Izlanishlar e’tirofga zamin yaratadi

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagilar Halima Ergashevani yaxshi tanishadi. Yigirma yetti yildan ziyod vaqt mobaynida yoshlarga rus tili va adabiyoti fanidan saboq bergan, ayni vaqtda tumandagi 2-ixtisoslashgan maktab internatida faoliyatini davom ettirayotgan tajribali o‘qituvchi bugun el e’zozida.

– Bolalarda yaxshi xislatlarni, bilim olishga intilishni shakllantirmoq lozim, – deydi pedagog kasbi yuzasidan so‘z ochar ekan. – Baxtli kelajakka poydevorni har bir inson ilm o‘rganish, o‘z ustida izlanish orqali qo‘yadi. Maktab esa bola qalbida yaxshilik urug‘ini jo aylashda eng muhim vosita hisoblanadi.

Darhaqiqat, maktab – muqaddas dargoh. Bu yerda o‘quvchi bilim olibgina qolmay, balki zarur bo‘lgan hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirib boradi. Halima Ergasheva dars jarayonida o‘quvchilarning qobiliyati va iqtidorini inobatga oladi. Pedagogning aytishicha, har bir bola o‘ziga xos qobiliyat egasidir. Undagi iqtidorni rivojlantirish esa o‘qituvchi tajribasiga bog‘liq.

Qahramonimiz o‘quv mashg‘ulotlarining qiziqarliligini ta’minlash maqsadida dars berish jarayonida topishmoqlar, turli o‘yinlar, qiziqarli savollar, mavzuga oid topshiriqlar, iboralar, boshqotirmalar, krossvordlardan unumli foydalanadi. O‘quvchi topshiriqlarni bajarish chog‘ida, shuningdek, ijodiy ishlarida yuqoridagi vositalardan foydalanib borishi, xorijiy tildagi so‘zlarni xotirasida tez saqlanib qolishiga yordam beradi. So‘z o‘yinlari va iboralarni qo‘llash asnosida so‘zlarning antonim va sinonimini bilib oladi va bir vaqtning o‘zida gap mazmunini anglaydi. Unda ifodalab berish qobiliyati shakllanadi. Eng asosiysi, o‘quvchi ularni so‘zlashuv chog‘ida to‘g‘ri qo‘llay biladi.

Tajribali pedagog eshit va yoz uslubidan qochgan holda saboq beradi. Uning dars soatlarida o‘quvchi bevosita ishtirok etib, boshlovchi, baholash mezonida hay’at, sahnalashtirilgan ko‘rinishning bosh qahramoniga aylanadi. Bu o‘quvchida fanga nisbatan qiziqishning uyg‘onishiga, tilni oson o‘rganishga, shuningdek, o‘quv darslarining samarali bo‘lishiga zamin yaratadi.

Mohir pedagog Halima opaning aytishicha, bilim sog‘lom fikr bilan hamohang bo‘lmog‘i lozim. Pedagogning tahlillari shuni ko‘rsatadiki, hattoki eng qiyin topshiriq va vazifalarni ham noan’anaviy usullar orqali o‘quvchilarga oson o‘rgatish mumkin. Pedagogning o‘quv darslariga bu tarzda yondashuvi o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatdi va pedagogning dars o‘qitilish tizimi ommalashtirildi. O‘zining qizg‘in g‘oyalari bilan to‘lib-toshgan tashabbuskor ustoz tuman o‘qituvchilariga o‘z tajribasini o‘rtoqlashmoqda.

Inson faoliyati ezgu g‘oyalar bilan sug‘orilgan bo‘lsa bilingki, bu harakat beqadr qolmaydi. Halima Ergasheva o‘zining kasbiy faolligi uchun 2010-yilda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Xalq ta’limi a’lochisi ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi. Zero, o‘z kasbiga mehr va fidokorlik insonni hamisha yuksak marralar sari yetaklaydi.

Яна ўқинг:  Бюджет маблағлари – қатъий назорат остида

Ma’rifat TOLIPOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: