Mahorat maktabi saboqlari

Sinf burchagiga osilgan mo''jazgina devoriy gazeta uning ko'zgusi atalishini o'quvchilik paytimizda unchalik anglab yetmas edik. Barchamizni o'z farzandi kabi ardoqlovchi sinf rahbarimizning har bir o'quvchiga bo'lgan e'tiboriniku qo'yavering. Darsdan so'ng biz o'quvchilarni yoniga olib sinf devoriy gazetasini haftalik sonini yasatib osib qo'yishimiz barobarida qalbimizda ijodkorlikka, maqola, she'r va lavhalar tayyorlashga bo'lgan qiziqishimizni ham shakllantirib borganligi talaba bo`lgan kezlarim tushunib yetdim. O'zim tahsil olgan Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida «Jurnalist» gazetasi faoliyat yuritadi.

Gazetaga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi badiiy publitsistika kengashi raisi, O'zMU jurnalistika fakulteti «Matbuot» kafedrasi dotsenti Ahmadjon Meliboyev boshchilik qiladi. Uning sahifalarida ijod namunalari chop etilgan talabalarning xursandchiligi cheksiz edi. Eng muhimi ushbu gazeta bo'lg'usi jurnalistlar kasb mahoratini egallashlarida muhim ahamiyatga ega. Ustozning yoshlar ijodiga bo'lgan e'tibori, talabalarga g'amxo'rligi cheksiz. Birgina bu emas Ahmadjon Meliboyev yetakchiligidagi «Mahorat maktabi» fakultetdagi iste'dodli talabalarni birlashtirdi. Yoshlarni o'z iste'dodini yuksaltirish, kasb borasidagi ko'nikmalarini oshirish, zamon bilan hamnafas yashashga chorlovchi mazkur maktab mashg'ulotlari g'oyatda qiziqarli tarzda o'tkaziladi. Ahmadjon Meliboyevning ko'plab ma'ruzalari aynan talabalarning ma'naviyatini shakllantirish bilan birgalikda ularni ijodga mas'uliyat bilan yondashishiga undaydi. Bir qator asarlar muallifi bo'lgan ustozning «Qirq beshinchi bekat» nomli kitobi endigina ijodga kirib kelayotgan, mahoratli jurnalist bo'laman degan yoshlar uchun muhim qo'llanma vazifasini o'taydi.

Barcha kasblar kabi jurnalistika sohasining ham o'ziga xos qiyinchiliklari bor. Maqola, hikoya yoki lavhaning tili va uslubi xalq tiliga, diliga yaqin bo'lishi lozim. Bo'lg'usi jurnalistlar zamon bilan hamnafas ravishda ildam bo'lishlari shart, deya ta`kidlagan ustozimizdan ko'p narsalarni o'rgandik. Goho qattiqqo'l, kezi kelsa mehribon bo'lgan ustozimiz Ahmadjon aka nafaqat ijod borasida qolaversa jamiyatda ham o'z o'rnimizga ega bo'lishimiz uchun hamisha yo'l-yo'riq ko'rsatadi.

Ha, xayol yana sinf devoriy gazetasi tomon yetaklaydi. Ilk ijod namunam ana shu sinf ko'zgusida aks etgan bo'lsa, keyinchalik universitet gazetasida, endi esa respublika nashrlarida chop etilayapti. Birinchi ustozim sinf rahbarim bo'lsa, keyinchalik biz ijodkor talabalar Ahmadjon Meliboyev kabi qalami o'tkir ustoz jurnalistlardan saboq oldik. Ularning har bir saboqlaridan kasbimiz sir-asrorini qunt bilan o'rganib bordik.

Яна ўқинг:  NEGA QOR YOG‘MAYDI?

Fursatdan foydalanib barcha ustoz jurnalistlarni, kasbdoshlarimizni 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan chin qalbdan qutlayman. Ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tilayman.

Davronbek ORIPOV

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: