Maftunaning oydin orzulari

Gullar bilan bezatilgan maktab sahnasi… Boshlovchi qizning mayin ovozi barchaning diqqatini tortdi… U tanlov shartlarini dona-dona qilib e’lon qilishi barobarida, o‘zaro bellashayotgan jamoa a’zolarining yuragidagi hayajon yuz-u ko‘ziga ko‘chadi… To‘g‘rida, kim ham g‘olib bo‘lishni istamaydi, deysiz?!

Oradan yillar o‘tdi, maktab bilan bog‘liq shirin xotiralar dilga muhrlangan. Maktabni tamomlagan o‘quvchilar endi katta hayot sari qadam qo‘yishmoqda. Har biri o‘z qiziqishlari bo‘yicha turli ta’lim dargohlariga o‘qishga kirishdi.

Qo‘ng‘iroqday ovozi bilan maktabidagi barcha uchun sevimli bo‘lib ulgurgan Maftuna Xolmurodova ham tengdoshlari qatori Termiz davlat universiteti qoshidagi 5-Jarqo‘rg‘on akademik litseyida tahsilni davom ettirishga qaror qildi. Iqtidorli qizning tashkilotchiligi, jamoat ishlaridagi faolligi bu yerda ham davom etdi. Mazkur ta’lim maskanida o‘tkazilgan ko‘plab tadbir va bayram kechalarini tashkillashtirishda faol ishtirok etgan singlimiz she’rlar ham yozadi. Uning Vatanga muhabbat, yoshlik shijoati, do‘stlik, ona mehrini tarannum etuvchi she’rlari o‘quvchi diliga yaqin.

Tinib-tinchimas qiz sport bilan ham muntazam shug‘ullanib kelmoqda. U karatening shotokan turi bilan astoydil shug‘ullanadi. Tinimsiz mashqlar katta yutuqlar sari yetaklaydi. Maftuna sportning mazkur turi bo‘yicha o‘tgan yili yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan respublika musobaqasida II o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, joriy yilda Toshkent shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan ikkinchi jahon kubogida I o‘rinni egallab, musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Sportsevar qiz murabbiylari, do‘stlari va ota-onasining ishonchini oqlash yo‘lida astoydil ter to‘kkani bois, 2013-yilning avgust oyida Yaponiyaning Tokio shahrida dunyoning 41 ta davlatidan kelgan o‘smir qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan XI jahon chempionatida II o‘rinni egalladi.

– Jahon arenalarida O‘zbekiston nomi yangrashi bilan onajonimning nurli chehrasi ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ladi, – deydi Maftuna jilmayib.

Buvijonlarimiz qadimdan, qiz bolaning qo‘lida hunari bo‘lgani yaxshi, kelgusida uning koriga yaraydi, deyishib oilasidagi qizlarning barchasiga o‘z hunarini o‘rgatishga intilishgan. Maftuna ham buvisining yonida zardo‘zlik va kashta tikishning sirlarini o‘rganib kelmoqda.

U “Liboslar dizayneri” yo‘nalishida ham tahsil olib, malakali ustozlaridan bu kasbning sir-asrorini qunt bilan o‘rganishga intildi. Tinib-tinchimas qiz joriy yilda o‘tkazilgan “Kelajak ovozi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida yaratgan liboslari bo‘yicha I o‘rinni egallab tanlovning respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Яна ўқинг:  Аҳди борнинг бахти бор

Muvaffaqiyatlar avvalo o‘qib-izlanish hamda samarali mehnat tufayli qozoniladi. Erishilayotgan yutuqlarda Maftuna o‘qiyotgan bilim maskanidagi malakali ustozlarning ham munosib hissasi bor. Joriy yilning oktabr oyida bo‘lib o‘tgan “Orasta qizlar” ko‘rik-tanlovining respublika festivalida qatnashib, faxrli o‘rinni egallashga muvvaffaq bo‘lgan 5-Jarqo‘rg‘on akademik litseyi qizlari jamoasi safida Maftuna Xolmurodova ham o‘z iqtidorini yana bir bor namoyon etdi.

Ijodkor singlimizning qalamiga mansub “Shukrona” nomli she’rida go‘yo qalbidagi shahd-u shiddatini ifodalovchi shunday satrlar bor:

El-yurtga, ezgulikka

Ko‘proq hissa qo‘shmoq-chun!

Yosh bo‘g‘inman chinorda,

Imkonim bor o‘smoq-chun!

Ana shunday satrlarga dil tug‘yonini muhrlayotgan Maftunaga tongday oydin orzularining ijobatini tiladik.

J. ERDONOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: