Har bir bola bir olam

Bola – o‘zi bir dunyo. Uning toza nigohlarida hayot jilvalanadi. Burro-burro so‘zlashini ko‘rib, qalbingiz nurga to‘ladi. Ularning dunyoqarashi, jajji tafakkuri aqlingizni shoshiradi.

Ha, bola dunyosi juda nozik, o‘zgacha olam. Uning o‘z ichki tartibi, talabi, qoidalari mavjud. Endi, o‘ylab ko‘ring: bolalarga adabiyot yaratish, ularning yoshiga, fikrlashiga mos asarlar yozish qanchalik mas’uliyatli-a?! Uni tadqiq etish esa yanada mashaqqatli. Shu xususda so‘z yuritarkanmiz, Zamira Ibrohimova faoliyatiga to‘xtalmay iloji yo‘q.

U bolalar adabiyotini shunchaki yo‘nalish deb emas, balki ilm darajasiga ko‘tara oldi. 1973-2008– yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida faoliyat olib borgan olima bolalar adabiyoti tarixi, nazariyasi va tanqidchiligini o‘rganib, 1990-yilda “Maktabgacha tarbiya yoshidagi o‘zbek bolalar nasrining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.

Uning 1994-yilda “Kichkintoylar adabiyotining xususiyatlari” nomli monografiyasi nashr qilinib, maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar nasrida taraqqiy etgan janrlardan – ertak va hikoyalar ilmiy jihatdan tadqiq etilib, bog‘cha yoshidagi bolalar adabiyotiga nazariy aniqliklar kiritilgan. Muallif ko‘plab xalq va adabiy ertaklarni an’ana va yangiliklar asosida tahlil etib, ularning ma’naviy-estetik, pedagogik-tarbiyaviy ahamiyatini to‘g‘ri ko‘rsatgan. Kitobda muallif bog‘cha yoshidagi bolalar nasrida yaratilgan qahramonlar, bolalar obrazi, ularning tabiati, ruhiyati, portreti, tabiat tasviri, nutqiy tavsif, individuallik haqidagi nazariy fikrlarini qator taniqli bolalar adiblari tomonidan yozilgan asarlar misolida isbotlay oldi.

Z.Ibrohimovaning “Quvnoqlikka yashiringan iztiroblar” risolasida shoir, nosir, dramaturg Anvar Obidjonning ijodiy mahorati keng qamrovda tadqiq etilgan. Risolada adibning o‘zbek bolalar adabiyotining shakllanishidagi o‘rni, xizmati atroflicha o‘rganilgan. Shoirning quvnoq yumor va chuqur falsafaga yo‘g‘rilgan ko‘plab she’rlari tahlil etilib, doston, qissa va hikoyalaridagi quvnoqlikka yashiringan iztiroblari, xalqimizning tarixi, buguni va kelajagiga bog‘liq muammolar adib tomonidan katta mahorat ila tasvirlanganligi nozik did va zukkolik bilan atroflicha tadqiq etilgan.

Z.Ibrohimova maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar pedagogikasi yo‘nalishida ham mutaxassis sifatida izchil shug‘ullanib kelmoqda. Uning “Kichkintoylarga buyuk siymolar haqida”, “Bolalarni Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi bilan tanishtirish” (rus tilida), “Maktabgacha ta’lim muassasalarida badiiy adabiyot. Mashg‘ulotlar to‘plami” kabi ilmiy-uslubiy kitoblari maktabgacha ta’lim muassasalarida, oliy o‘quv yurtlari va kollejlarda kerakli manba bo‘lib xizmat qilmoqda. U “Durdona” (Bolalar bog‘chalari uchun adabiyot xrestomatiyasi.), “Uchinchi ming yillik bolasi” tayanch dasturi bo‘yicha ertak, hikoya, she’rlar to‘plami”, “Bolajon” tayanch dasturi bo‘yicha badiiy adabiyot majmuasi” tuzuvchisi, ikki jildlik ensiklopediya shaklidagi “Gulgina” badiiy adabiyot majmuasining tuzuvchi-muallifidir.

Яна ўқинг:  Паруазнинг парвози

Z.Ibrohimovaning ta’lim-tarbiya yo‘nalishidagi qator maqolalarida bolalarni milliy ruhda tarbiyalashga, ular qalbida Vatanga muhabbat, ona xalqining shon-sharafli o‘tmishi bilan faxrlanish tuyg‘ularini uyg‘otish va shakllantirishga katta e’tibor qaratilgan. “Kichkintoylarni Amir Temur hayoti va faoliyati bilan tanishtirish”, “Kichkintoy doston tinglamoqda…”, “Vatan tuyg‘usi bolalar ongida qanday shakllantiriladi?”, “Faol kitobxonni tarbiyalash yo‘lida”, “To‘g‘rilikni o‘rganamiz”, “Masallar tarbiya yetakchisi” kabi maqolalari shular jumlasidandir.

Z.Ibrohimova maktabgacha va kichik maktab yoshidagi bolaljonlar uchun badiiy asarlar ham yozadi. Uning qator hikoya va ertaklari gazeta va jurnallarda, to‘plam – “Chashma”, “Uyqu nega xafa bo‘ldi”, “Tish qurti haqida ertak” va “Gulbahorning do‘stlari” alohida kitob shaklida chop etilgan.

Bolalar adabiyoti mutaxassisi sifatida Zamira Ibrohimova doimo bolalar ruhiyati va tarbiyasini shakllantirish kabi savobli ish bilan mashg‘ul bo‘lib kelmoqda. Muallif tayyorlagan kitoblar vositasida bola maktabga tayyorlov jarayonida badiiy so‘zning qimmatini ilk bora barqaror ravishda his etadi. Oila va tarbiya muasassalarida bu kabi to‘plamlardan foydalanish, shubhasiz, bolaning badiiy-estetik tafakkuri kamoliga faol ta’sir ko‘rsatadi, bola ko‘nglida adabiyotga, hayotga, tabiatga, kitobga muhabbatini shakllantiradi. Kitobga oshufta ko‘ngillar esa hech kimga yomonlik tilamay, bilaks Vatanga, yurtga, millatga sadoqat, o‘z eliga nisbatan g‘urur, faxr hislari bilan yashaydi.

Z.Ibrohimovaning ilmiy va ijodiy faoliyati bolalar adabiyotini chin dildan sevishiga, bu adabiyotning kelajagiga, uning haqqoniy amaliy-tarbiyaviy ahamiyatiga katta umid bilan qaraydigan jonkuyar inson ekanligini tasdiqlovchi dalildir. Zamira opa bolalarning ijodiy fikrlash qobiliyatini o‘stirish usullarini kengaytirishga diqqatini qaratib, doimo shu maqsad yo‘lida izlandi. Uning hayotdagi asosiy shiori, maqsadi, niyati “Bolani shaxs sifatida hurmat qilish”dir. Avvalo, shaxs o‘zini, o‘zligini taniydi. Shaxs bo‘lib shakllangan, kamol topgan bola esa millatning, yurtning faxri bo‘lishi aniq. Bolalar tarbiyasida adabiyotni muhim omil deb bilgan va shu yo‘lda tinmay mehnat qilayotgan Zamira Ibrohimovadan jahon andozalari asosidagi muhim manba bo‘lib xizmat qiladigan ko‘plab qimmatli kitoblar, to‘plamlar, manbalar kutib qolamiz.

Sanobar TO‘LAGANOVA,

filologiya fanlari nomzodi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: