Jonlarga jondosh yaxshi odamlar

 “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi respublikamiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda tashkil etilgan nodavlat va notijorat xalqaro tashkilotlardan biri sanaladi. Jamg‘arma mustaqil jamoat tashkiloti bo‘lib, 1993 yil 23 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov farmoniga binoan tashkil topgan.

Fondning asosiy maqsad va vazifalari – jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, ruhan tetik farzandlar tarbiyalash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilalarda sog‘lom avlod tug‘ilishini ta’minlashdan iborat. Markaz mana 25 yildirki, yurtimizda bemor bolalar salomatligini tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, xorijiy hamkorlar ko‘magida bemor bolalar chet elda davolanmoqda. Shuningdek, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida jarrohlik amaliyoti bilan shifo topmoqda. Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyini sarhisob qilsak, 43 nafar bemor bola muvaffaqiyatli operatsiya qilindi.

 

– Yigirma besh yildan buyon “Sog‘lom avlod uchun” fondi bilan hamkorlik olib borayapmiz, – deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi oliy toifali shifokori, jarroh Doniyor Pirnazarov. – Jumladan, tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarni operatsiya yo‘li bilan davolayapmiz. Bolalarning hayotga bo‘lgan intilishi, quvonchini ko‘rib, tanlagan kasbimdan faxrlanib ketaman. Bemor bolajonlarning salomatligiga qayg‘urayotgan fond rahbariyati ham yuksak e’tirofga loyiq. Kelgusida ham fond bilan hamkorlikni davom ettirib, bemor bolalarga sog‘lom hayot ulashishga o‘z hissamizni qo‘shamiz.

 

Xalq dardi bilan yonib yashash oliy fazilatdir. Vatan mehri, e’tibori va ehtiromida ulg‘ayotgan farzandlar yurt istiqboliga kamarbasta bo‘lishi, shubhasiz.

 

Nevarali bo‘lishni uzoq yil kutganmiz, – deydi xorazmlik Bahoroy Olimboyevaning bobosi Olimboy Sabirov. – Duolarimiz mustajob bo‘lib, 2013 yil nevaram Bahoroy tug‘ildi. Oilamizga yanada fayz kirdi. Yangi mehmon ota-onasi ayniqsa, mening ovunchog‘im bo‘ldi. Avvaliga sog‘ligida muammo bo‘lmadi. Olti oylik bo‘laganida oilaviy shifokorimiz nevaramni ko‘rikdan o‘tkazib, unda tug‘ma yurak nuqsoni borligini aytib qoldi. O‘zimizning shifokorlar bolani poytaxtga olib borishni tavsiya qilishdi. Moliyaviy yetishmovchilik sabab, qarindoshlardan qarz so‘rash niyatida yurgan paytimiz qo‘shnim poytaxtdan kelgan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi shifokorlari bolalarni bepul ko‘rikdan o‘tkazayotganini aytib qoldi. Markaz shifokorlari kasallikka aniq tashxis qo‘yib, nabiramni Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasiga olib borishimni, u yerda barcha amaliyot fondning hisobidan bo‘lishini aytishdi. Zudlik bilan poytaxtga keldik. Bahoroy bu yerda qayta tekshiruvdan o‘tdi. Operatsiyadan so‘ng nevaram sog‘lom holda bag‘rimizga qaytdi.

– 2010 yil o‘g‘lim Asilbek Akromov tug‘ildi, – deydi Farg‘ona viloyatidan Akmaljon Mirzayev. – Tug‘uruqxonada bolamda tug‘ma yurak nuqsoni borligini aytishdi. Ayolim homilador paytida ko‘p gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar bilan xastalangan edi. Bolamizdagi dard shundan paydo bo‘lgan ekan. Farzandimni poytaxtga olib bordim. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi shifokorlari Asilbekni ko‘rikdan o‘tkazgach, jarrohlik amaliyoti zarurligini aytishdi. Imkoniyatimni tushuntirgan edim, shifokorlar “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondiga qo‘ng‘iroq qilib, meni ro‘yxatga olishlarini so‘radi. Operatsiyagacha tekshiruvlar, davolashlar fondning ko‘magi bilan amalga oshrildi. Jarrohlik amaliyoti ham a’lo darajada bo‘lib o‘tdi. Hozir bolam hovlimni to‘ldirib yugurib yuribdi. Biz kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ko‘rsatilayotgan beminnat yordam uchun fond xodimlariga katta rahmat aytaman.

 

Yana o‘qing:  Qutlug‘ qadamjo

Ota-onalar bilan suhbatlashish jarayonida ularning dil so‘zlarini tinglab, fond olib borayotgan xayrli ishlar bardavom bo‘lishini tiladik. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi. Xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi”.

 

Dildora FAYZIYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: