Hayot ganjida durri bebaho

“Dunyoda har qaysi kasb-hunarning o‘ziga xos o‘rni, ahamiyati va qadr-qimmati bor. Ammo ularning orasida eng ulug‘i va sharaflisi, bu – o‘qituvchilik kasbidir. Chunki muallim har birimizga saboq beradi, aql-idrokimizni yuksaltiradi, hayot ilmini o‘rgatadi. Zahmatkash ustoz-murabbiylarning mehnati va tarbiyasi tufayli qalblarimiz poklanadi, dilimizda olijanob insoniy fazilatlar kamol topadi”.

Islom KARIMOV

1

Navbatdagi darsga kirish qo‘ng‘irog‘i chalindi-yu, hozirgina bolalarning quvnoq ovoziga to‘la maktab yo‘lagi suv sepgandek tinchidi. Mana bu eshigi qiya ochiq xonada birinchi sinf o‘quvchilari ekrandagi ertak qahramonlariga jo‘r bo‘lib ingliz tilida qo‘shiq kuylashayapti. Zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan ikkinchi xonada esa maktab “oqsoqol”lari – bitiruvchilar informatika darsida. Kimyo, fizika, biologiya laboratoriyalari ham gavjum. O‘qitishning ilg‘or texnika vositalari bilan jihozlangan boshqa xonalarda ham navbatdagi dars soatlari davom etmoqda. Yosh avlodga istiqlol hadya qilgan imkon tufayli ko‘z o‘ngimizda yangicha qiyofa kasb etgan ko‘p minglab bilim maskanlaridan biri bo‘lgan qadrdon ish joyim zallari bo‘ylab borarkanman yonginamdan ovoz eshitildi:

– Ustoz, bir daqiqaga mumkinmi?

Yalt etib qarayman, o‘tgan asrning yetmishinchi yillari oxiri, endigina o‘qituvchilik faoliyatini boshlagan davrimda saboq bergan shogirdlarimdan biri kulimsirab turardi. Salom-alikdan so‘ng hol so‘rashdik:

– Anchadan beri qorangni ko‘rsatmay qo‘yganding. Maktabni bir aylanay debsan-da?

– Ustozlarni bayram bilan tabriklab qo‘yay, deb kelaverdim.

Shiringina entikib ketdim, darvoqe, ertaga bayram, bayram bo‘lganida ham uncha-munchasi emas – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni!..

Dilimni asir etgan quvonch sururi yetovida, xayolning uchqur otiga otlanib, olis va yaqin o‘tmish xotiralariga g‘arq bo‘ldim…

2

Adashmasam bu voqealar ming to‘qqiz yuz sakson birinchi yil kuzida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda hukumatning qarori bilan oktabr oyi birinchi yakshanbasi o‘qituvchilar kuni deb nomiga e’tirof etilgan, aslida esa…

Safar domlani tag‘in yig‘ilishda tuman rahbari o‘sal qildi, bayram bahona tabrik eshitaman deb kelgan edi, ustiga ta’na-dashnomlar tog‘larning zalvorli toshi yanglig‘ yog‘di…

Domlaning fig‘oni falakka chiqdi, ichini it tataladi, “nomardlar hali aqalli suyagi qotmagan mushtumdek besh-oltinchi sinf o‘quvchilarini ham ota-onasining bag‘ridan yulib olib, qariyb yuz chaqirim masofaga uloqtirishgani yetmaganday, “bolalar sovuq qotishmayaptimi, oziq-ovqatining tayini bormi”, deb hol-ahvol so‘rash o‘rniga nuqul zug‘um qilishgani-qilishgan. Molxonaga o‘xshagan dala shiyponi vayrona bo‘lib yotibdi, biron derazasida oyna yo‘q. Tuni bilan sovuqda qaqshab chiqqan bolaning qo‘li paxtaga borarmidi?”.

Яна ўқинг:  ДАРЁ УМР

Bariga etak siltab, tuman markazidan uyiga jo‘nab yuboray desa, bolalarning holi nima kechadi, qolaversa, yarim tun, yetmish chaqirim masofaga nima bilan boradi?! Rosti, shiyponga o‘tsa ham bo‘ladi-yu murg‘akkina o‘g‘il-qizlarning jovdirab turgan ko‘zlariga ko‘zi tushishidan yurakzada bo‘lgan. Faqat bir narsa qalbiga ovunch bag‘ishladi, “har holda hali poyu-piyoda shiyponga borgunimcha xo‘rozlar bir-ikki qichqirib ulgurishadi, kun bo‘yi egat oralagan bolalar shirin uyquda yotishganida astagina o‘qituvchilar joylashgan uychaga kirib olarman”…

Tun allamahal. Tuman markazidan qaytgan domlaning uyqusini buzmay, tongning etagi oqargandan o‘quvchilarni paxta dalasiga haydaymiz, “hali, bayram dasturxoni boshida suhbatlarini olarmiz”.

O‘quvchilarga biriktirilgan o‘qituvchilar maslahatlashib, shu kun bayram sha’niga palov damlab, bolalarni bir-ikki soat daladan erta qaytarishga qaror qilgandik.

Havo erta soviy boshlagani uchun shiyponning kungay betiga chiqib gazeta varaqlayotgan Safar domla qilgan ishimizni maqulladi:

– To‘g‘ri qilibsizlar, axir o‘quvchilar ham o‘z ustozlarining bayrami bor ekanligini his qilishsin-da.

Yaxshi kayfiyat bilan dasturxon atrofiga to‘planganimizda tashqaridan cho‘zib-cho‘zib mashina signali chalindi. Davradagilarning eng yoshi kichigi bo‘lganim uchun xabar olishga chiqdim. Tuman firqa qo‘mitasining zahil yuzli, serzarda ikkinchi kotibi minib yuradigan xizmat moshinasini ko‘rib, hafsalam pir bo‘ldi.

– Sen ham o‘qituvchimisan, – kabinadan tushushni ham istamay o‘shqirdi ikkinchi kotib.

– Ha, – bilmadim, ehtimol ovozim ham chiqmagandir.

– Yoshi kattaroq o‘qituvchi bo‘lsa, chaqirib chiq.

Ichkaridan bizning muloqotimizni eshitib turgan direktorimiz bir hovuchgina bo‘lib, yugurib chiqdi.

– Keling, katta bova, bayram qilayotgandik…

– Qanaqa bayram, bugun bayram borligini bilmayman, o‘quvchilar paxta termay nima qilishayapti?

– Bugun o‘qituvchilar kuni edi, shunga bir-ikki soat…

– Sizga kecha eshitgan dashnomlaringiz kor qilmaptida, hoziroq hammani dalaga chiqarib, “raykom“ga yetib boring, masalangizni byuroda ko‘ramiz.

Ikkinchi kotibning moshini zarda bilan shiyponni changga botirib ketdi. Bizning, qolaversa, o‘quvchilarning oldida mulzam bo‘lganidan tag‘in ham kichrayib ketgan direktorga yuragim achishdi, ammo nachora…

O‘shanda qariyb yarim asrlik partiya a’zosi bo‘lgan rahbarimiz arzimagan ikki soat uchun ko‘pchilik oldida izza qilinib, hisob varag‘iga yozish sharti bilan “qattiq hayfsan”ga “sazavor” bo‘ldi. Shunday qilib intiq bo‘lib kutilgan bayram boshqa kunlardan ham dilxiralik bilan yakun topdi…

Яна ўқинг:  Kitobga mehr – hayotga zavq

3

O‘qituvchilar va murabbiylar kuni arafasida yuqoridagi voqeani bejiz eslamadim. Bayramlar bayrami (dono xalqimiz “ustoz otangday ulug‘” deb hikmat sochar ekan, uning bayrami ham shunday e’zozga loyiq) va unga eskicha munosabatni ko‘z o‘ngimizda tiklash, bugungi voqelik qadr-qiymatini yorqin namoyon etadi. Ha, bugun o‘qituvchilik mamlakatimizda eng ardoqli, eng ehtiromga loyiq kasbga aylanib borayapti. Istiqlolning ilk odimlaridanoq Yurtboshimiz har yilning 1-oktabr kunini “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” sifatida nishonlash, haftaning qaysi kuniga to‘g‘ri kelishidan qat’iy nazar, dam olish kuniga aylantirish to‘g‘risida Farmon berdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, shuni alohida ta’qidlash kerakki, haligacha biron davlatda ta’lim-tarbiya ishi jonkuyarlari bayrami bu darajada – mamlakat miqyosida nishonlanmayotgan bo‘lsa kerak.

Muallim qadr-qimmatining bu qadar sarbaland etilishi oddiy ammo sharafli kasb egalarining diliga naqadar quvonch bag‘ishlagani isbotini bundan o‘n bir yil muqaddam Qashqadaryo viloyat teatrida o‘qituvchilar va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanalarda so‘z berilganida hayajonlanganidan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan shahrisabzlik yetmish besh yoshli onaxonning ko‘z yoshlarida ko‘rgandim:

– Bolalarim, shunday shodiyona kunda to‘kayotgan ko‘z yoshlarimni sevinch ko‘z yoshlari deb qabul qilinglar, – degandi birozdan so‘ng hayajonini bosib olgan onaxon.

– Oltmish yil o‘qituvchilik qilib, shunday hurmat-ehtirom ko‘rganim qancha urinmay yodimga tushmaydi. Sobiq Ittifoq yillari nomigagina nishonlangan kasb bayramimiz paxta yig‘im-terimi soyasida qolib, shunday kun borligini hatto o‘zimiz ham sezmay qolardik.

Onaxonning so‘zlarini eslar ekanman, xayol tuzog‘i meni yana olis-yaqin xotiralar silsilasiga boshlaydi… Hali suyagi qotib ulgurmagan oltinchi sinf o‘quvchisi. Sovuqdan, har kuni necha ming bor chanoqqa egilib-bukilganidan barmoqlari tars yorilgan, ota-ona issiq bag‘ridan mosuvo etilgan o‘spirin aybdorona bosh egib turibdi. Domlasining:

– Hech qursa yegan-ichganingni qoplasang bo‘lmaydimi, – degan zug‘umidan qaddi bukilgan…

… Navbatdagi tanaffusga chalingan qo‘ng‘iroq meni xayol tuzog‘idan ozod etadi. Bir zumda tevarak-atrofimni o‘qish-o‘rganishdan boshqa tashvishni bilmagan o‘quvchilarim qurshab oladi:

– Bayramingiz muborak bo‘lsin, uztoz!..

Abdunabi ABDIYEV,

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: