar, ixtirolar mening hayotim. Men ixtirolarsiz hayotimni tasavvur qilolmayman. Olimlar, ixtirochilar ichida bo‘lish esa menga hamisha zavq bag‘ishlagan.

 

Aytingchi, Fan va texnologiyalar agentligining asosiy maqsad va vazifalari nimalardan iborat? Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan va amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar mamlakatimiz ravnaqi uchun qanchalik muhim?

 

Hech bir ixtiro ustida shunchaki ishlanmaydi. U ham ilhom manbai. Tasodifiy kuzatishlar orqali olamshumul texnikalar yaratilgani bugun hech kimga sir emas.

Xo‘sh, bugun qanday ixtirolarga ehtiyoj katta? Mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan, kelajakda ma’lum yo‘nalishda liderlikni ta’minlovchi yo‘nalishlar qaysi? Xorijiy davlatlarni kuzatarkanmiz, ular o‘zining strategik maqsadlaridan kelib chiqqani ma’lum bo‘ladi. Xususan, Yevropa mamlakatlarida biotexnologiyalar, nanotexnologiyalar, AKT, Janubiy Koreyada – mikroelektronika, Yaponiyada – mikroelektronika va robototexnika aynan fan va texnologiyalar taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari asosida qo‘llab-quvvatlanadi va alohida moliyalashtiriladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekistonda fan va texnologiyalar taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda yangi yondashuv taklif etildi.

Bunga ko‘ra “Demokratik davlatni va huquqiy jamiyatni ma’naviy-axloqiy va madaniy rivojlantirish, innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish” birinchi yo‘nalish, amaldagi “Energetika, energiya va resurstejamkorlik” hamda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish” yo‘nalishlari birlashtirilib, Davlat ilmiy-texnika dasturlarining ikkinchi “Energetika” yo‘nalishi tashkil etildi.

Davlat ilmiy-texnika dasturlarining uchinchi yo‘nalishi – “Axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish”dir. “Qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi” deb nomlangan ustuvor yo‘nalish negizida Davlat ilmiy-texnika dasturlarining to‘rtinchi “Qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish” yo‘nalishi tashkil etildi.

Prezidentimiz aholi salomatligini saqlash, kasalliklarni aniqlash, oldini olish va davolashning yangi, zamonaviy usullarini tatbiq etish lozimligi to‘g‘risida qayta-qayta, jon kuydirib ta’kidlab kelmoqda. Davlat ilmiy-texnika dasturlarining qo‘shimcha “Tibbiyot va farmakologiya” yo‘nalishining asosiy vazifalari etib onalik va bolalikni muhofaza qilish, davolash va tashxislarning yangi usul va texnologiyalarini ishlab chiqish, yuqumli va parazitar kasalliklarning oldini olish va davolashning yangi usullarini, diagnostika texnikasining yangi turlarini yaratish, mahalliy tabiiy xomashyo asosida yangi dori-darmonlar ishlab chiqarishning samarador texnologiyalarini ishlab chiqish belgilandi.

Yana bir amaldagi ustuvorlik “Kimyo texnologiyalari va nanotexnologiyalar” bo‘lib, ulardan biri “Kimyo texnologiyalari”ni Davlat ilmiy-texnika dasturlarining yo‘nalishlarida qoldirildi.

So‘nggi yo‘nalish – “Yer to‘g‘risidagi fanlar” doirasida mineral xom ashyo resurslarini izlash, qidirish, qazib olish, baholash va kompleks qayta ishlash, seysmologiya, yangi qurilish, kompozitsion va boshqa materiallar yaratish kabi dolzarb yo‘nalishlarda tadqiqotlar tashkil etiladi.

 

Yana o‘qing:  Hujayra himoyachisi

Ma’lumki, Yurtboshimiz tomonidan 2018 yilni Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilindi. Shundan kelib chiqib agentlik tomonidan qanday ilmiy tadqiqotlar olib boriladi? Qanday innovatsiyalar hayotga tatbiq etilishi rejalashtirilgan?

 

Agentlik tomonidan joriy yilda biotexnologiyalar sohasida – xususiyatlari oldindan belgilangan paxta, bug‘doy va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarini yaratish, kimyoviy qo‘shimchalarsiz, mahalliy dorivor o‘simliklar asosida “Yashil farmatsevtika” dasturini ishlab chiqish, xujayra va boshqa texnologiyalar asosida qishloq xo‘jalik ekinlarini ko‘paytirish va samaradorligini oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi. Ayni vaqtda “O‘zbekiston – Xitoy” hamkorlikdagi ilmiy-texnika loyihalari doirasida, dorichilik biotexnologiyalari sohasida 6 ta innovatsion platformani tashkil etish yuzasidan loyihalar bajarilmoqda.

Shuningdek, yangi materiallar yo‘nalishida noan’anaviy energiya manbalarini yaratish, robototexnika va mexatronikani rivojlantirish kabi sohalarda faoliyat olib borilmoqda. Hozirda “O‘zbekiston – AQSH” hamkorlik ilmiy loyihalari doirasida Katta Quyosh sandonida olib borilgan tadqiqotlar natijasida o‘ta o‘tkazuvchan yangi material olingan. Uning sinovlari AQSH va Gruziyada tashkil etilmoqda. Ushbu dastur natijasida Olmaliq TMK chiqindilari tarkibida mavjud bo‘lgan kadmiy telluridi asosida Quyosh energetikasi uchun kremniydan 100 barobar arzon bo‘lgan o‘ta yupqa plyonkalar olingan. 2017 yilda e’lon qilingan “O‘zbekiston – Rossiya” hamkorlik loyihalari tanlovi topshiriqlariga Quyosh lazerini yaratish, yangi energotejamkor materiallar kabi yo‘nalishlar kiritilgan.

Nanotexnologiyalar sohasida Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Yuqori texnologiyalar markazi, Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi “Fan va taraqqiyot” ilmiy-texnologik kompleksi olimlari ish olib bormoqdalar. Olimlarimiz suvni o‘ta nozik tozalash uchun nanofiltrlar, nanokatalizatorlar, matolarga nanozarrachalar biriktirish va kukun metallurgiyasi sohalarida salohiyatga ega.

 

Bugun siz kabi iqtidorli yoshlar nimalar ixtirosi bilan band? Ularning ishlanmalari mamlakatimiz va xalqaro miqyosda qanchalik ahamiyatga ega? Ularni rag‘batlantirish, iste’dodini qo‘llab-quvvatlash ishlari qay darajada?

 

Hozirgi kunda umumiy qiymati 5,6 milliard so‘mga teng bo‘lgan 165 ta yosh olimlarning fundamental va amaliy tadqiqotlari bajarilmoqda. Undan tashqari, respublika hududlarida fanning ma’lum bir sohasida ilmiy tadqiqot ishlari olib borayotgan yosh olimlarga markaziy oliy ta’lim yoki ilmiy muassasalarda samarali ishlab turgan eng zamonaviy asbob-uskunalardan foydalanib, o‘z tadqiqotlarini o‘tkazishga, ilmiy malakalarini oshirishlariga ko‘maklashish maqsadida “Yosh olimlarning akademik harakatchanligi” dasturi shakllantirildi. Hozirda ushbu dastur bo‘yicha umumiy qiymati 268 mln. so‘mga teng bo‘lgan 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Viloyatlarda faoliyat yuritayotgan 17 nafar yosh olim davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga poytaxtdagi zamonaviy laboratoriyalarda ilmiy izlanishlarini davom ettirmoqda.

 

Yana o‘qing:  Turfa xil taomnoma “siri”

Bahodir HALIMOV suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: