Ham ilg‘or, ham iste’dodli

Bugun mamlakatimiz yoshlari erishayotgan yutuqlar barchamizning qalbimizga faxr va iftixor tuyg‘ularini jo etmoqda. Albatta, erishilayotgan muvaffaqiyatlar davlatimiz tomonidan ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasidir.

Bizning Urgut iqtisodiyot kollejimizda yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanib, o‘z iqtidorini to‘la namoyon etishga intilayotgan ko‘plab yoshlar tahsil olmoqda. Ushbu bilim maskanimiz 2002-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mana bir necha yildirki, kollej tumandagi xususiy korxonalar uchun kichik mutaxassislar tayyorlamoqda. Hozir bu yerda 38 nafar fan o‘qituvchilari, 52 nafar muhandis – pedagoglar va ikki nafar ishlab chiqarish ta’lim ustalari yoshlarga saboq berib kelmoqda.

Ta’lim dargohida 1915 nafar o‘quvchi moliya, bank ishi, buxgalteriya, tikuv va trikotaj ishlab chiqarish texnologiyasi, soliq va soliqqa tortish, huquqshunoslik, kompyuter tarmoqlarini montaj qilish va ta’mirlash kabi yo‘nalishlarda ta’lim olmoqdalar.

Zamonaviy, qulay va ko‘rkam bu bilim maskanida o‘quvchilarning ilm olishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Har bir fan uchun ajratilgan sinfxonalar zamonaviy o‘quv uskunalari bilan jihozlangan. Kimyo, fizika, biologiya kabinetlari va informatika xonasida yoshlar o‘z bilimlarini mustahkamlab borish imkoniga ega. Kollej Axborot resurs markazi ham belgilangan fanlar bo‘yicha darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlangan. Markaz fondida 7 ming 675 nomdagi o‘quv, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy va badiiy adabiyotlar mavjud bo‘lib, o‘quvchilar ulardan foydalangan holda o‘z bilimlarini mustahkamlab bormoqdalar.

Kollejda o‘quv-uslubiy ishlar ham to‘g‘ri tashkil etilgan. Ta’lim sifatini yaxshilash, har bir darsni qiziqarli o‘tishini ta’minlash maqsadida ilmiy uslubiy kengash belgilangan reja asosida ish olib boradi. Kollejda iqtisodiyot, aniq fanlar, huquqshunoslik, chet tillar, tikuv ishlab-chiqarish texnologiyasi kabi kafedralar faoliyat yuritib, ular fan haftaliklarida o‘z ish rejalari asosida ochiq va namunali darslar tashkil etmoqda. “Murabbiylar kengashi”, “Yosh o‘qituvchilar maktabi” kabi yo‘nalishlarning faoliyati ham ta’lim jarayoniga ijobiy ta’sir etmoqda.

Yoshlarga chuqur bilim berish va kasb sirlarini o‘rgatish ne chog‘lik muhim bo‘lsa, o‘qituvchilarning kasbiy malakasini oshirish ham nihoyatda zarurdir. Shuni inobatga olgan holda kollejda har bir kafedra yig‘ilishlarida o‘qituvchilarga zamonaviy dars o‘tish usullari, pedagogik mahorat, ijodkorlik va izlanuvchanlikni yuksaltirish masalalari yuzasidan ko‘rsatmalar berilib, ilg‘or pedagogik tajribalarni kasbiy faoliyatga tatbiq etishga yo‘l-yo‘riqlar beriladi. Quvonarlisi, bu sa’y-harakatlar ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Яна ўқинг:  Дунё ва саломатлик (2013-48)

Mazkur bilim muassasasida o‘quvchi-yoshlarga bilim berish bilan birga, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ma’naviy dunyoqarishini yuksaltirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yoshlarni qiziqtirgan mavzular bo‘yicha davra suhbatlari, o‘quv guruhlarida esa “Ma’naviy soat” va bir qancha ma’naviy-ma’rifiy, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilib borilishi keng yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, o‘quv maskanidagi 23 ta fan, 7 ta sport to‘garak-mashg‘ulotlari urgutlik yoshlar bilan gavjum.

“Siz qonunni bilasizmi?”, “Ma’naviyatli mutaxassis”, “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi”, “Eng namunali o‘quv guruhi” , “Eng yosh iste’molchi”, “Balli, yigitlar!” kabi turli mavzulardagi ko‘rik-tanlovlar o‘quvchilar bilimini mustahkamlash, ularning iqtidorini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Ana shunday e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasi o‘laroq, kollejda tahsil olayotgan yoshlar orasidan sport, ta’lim sohalarida yutuqqa erishayotgan yoshlar safi kengayib bormoqda. Jumladan, kollej o‘quvchisi, shashka bo‘yicha sport ustasi Mirzabek Rafiyev joriy yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi musobaqada uchinchi, aprel oyida bo‘lib o‘tgan Osiyo birinchiligida to‘rtinchi o‘rinni egallab, O‘zbekiston terma jamoasi safida Fransiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro musobaqada ishtirok etish huquqini qo‘lga kirtdi. Doston Taylonov, Tabassum Suyarovalar esa karate bo‘yicha Osiyo va boshqa bir qator xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.

O‘quvchilarning bunday yutuqlarga erishishida murabbiy va o‘qituvchilarning xizmatlari beqiyos. Zero, bilimli, salohiyatli yoshlarni tarbiyalash ezgu maqsadimizdir.

Akbarxon ASROROV,

Urgut iqtisodiyot kolleji direktori

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: