Kitob o‘qiganlar “Spark” minayapti, “Spark” minayotganlar ham kitob o‘qiyaptimikin?

O‘rni topib aytilgan ushbu qiyoslamani bir cuhbatda iqtidorli jurnalist inim Nuriddin Egamov ishlatgan edi. Sir emas, yaqin o‘tmishda turmush-tarzimizni yaxshilash uchun bilim emas, “yo‘li”ni topish taqozo etilgani, kitob, kitobxonlik nufuzi ancha tushishiga turtki bergandi.

Aksarimiz ko‘chada qo‘y yoki echki yetaklab borayotgan, zil-zambil bozor to‘rvasini arang ko‘tarib ketayotgan kishiga ko‘zimiz tushsa, oddiy voqelik sifatida e’tibor qaratmay, bir dasta kitobni qo‘ltiqlab olgan kimsaga antiqa tomoshaga duch kelgandek g‘alati nazar tashlab, “tavba, shu zamonda ham kitob o‘qiydigan kishi bor ekan-da” qabilidagi xayollarga borardik. Aslida esa xalqimiz savodxon kishiga davralarning to‘ridan joy berganligi, qadrini baland tutganligi keksalarning gurungidan bizga yaxshi tanish.

Qishlog‘imizda Rajab cho‘pon, Olti shoir degan kishilar yashardi (oxiratlari obod bo‘lsin). Ular umrini suruv izidan yurib, yaylovda o‘tkazishgan bo‘lsa-da, Maxtumquli, Mashrab, Yassaviy devonlaridan yod olgan g‘azallari xirgoyisiga tunning sarhadlari torlik qilardi. Tag‘in har bir g‘azalning har bir misrasini bekamu ko‘st izohlab berishlarini ko‘rib, tan olishdan boshqa chora topolmasdi, kishi.

Uzoqqa bormaylik, yaqin-yaqinlargacha ham umrlarining eng sara davri saboqxonalar o‘rniga, paxta dalasida o‘tgan talabalar ko‘kka o‘rlagan gulxan yorug‘ida tunning sochi oqarguncha bahri-bayt (bayt-barak ham deyishadi) o‘ynab, she’r o‘qishgani ertak emas, aynan haqiqat. Bahorgi, yozgi ta’til kunlari uch-to‘rt shaxsiy sigirlarini yaylovga o‘rlatgan bolalarning qo‘ynida kitob bo‘lardi. O‘tloqqa yonboshlab qilingan mutolaadan so‘ng uch-to‘rt tengqur o‘zi o‘qigan kitobi-yu, sevimli qahramonlari haqida munozaraga kirishardi.

Ho‘sh, bugunchi? Bugun axborot oqimi shu darajada kengaydiki, endi odamlarni kitobga, kitobxonlikka qaytarish uchun ancha ter to‘kishimizga, kerak bo‘lsa, ularni yaxshigina rag‘batlantirishga to‘g‘ri kelayapti.

Shu yilning fevral oyi oxiri, martning boshida qariyb o‘n kun katta-yu kichikning e’tibori “Yoshlar” telekanalida jamlandi. Yo‘q, odatga aylangan sevgi sahnalariga, ur-yiqitlarga boy navbatdagi chet el serialini tomosha qilish uchun emas, davlatimiz rahbarining 2017 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovining navbatdagi kuniga bag‘ishlangan hisobotdan bahramand bo‘lish uchun. Qiziqish shu darajada kuchli bo‘ldiki, qaysi davraga bormang, gurung shu mavzu atrofida aylandi. Ayniqsa, musobaqaning mutlaq g‘olibiga Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasi berilishi katta munozaralarga, tanlovning qizg‘in tus olishiga sabab bo‘ldi:

Yana o‘qing:  “Boshqaruv kadrlari tayyorlashning butunlay yangi tizimi yaratiladi”

– Qarang-a, kitob o‘qiganga mashina sovg‘a qilinar emish.

– Qaysi ishtirokchini eng zukko deb hisoblaysiz?

– Men xorazmlik yigitchaga qoyil qoldim. Ko‘zi ojiz bo‘lsa ham to‘rt muchasi sog‘lar bilan teng bahslashayapti…

Aytish mumkinki, ikki yosh toifasi – 14-19 va 20-30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar o‘rtasidagi tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar orasida mutolaa muhitini yaratish, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, yoshlarning bilim, ma’naviyat va intellektual salohiyatini oshirish, ularni adabiyotning sehrli olamiga yetaklab kirishdan iborat edi. Quvonarlisi, bu ezgu maqsadga to‘la-to‘kis erishildi. Masalan, ikkinchi – “Badiiy kitoblar bilimdoni” shartida ishtirokchilar aktyorlar tomonidan ijro etilgan epizod yoki monolog qaysi asardan olingani, uning mazmun-mohiyati, g‘oya va ahamiyatini izohlab berishgan bo‘lsa, “Men sevgan adib” deb nomlangan yana bir shartda monitorda ko‘rsatilgan 50 ta raqam ortida yashiringan jahon adabiyoti, mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyoti vakillari orasidan o‘zi tanlagan ijodkorning hayoti va ijodi haqida uch daqiqa mobaynida ma’lumotlar keltirishdi. Final bosqichi ishtirokchilari birdan yigirmagacha bo‘lgan raqamlar ortida yashiringan ma’naviy-ma’rifiy, tarixiy sohaga oid kitoblarni tanlab, ular haqida o‘z mulohazalarini o‘rtoqlashishdan boshlangan bo‘lsa, bellashuv “She’riyat” sharti bilan yakun topdi. Biz burro javoblardan naqadar zavq olgan bo‘lsak, ayrim hollarda o‘zbek nasri buyuk namoyondasi Shukur Holmirzayev, XX asr jahon adabiyotining eng yorqin vakillari Frans Kafka, Alber Kamyu, Gabriel Garsia Markes hayoti va ijodi haqidagi savollar javobsiz qolganidan ranjidik. Hatto, bir ishtirokchi Nobel mukofoti sovrindori, amerikalik buyuk yozuvchi Ernest Xemingueyning “Alvido, qurol” romani haqidagi savolga:

– Bizga adibning “Chol va dengiz” qissasi berilgan edi, bu romanni o‘qiganim yo‘q, – degan javobi biroz hafsalamizni pir qildi.

Tag‘in bir ishtirokchining:

– Maxtumquli qayerda yashagan, – degan oddiy savolga.

– Toshkentda bo‘lsa kerak, – degan mujmal javobi ko‘pchilikning zaharxandasiga sabab bo‘lgani ham rost.

Gap u yoki bu ishtirokchi savollarga qay darajada mukammal javob berganida emas. Bu borada ishtirokchilarning yoshligi, ayrimlari adabiyot olamiga endigina tetapoya qilib kira boshlagani, butun mamlakat diqqat markazida turish salobati bosganligini ham inobatga olish kerak. Ba’zan kishi o‘zi bilgan oddiygina savol javobidan ham adashib ketishi mumkin. Muhimi, bugun tanlovda g‘olib bo‘lgan Samarqand viloyati Narpay tumanida yashovchi oddiygina qishloq qizi Mohiniso Shomurodova hamda Qo‘qon davlat pedagogika instituti talabasi Sharofat Ismoilovani deyarli hamma taniydi. Nafaqat taniydi, balki farzandining ularga o‘xshashini astoydil havas qilishadi.

“O‘zbekning orzusi nima?” degan savolga har birimiz sira ikkilanib o‘tirmay:

– Farzandining kamolini ko‘rish, – deb javob qaytarishimiz shubhasiz.

Shu orzu-havas yo‘lida o‘g‘il-qizimizni bir qarich yoshidan oq yuvib, oq taraymiz, ko‘ngli o‘ksimasin, deya istagan narsasini muhayyo qilishga intilamiz, peshona terimizni sarflab topganimizni to‘kib-sochib, ularning tug‘ilgan kunlarini, to‘ylarini dang‘illama qilib o‘tkazamiz. Hali turmush og‘ir yengilini anglab yetmagan chog‘ida oyog‘i tagiga mashina olib berayotganlarning soni nechta. Ammo aksarimiz farzandimizga bir dona kitob sovg‘a qilishga kelganda fe’li torlik qilamiz. Bundan atigi besh-olti yil muqaddam bir toparman-tutarmon tanishimga:

– Aytingchi, Siz biron marotaba farzandingizga kitob sovg‘a qilganmisiz, – deb savol berganimda, u kishi yuzimga istehzoli tikilib:

– Qo‘ying domla, kitob ham sovg‘a bo‘larmidi, – degan edi.

Negaki, o‘sha payti oddiy qishloq qizi ko‘p kitob o‘qiganligi uchun mashina egasi bo‘ladi, desa hech kim ishonmasdi, ishonolmasdi. Tanlovni ko‘rib, deyarli barchamiz bunga ishondik va hayratlandik.

Yana o‘qing:  Osiyo va Ovro‘pani bog‘lagan ko‘hna kent

Yaqinda maktabda o‘tkazilgan kitob yarmarkasini kuzatib, ko‘zim quvnadi. Xabarni eshitgan ota-onalar “gurros-gurros” maktabga kelishib, farzandlariga kitob xarid qilishdi.

Barcha yutuqlarning kaliti bilim va badiiy tafakkurda. Kitobga oshno kishidan esa hech vaqt yomonlik chiqmaydi.

 

Abdunabi ABDIYEV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: