«Ijtimoiy diplomatiya» bizga nima beradi?

Odamlarning amaldagi qonunlarni yaxshi bilmasligi haqida gap ketganda ko‘pincha davra suhbati, ilmiy-amaliy anjuman, muloqot yoki ommaviy axborot vositalarida chiqishlar ko‘rinishidagi an’anaviy targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari sonini yanada oshirish zarurligi ta’kidlanadi. Lekin aholi axborotga bo‘lgan ehtiyojini allaqachon internet, xususan, ijtimoiy tarmoqlar vositasida qondirayotgani kundek ravshan bo‘lib turgan bir paytda axborot siyosatiga bu kabi eskicha yondashuv o‘zimizni aldash emasmi?!

Bugungi odamlar, ayniqsa, tadbirkorlar va yoshlarning harakatchanligi, g‘ayratini ko‘rib, hayrating oshadi. Ular real hayotda ishni, o‘qish-izlanishni, ishbilarmonlikni, yangiliklar yaratishni qoyillatgani yetmagandek “Feysbuk”, “Telegram”, “Instagram”, “Tvitter” singari virtual ijtimoiy tarmoqlarda hayotidagi o‘zgarishlar haqida xabar berishga, tevarak-atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalarga tezkorlik bilan munosabat bildirishga ham ulgurmoqda. Muhokama mavzulari turfa – farzandining tishi tushganidan tortib, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning odamlar hayotiga ta’sirigacha…

Qonunlarga kelsak, xo‘sh uni kim yaratadi? Kim ishlab chiqadi? Tabiiyki, xalqning davlatdagi ishonchli vakillari – parlamentariylar (bunda tegishli davlat idoralari mutaxassislari hamda ekspertlar ishtirokini istisno etmaymiz). Prezidentimiz tomonidan shaxsiy javobgarlik va mas’uliyat bugungi kunning dolzarb vazifasi sifatida belgilangan ekan, qonunlarni xalqqa oddiy, jaydari tilda tushuntirib berish deputatlarimizning bevosita ishi emasmi?! Bu bilan mavjud vaziyat talabga javob bermaydi, degan populistik qarashdan mutlaqo yiroq bo‘lganimiz holda yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish fursati yetganini qayd etmoqchimiz, xolos.

Bitta statistika: Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun shu kungacha 500 dan ortiq farmon va qaror qabul qilingan. Demak, kuniga o‘rtacha ikkita-uchtadan hujjat e’lon qilinmoqdaki, bu o‘z-o‘zidan amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni, eng asosiysi, jamoatchilikni xabardor etish tizimiga yangi mexanizmlarni tatbiq etishni taqozo etadi.

Lekin bugun mamlakatimizning yarim aholisi ijtimoiy tarmoqlarda “o‘tirganiga” qaramasdan siyosatchilarimizni bu yerda kam uchratamiz. Bunga virtual olamning mazkur shakli ayrimlar tomonidan “ommaviy madaniyat”ning mahsuli, ko‘ngilochar vositadan boshqa narsa emasligi bot-bot takrorlanib kelishi sababdir, ehtimol. Dunyo amaliyoti buning aksini ko‘rsatmoqda. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Deputat xalq noibi ekan har qanday qulay vaziyatda saylovchilar bilan muloqot qilish, ularning muammo va tashvishlari bilan qiziqishi, kerak bo‘lsa, ularni hal etish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni parlament kun tartibiga olib chiqishi kerak emasmi?! Yoki parlamentda muhokama etilayotgan qonun loyihalari bo‘yicha, amaldagi qonunlarning joylarda qanchalik ijro etilayotgani bo‘yicha elektoratning fikrini o‘rganishda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish qo‘l kelishini anglab yetmaganmi?! Nega endi biz dunyoni anglashning eng tezkor, qulay, ixcham, hammabop vositasiga aylangan ijtimoiy tarmoqlarda qonunlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlarni targ‘ib qilmasligimiz, davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini ochib beradigan chiqishlar qilmasligimiz kerak?!

Yana o‘qing:  RAQAMLAR OLAMIGA SAYOHAT

Davlatimiz rahbari tomonidan deputat va senatorlar oldiga ijtimoiy tarmoqlardan o‘z sahifasini ochish vazifasining qo‘yilgani keng jamoatchilik tomonidan xayrixohlik bilan kutib olindi.

– Prezidentimiz ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar mamlakatimiz taraqqiyotini ta’minlashda yangi davr boshlanganini bildirmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Yormamat Xoliyorov. – Men Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida partiya faollari va aholi vakillari bilan uchrashuvlarda davlatimiz rahbari tomonidan xalq turmushi farovonligini ta’minlashdagi ushbu dadil qadamning ahamiyati va rolini tushungan holda mas’ulligim va javobgarligimni ta’minlashda yanada faol bo‘lishim zarurligini anglayapman.

– Ijtimoiy tarmoqlarda siyosatchilarning bo‘lishi bugungi kunning talabi, – deydi “Tvitter”ning faol foydalanuvchilaridan biri, toshkentlik Amrullo Fayzullayev. – Ulardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu – siyosatchi va saylovchi, davlat xizmatchisi va xalq o‘rtasida jonli muloqotni tashkil etish. Natijada ular xalqqa yaqinlashadi, qilayotgan ishlarini quruq rasmiy xabarlar orqali emas, barchaga tushunarli tilda bayon qiladi.

– Men xorijlik ko‘plab taniqli siyosatchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini kuzatib boraman, – deydi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi Amin Shirov. – Davlatimiz rahbari deputat va senatorlar oldiga ham shunday vazifa qo‘yganini eshitib, ularga beriladigan savollarni yig‘ib qo‘ydim.

Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan milliy parlamentariylarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan faol foydalanishi bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar mamlakatimizda fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Behzod Bozorov,

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: