JASORAT AYOLGA BEGONA FAZILAT EMAS

Kunlar isib bahorning mayin nasimi kishiga huzur bag‘ishlasada, qishning so‘nggi izg‘irinlari hali-hanuz Qamchiq dovonida hukmron. Favqulodda ishi sabab sahar uyg‘onishga odatlanib qolgan Nazira opa derazadan tashqariga mo‘ralaydi.

Bugungi tong kechagidanda farahbaxsh va tarovatli. Harbiy ayol toshoynaga qarab soch turmagini ohistagina tuzatib, kamon qoshiga surma surdida, o‘ziga yarashgan libosini yana bir bor tuzatib, endigina xonasidan chiqaman deganda bexosdan qo‘ng‘iroq jiringladi. Ayol ohista go‘shakni oldi – Labbay! Go‘shak ortidan ovoz keldi “Nazira opa soat oltiga yig‘ilish tayinlandi”. Xabarni eshitgan zamon harbiy ayol zudlik bilan otryadga, so‘ng topshiriq olgach Qamchiq dovoniga jo‘nab ketadi.

Nazira opa dovon tomon ketar ekan, nima bo‘lsa tinchlik bo‘lsinda, deya xavotirlandi. Beixtiyor ish faoliyatida ro‘y bergan baxtsiz hodisa ko‘z o‘ngidan bir-bir o‘ta boshladi. Hamon yodida… 2005 yillar edi. O‘sha kezlarda yuz bergan qor ko‘chkisi oqibatida dovonda ko‘pgina kishi jabr ko‘rgan. Havoning sovuq nafasi ikki kishining qattiq sovuq olishiga sabab bo‘lgan edi. Vaziyat og‘ir. Ammo, jasur ayol sarosimaga tushmay, bilimi va tajribasiga tayanib jabr ko‘rganlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatib hayotga qaytara oldi. Voqealar ko‘z oldidan o‘tar ekan, qalbini birdan taskin egalladi. Shukurki, hozirda davlatimizning sohaga qartilayotgan e’tibori tufayli bunday noxush voqelar kuzatilmayapti.

Darhaqiqat, Qamchiq dovoni respublikamizning uch viloyatini bir-biriga bog‘lab turuvchi strategik ahamiyatga ega maskan bo‘lib, dengiz sathidan 2200 metr balandlikda joylashgan bu dovon mamlakat hududlari o‘rtasidagi transport aloqasi xavfsizligini ta’minlashda asosiy hududiy bo‘g‘in hisoblanadi. Mazkur hududdan kuniga 15 mingdan 20 minggacha avtomobil o‘tadi.

Ma’lumki, “Qamchiq” qidiruv-qutqaruv otyardining asosiy vazifasi favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda asosiy kuchlar yetib kelgunga qadar aholining xavfsizligini ta’minlash va qidiruv-qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmas ishlarni bajarishdan iboratdir.

Nazira Xudoyberdiyeva ham mana o‘n besh yildirki O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi “Qamchiq” qidiruv-qutqaruv otryadida harbiy xizmatchilar salomatligi yo‘lida xizmat qilib kelayotgan jasur ayollardan.

Dovondan o‘tayotgan transport vositalarining hamda ushbu hudud atrofida istiqomat qilayotgan aholi xavfsizligini ta’minlash, ular salomatligiga qayg‘urish bu yerda xizmat qilayotgan harbiylar zimmasidadir. Nazira opa ham shular safida turib xizmat qilayotganidan mamnun.

Yana o‘qing:  Patronaj hamshirasi xonadonda

– Dovondagi faoliyat juda qaltis va mas’uliyatli. Shunday vaziyatlarda hamisha birinchi tibbiiy yordamni ko‘rsatishga shay holatda turmoq lozim. Noxush vaziyatlar bartaraf etilganda esa yurtdoshlarimizning minnatdorlik so‘zlarini eshitish biz soha xodimlarining ko‘nglini tog‘dek ko‘taradi. O‘z kasbimizga nisbatan faxr hissini sezasiz, deydi mamnuniyat bilan qahramonimiz.

Nazira opa ayol bo‘lishiga qaramasdan zabardast qutqaruvchi yigitlar qatorida ob-havoning har qanday sharoitida favqulodda vaziyatlarda odamlarga yordam berishga shoshiladi.

Yilning yarmini Qamchiq dovonida o‘tkazishga majbur bo‘ladigan Nazira opa atrofidagilar e’tiborida va e’zozida. 2015 yil Vatan himoyachilari kuni arafasida bir guruh harbiylar qatorida Prezidentimiz farmoni bilan shifokor opamiz ham “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi.

Go‘zal, nazokatli, dilbar ayollar haqida so‘z ocharkanmiz, ularning fazilatlarida mardlik, jasorat, tantilik xislatlarini e’tirof etsak arziydi. Buni Nazira opaning hayoti misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Ayollarimiz oila qo‘rg‘onida oqila bo‘lish bilan birgalikda bir vaqtning o‘zida yurt xizmatida ham kamarbastadir. Ushbu qurg‘onda voyaga yetayotgan farzandlar esa kelajakda xuddi onalari kabi mehribon, fidoyi va albatta vatanparvar bo‘lib voyaga yetishishsa ajabmas.

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: