Har daraxt bargi bir dunyo hikoya

Bog‘lar qiyg‘os gulda

 

Bog‘lar qiyg‘os gulda – yaxlit bir chaman,

Har daraxt anvoi bir tarovatda.

Bir kaft bog‘ mehnatu hosilga vatan,

O‘zga ko‘rk, o‘zga rang har bir daraxtda.

Har navda bir gulda, har gulda bir ro‘y,

Har daraxt bargi bir dunyo hikoya,

Har birin hosili o‘zgasiga ko‘rk,

Biri-biri uchun qudrat, himoya.

Vatanim ko‘zimda: qay burchi aziz,

Bilmam, qayda tole serzavq, serjilo?

Yalpi to‘lishadi bedaxl yurtimiz,

Naq har qarichi dil, jon tomir go‘yo,

Bir qardosh tinchisiz – o‘zga beorom

Birining nonisiz – o‘zga emas to‘q…

Bu – qadim dunyoda yangi bir olam,

Bunda orqa tog‘siz bir tirik jon yo‘q.

Tayanch bo‘lmasaydi odamzod albat,

O‘zi kashf etardi, kashf etganday baxt.


 

Har yili kelinchak bahorning ilk kuni – 1-mart xalqimiz tomonidan katta quvonch va shodiyonalar bilan kutib olinadi.

Negaki shunday ulug‘ kunda yurtimizning suyukli shoirasi, vafo va sadoqat timsoli bo‘lmish Zulfiyaxonim tavallud topgan.

 

Bu nazm bog‘iga kirolmas xazon,

Bizni mahf etolmas

zavol ashkari.

Men ketsam mung‘aymas umrim

hech qachon,

Bu bog‘lar bir bog‘lar bo‘ladi hali,

 

deb yozgan edi Zulfiyaxonim. Darhaqiqat, ustozning ijodiy bo‘stoni hamon gurkirab, yashnab, yuraklarda erta bahordan kurtak yozadi. Kamalakdek rango-rang she’rlar insonning qalbini jilolantirib, go‘zal bir ohang baxsh etadi. Bu ohangda bir ayolning sog‘inch-u dardlari, armonlari, nozik tuyg‘ulari mujassam.

Umr… Soniyalari nazariga ham ilmay ko‘z ochib yumguncha oxirgi manziliga yetib borganini payqamay qolamiz. Mana shu fursat ichida inson o‘zidan yo ezgu amal yoki yaxshi nom qoldirib ketishi mumkin. Ammo ibratli hayot maktabini yaratib keta olishi naqadar mushkul. Zulfiya Isroilova esa chinakam qahramonlik ko‘rsatib, bugunning xotin-qizlariga ana shunday maktab qoldira oldi. Tunlarni bedor o‘tkazib, har kuni ko‘ngil kechinmalarini qog‘ozga tushirgan shoira yolg‘iz ijoddan taskin topdi. She’riyat yagona maslagi, suyanchig‘i va hayotining mazmuniga aylandi. Men har gal Zulfiyaxonimning she’rlarini o‘qiganimda ana shunday go‘zal tuyg‘ularga g‘arq bo‘laman. Go‘yoki, Zulfiyaxonim yonimda turgandek, hayajondan entikaman. Ijodkorning eng shirin lahzalari qalbining suyuklisi bo‘lgan she’rlarini yaratayotganida bo‘lsa, ne ajab. Zulfiyaxonimning mana shunday baxtli onlariga sherik bo‘lishdek hisni tuyish uchun, uni anglash uchun eng avvalo she’rlarini o‘qish kifoya. Hayot sandig‘ini bebaho ijod javohirlari bilan to‘ldirgan Zulfiyaxonimning umr yo‘li o‘zbek qizlari uchun bamisoli mayoqdek. Undan o‘rganamiz, saboq olamiz hamda munosib izdosh bo‘lish uchun harakat qilamiz. “Gulgun chehralarda yashaydi doim, Sizni, bizni sevgan Zulfiyaxonim”, deya baralla ayta olamiz.

Yana o‘qing:  O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lish taraddudida

 

O‘g‘iloy NE’MATOVA,

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: