Hunarga havas, maqsadga harakat yetkazur

No'monjon va Botirjon qalin do'st. Har kuni ikkalasi birga maktabga borishadi, hattoki bir partada o'tirishadi. Fanlarni a'loga o'zlashtirgani bois ularga ko'pchilikning havasi keladi. No'monjonning dadasi qo'li gul usta bo'lib, mahalla-ko'yning oldi hisoblanadi. Ustaning qo'lidan o'tgan ne-ne eshik-romlar har bir uyga chiroy bag'ishlash bilan bir qatorda, shu xonadon egalariga uzoq yillar beminnat xizmat qilmoqda.

Mohir ustaning qo'lidagi arra va randa ishga tushganida yog'ochga jon kirishini ko'rgan bolakaylarning bu hunarga havasi ortganidan-ortgan.

Yog'och ustaxonadagi dastgohning «g'irillashi» bilan ustaning yoniga yugurishgan ikki do'st ham mohir ustaning ishlariga yordamga oshiqadi. Hatto kichik taxta bulaklaridan birgalikda yasagan buyumlarni No'monjoning dadasi ko'p bora maqtagan. Bu gaplardan ko'ngli tog'dek ko'tarilgan do'stlar ustachilik kasbining sir-asrorini yanada chuqurroq o'rganishga intilishadi. Eshik va romlar uchun tanlanadigan taxtaning qalinligi va bir o'lchamda tekis bo'lishi barobarida uning pishiqligiga ham e'tibor berish zarur. Chunki, sifati yaxshi bo'lgan taxtadan albatta pishiq va ko'rkam mahsulot tayyorlanishi barobarida havoning issiq va sovuqligiga birdek chidamli bo'ladi. Ustaning halol mehnatning noni shirinligini bot-bot eslatib turuvchi o'gitlarini jon qulog'i bilan tinglayotgan bolakaylar unga amal qilishga intilishadi. Ularning chaqqonligi, izlanuvchanligi tanlagan kasblarida qo'l kelmoqda. Buni qarangki endilikda kichik yordamchilarning vazifasi ustaga ko'maklashish barobarida shu hunarni egallashdan iborat bo'lib qolgan. Botirjoning qushlar uchun yasagan uychasi No'monjon o'rnatgan eshik va kichik deraza bois shunchalik ko'rkam ko'rinishga ega bo'ldiki, hatto mohir ustaning ko'zlari quvonchdan porlab kichik shogirdlarini bag'riga bosib, peshonasidan o'pib qo'ydi.

Darslar tugab, yozgi ta'til boshlangani bolalar uchun ayni muddao bo'ldi. Ularning yozgi oromgohdagi dam olishlari ham aynan shu hunarga bog'liq bo'ldi. Ular oromgoh etagidagi daraxtlarga qushlar uchun maxsus in yasab osib qo'yishdi. Kechki payt bejirim uyalariga qo'nib «vijir»layotgan qushlar o'z tilida bolalarga rahmat deyishayotgandek edi.

Ha, «Bo'lar bola boshidan ma'lum», – deydi dono xalqimiz. Ikki qadrdon do'stning behudaga ko'cha changitib yurmasdan foydali ish bilan shug'ullanayotganidan nafaqat ularning ota-onalari, balki butun mahalla-ko'y mamnun. Chunki, mahalla bolalariga ibrat qilib ko'rsatilayotgan bolakaylarning ortidan ergashib ustaxonaga yo'l olayotgan tengdoshlarining soni endilikda o'n nafardan ortib ketgan. No''monjonning dadasi bo'lsa izlanuvchan shogirdlari safi kengayayotganidan mamnun.

Яна ўқинг:  ERTAKLAR OLAMI

Nurbekjon TO'XTANIYOZOV,

«Nafis g'unchalar» to'garagi a'zosi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: