“KOROCHYe” haqida batafsil

«Ommaviy madaniyat» bugun o‘zining cho‘qqisiga ko‘tarilayotgan va ko‘pgina xalqlar qadriyatiga salbiy ta’sirini o‘tkazayotgan bir paytda, uni bilib-bilmay rivojlantirib yuborish holatlari ham uchramoqda. Xususan, milliy til me’yorlariga mos kelmay, uning talablarini qo‘pol ravishda buzishi, nutq madaniyatiga yot iboralarning kirib kelishi fikrimizga tasdiq bo‘la oladi.

Ma’lumki, globallashuv jarayonida ommaviy axborot vositalari, xususan, internetning roli nihoyatda oshib boraveradi. Chunki, globallashuv axborot maydonining kengayishi va undan cheksiz foydalanish imkoniyatlarini beradi. Radio, televideniye boshlovchilari, jurnalistlar nutqining o‘zbek adabiy tili me’yorlariga mos bo‘lishi yoshlarning savodxonligi, nutq madaniyatiga ijobiy ta’sir qiladi. Afsuski, radiokanallarda eshittirish olib boruvchilarning nutqida noo‘rin ishlatilayotgan ruscha so‘z va birikmalar, sheva elementlari davlat tilining ijtimoiy nufuzi, mavqeiga ozmi-ko‘pmi salbiy ta’sir etadi. Masalan: «Stop», «molodets», «konechno», «hazillashvoman», «o‘qiydi-de», «o‘qishlar ketvottimi», «radio tinglavopman».

Achinarlisi, bunday holatlarni badiiy filmlarda ham uchratish mumkin. «Bir kelib keting qishlog‘imizga» nomli kinofilmning qishloq hayotiga bog‘liqligi ayon, lekin unda «bratan» so‘zining noo‘rin ishlatilishi, «borlaring, ko‘rvoman, bo‘tta» kabi sheva talaffuzlari yoki qiz bolaning o‘z singillariga «ishlaringni qilsalaring o‘lasanlarmi?», «yo‘qol ko‘zimdan» kabi qo‘pol ohangdagi muomalasi yoshlarning tilga bee’tibor bo‘lib borishi, odob-axloq qoidalarini unutib qo‘yishiga sabab bo‘lishi mumkin. «Yetti haykal, bitta kal» filmida esa qahramon nutqida «yuragim slabiy, tak chto, ladno, xochesh, importniy», «kriminal yo‘q», «slushay, podvodit qilding» kabi tilimiz, millatimiz sha’niga to‘g‘ri kelmaydigan so‘z va iboralarga duch kelamiz.

«Ommaviy madaniyat» ta’siri natijasida ona tiliga munosabat ayrim yoshlarda susayishi, ularda loqaydlik kayfiyati paydo bo‘lishi mumkin. Asosiy e’tibor tildan oqilona, o‘rni bilan foydalanib, ularda yuqori nutq va muomala madaniyatini tarbiyalash lozim.

O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni talablarini to‘la bajarish asosida globallashuv davrida davlat tilining mavqeini yanada ko‘tarish, yoshlarning til va nutq madaniyatini oshirish mumkin. Buning uchun o‘zbek adabiy tili, uning qonun-qoidalarini maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalari, malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimida puxta o‘rganishni tashkil etish zarur. Ta’lim-tarbiya jaryonini savodxonlik, yetuk madaniyat, yozma va og‘zaki nutq mahorati, notiqlikni egallash tizimi doirasida tashkil qilish maqsadga muvofiqdir. «Ona tilim — jonu dilim», «Notiqlik mahorati», «Nutq madaniyatini egallash – davr talabi», «Tilga e’tibor – elga e’tibor» mavzularida suhbat, uchrashuv va seminarlarni doimiy uyushtirish yaxshi natija beradi. O‘qituvchilarning nutq madaniyati va mahoratini tinmay oshirib borishlariga erishish, ularning tildan foydalanishda namuna bo‘ladigan fazilatlarni egallashlarini ta’minlash ham dolzarb vazifalardan sanaladi. Ommaviy axborot vositalari (radio, televideniye, matbuot)da eshittirish, ko‘rsatuvlar va materiallarni o‘zbek adabiy tili me’yorlariga amal qilgan holda, yuqori saviyada tayyorlash, boshlovchilar, jurnalistlarning nutq madaniyatini oshirish bevosita ona tilining rivojlanishiga xizmat qiladi. Bu borada reklamalarning ravon va mazmunli tilda yozilishini ta’minlash, peshlavhalar davlat tili qonuni talablari asosida tayyorlanishiga erishish, oila, mahalla, ko‘cha-ko‘yda yuqori til madaniyati va ma’naviyati, muomala madaniyatini targ‘ib etish, Internet materiallarining yuqori savodxonlik asosida yoritilishini ta’minlash zarurdir. Jamoat joylaridagi lavha va yozuvlarni yoki idora va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini (masalan, «dorixona – dorihona», mehmonxona – «mexmonxona», xalq banki –»halq banki») imlo qoidalariga zid ravishda yozgan yuridik va jismoniy shaxslarni jarimaga tortish; turli xalqaro anjumanlar, suhbatlar, uchrashuvlarni, imkon darajasida, davlat tilida olib borishni yo‘lga qo‘yish o‘z samarasini beradi.

Yana o‘qing:  YeTTI karra g‘olib

Bu borada oila maktab qatori ommaviy axborot vositalarining roli katta. Lekin, afsuski ayrim teleko‘rsatuv va radio eshittirishlarning saviyasi yoshlarning muloqot madaniyatiga teskari ta’sir qilmoqda. Turmush chorrahalarida uchrayotgan ayrim oilaviy mojarolarning turli janjallar, baqir-chaqirlar, haqoratli so‘zlar bilan berilishi yoshlarning nutq madaniyati, muloqot jarayoniga salbiy ta’sir etmasdan qolmaydi.

Keyingi paytlarda bozorlarda, ayrim jamoat joylarida ba’zi kishilarning qo‘pol muomalada bo‘layotganiga guvoh bo‘lamiz. Albatta, tarbiya oiladan boshlanadi, umumta’lim maktabi, o‘rta maxsus ta’lim, oliy ta’lim tizimida ma’naviy tarbiya yuqori bos­qichga ko‘tariladi. Yoshlarni «ommaviy madaniyat» xurujlaridan asrashning ko‘rgazmali va ta’sirchan vositalaridan biri ham ommaviy axborot vositalaridir. Ularda berilayotgan materiallarning saviyasi, mazmuni, yutuq va kamchiliklari tahlili, bu sohada ogohlikka da’vat etish kabi vazifalar yoshlarning ma’naviy tarbiyasida juda muhim sanaladi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, «…yoshlarimizning ma’naviy olamida bo‘shliq vujudga kelmasligi uchun ularning qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini bolalik paytidan boshlab shakllantirishimiz zarur.

… Barchamiz yaxshi bilamizki, qayerdaki beparvolik va loqaydlik hukm sursa, eng dolzarb masalalar o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yilsa, o‘sha yerda ma’naviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanadi. Va aksincha — qayerda hushyorlik va jonkuyarlik, yuksak aql-idrok va tafakkur hukmron bo‘lsa, o‘sha yerda ma’naviyat qudratli kuchga aylanadi».

Demak, globallashuv jarayonida «ommaviy madaniyat»ga qarshi kurashda til ma’naviyati va nutq madaniyatiga munosabat ham «hushyorlik va jonkuyarlik, yuksak aql-idrok va tafakkur»ga asoslanishi, o‘zbek tilining yurtimizda va jahon miqyosida obro‘-e’tibor qozonishiga qaratilishi lozim. Shu jihatdan so‘z va matbuot erkinligini qog‘ozda emas, balki amalda ta’minlash hozirgi taraqqiyotimizning eng muhim ustivor yo‘nalishlaridan biri sifatida g‘oyat katta ijtimoiy-siyosiy ma’noga ega. Zero, axborot sohasini jadal rivojlantirish, ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirish — hozirgi zamon talabi, fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etishning muhim shartidir.

Humoyun AZIMOV,

O‘zMTDP Toshkent viloyati Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: